1

«Vo-o-oy, esimdan chiqibdi...». Xotiramizni mustahkamlaymiz!

SUG'DIYONA 10.01.2017, 11:10
Teglar: Ayol, SUGDIYONA
«Vo-o-oy, esimdan chiqibdi...». Xotiramizni mustahkamlaymiz!

Ishga ketayotib «Dazmolni tokdan uzganmidim?» yoki «Eshikni qulfladimmi?» kabi o`ylarning paydo bo`lishi sizga tanishmi? «Bo`lib turadi-da», demang! Xotira sustlashishi turli kasalliklar asorati bo`lishi va oxir-oqibat jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi ham mumkin. Keling, xotiramiz «dushman»lari va «do`st»lari bilan tanishsak. Nima dedingiz?!

MUTAXASSIS –  oliy toifali shifokor-nevrolog Oybek PARDABOEV.

 

«Eshitganim esimda, ko`rganim yo`q…»

Har bir insonning xotira imkoniyatlari individual ko`rinishda bo`ladi. Aslida, xotiraning ko`ruv, eshituv, harakat bilan bog`liq ko`rinishlari mavjud. Organizmning o`ziga xos tuzilishiga ko`ra kimdadir ko`ruv, kimdadir esa eshituv xotirasi yaxshi rivojlangan. Shundan kelib chiqib, ayrimlar ko`rgan voqea-hodisasini eslab qolsa, kimdir eshitganini so`zma-so`z aytib beroladi.

So`z orqali ifoda etilgan ma`lumot inson miyasida 50 foizgacha saqlanib qoladi. Bordi-yu, xuddi shu ma`lumot so`z, tasvir va harakatlar yordamida ifodalansa, esda qolishi 70-80 foizga etadi. Agar ushbu jarayonda o`zingiz ham ishtirok etsangiz, voqea-hodisa 100 foizgacha esingizda qolishi mumkin.

«Unutib qo`yyapman...»

Xotira zaiflashishi dastlab kichik belgilar bilan nomoyon bo`lib, unchalik ham sezilmaydi. Masalan, telefon raqamlarini unutib qo`yasiz, belgilangan uchrashuv vaqtini adashtirasiz yoki nimanidir bajaraman deb shaylanasiz-u, ammo nima qilmoqchi bo`lganingiz xayoldan ko`tariladi. Garchi bu holatlar qisqa fursat davom etsa-da, xotirangiz sustlashib borayotganidan darakdir.

Xotira zaiflashishi kasalliklar asoratida ham yuzaga kelishini aytdik. Xo`sh, bu qanday bo`ladi? Alsgeymer xastaligi, dimenlashuvchi sklerozlar, bosh miya kasalliklari, bosh miya qon tomirlarining o`zgarishi bilan kechadigan bir qancha holatlar xotiraga ta`sir etadi.

Organizmingiz «norozi» bo`lganida...

Yashash tarzingiz, ish faoliyatingiz, kun tartibiyu dam olish, hatto ovqatlanish vaqtining o`zgarishigacha xotirangizga ta`sir qilishi mumkin. Bu organizmingizning o`zgarishlarga qarshi norozilik javobidir. Demak, yuqoridagi holatlarni tartibga keltirish lozim.

Tashxis qo`yamiz!

Xotira zaiflashishining turli darajalari tafovut qilinadi. Bular, engil, o`rtacha va og`ir ko`rinishlar. Bosh og`rig`i, ko`z oldining tinib ketishi, aqliy faollikning sustlashishi eslab qolish imkoniyatining pasayishi bilan kuzatilsa, turmush tarzingizni o`zgartirib ko`ring. Shunda ham bezovtaliklar o`tib ketmasa, tibbiy tekshiruvlarga talab kelib chiqadi. Ehtimol muammo organizm ichki a`zolaridadir.

Nevrolog, zarur hollarda psixiator mutaxassislar ko`rigi, elektroensefolografiya, reoensefolografiya, exoensefolografiya tekshiruvlari o`tkaziladi. Shu bilan birga, bosh miyani qon bilan ta`minlab beruvchi qon tomirlar holatini o`rganish uchun dyupleks skanerlash, MRT yoki qon tomirlariga kontrast modda yuborilib, tahlil o`tkazish ham mumkin.

«Dori ichamanmi?»

Agar xotira zaiflashishi kasallik ta`sirida bo`lsa, avval asosiy xastalik davolanib, so`ng xotirani kuchaytirishga urg`u beriladi. Faqat bir tomonlama yondashish to`g`ri emas. Organizmingiz soppa-sog`, faqat turmush tarzingiz yoki ruhiy holatingizda muammo bo`lsa, oddiy mashqlar yordamida xotirangizga ko`mak berolasiz.  Ammo har qanday muolaja u xoh dori-darmon bo`lsin, xoh mashg`ulotlar mutaxassis bilan maslahatlashgan holda bajaralishi darkor.

Diqqat: abiturientlar!

Balki ishonmassiz, ammo xotira pasayishi bilan eng ko`p murojaat etuvchi bemorlar abiturietlar ekan. Yil (ba`zilari bir necha yillar) davomida kitobdan boshini ko`tarmay o`qishga tayyorganlik ko`rgan shovvozlar, oxir-oqibat miyani toliqtiradilar. To`g`ri, mutolaa yoki maxsus tayyogarlik dasrlariga diqqat qilish shart. Ammo me`yorda! Bir kunda ikki-uch soatdan oshmasa, ayni muddao. Avtobus, metro yoki tunda ham kitob o`qish, matn yodlash miyani qiynab qo`yadi.

She`rmi yoki tez aytish?

Shoirlikka da`vo qiling demaymiz, lekin xotirani charlaxlashda she`r yozish eng foydali usullardan biri. Kunora to`rt misra she`r yoki kundalik tutib, ko`rgan-kechirganlaringizni yozib boring. Yoki kichik she`rlarni yod oling. Tez aytish ham ayni muddo. ham eslab qolish refleksi yaxshilanadi, ham og`iz artikulyasiya apparatini mashq qildirasiz.

Krossvord tuzishga nima deysiz?

Boshqotirma ishlashdan tashqari mustaqil krossvord tuzib ko`ring. Ma`lumotlarga ko`ra, aynan krossvord ishlab chiqish vaqtida miya faolligi yaxshilanib, eslab qolish imkoniyati ortadi. Boshqotirmaga kiritilgan ma`lumotlar inson xotirasida 10-15 yil saqlanib qoladi.

Rasm chizish

Ayrimlarda ko`ruv xotirasi bilan muammo kelib chiqadi. Buni bartaraf etishda rasm chizish, rang-tasvirlarni bir-biridan farqlash uchun mo`ljallangan kartochkalardan foydalanish mumkin. Mashg`ulotlarni bir haftada bir marta emas, kunora, aniq bir vaqtda (aytaylik soat 11:00 da yoki 15:00 da) bajarish lozim. Shunda chindan ham ta`siri bo`ladi.

Musiqa eshitib turasizmi?

«Ha!» deyapsiz-u, foydasiga qiziqayapsizmi? Unda diqqat qiling. Musiqa tinglaganda ohangni eslab qolish darkor. Quloqchinlarni olgach, musiqa maromi, ohangi va tarona so`zlarini hirgoyi qilishga urinib ko`ring. Avval tez yodda qoladigan qo`shiqlarni eshiting. So`ng jahon klassikasi, mumtoz ashulalarga e`tibor qiling. 10-15 kundan so`ng o`zingiz uchun kichik sinov uyushtiring. Turli janrdagi musiqalardan parcha eshitib, ohangiga mos tarzda davom ettirishga harakat qiling. Shu yo`sinda xotirangiz qay darajada yaxshilanayotganini bilib olasiz.

«Esni kiritadigan» mahsulotlar

«O`rgimchak to`ri»ga qarmoq tashlasangiz ovingiz yurishgandan-yurishadiki, asti so`ramang. «Shokolad, anor, ko`katlar, qorag`at, pomidor, sarimsoq...» bu ro`yxatning davomi ko`rinmaydi. Biroq chindan ham xotirani yaxshilashga asqotadiganlari sanoqligina. Er yong`og`i, yong`oq, bodom va dengiz yong`og`i — mana shu to`rt mahsulotni iste`mol qilsangiz kifoya. Mazkur mahsulotlar tarkibidagi yog` kislotasi xotirani tiklovchi modda ta`sirini oshiradi.  

Har kunlik taomnomada V guruhiga mansub barcha vitaminlar qatnashishiga ham e`tibor bering. Ko`katlar, sabzavot va mevalar shular jumlasidan.

Ohang bilan...

Badiiy asar o`qiyotganda ovoz chiqarib mutolaa qiling. Kitobning nechadir sahifasini o`qib bo`lgach, yodingizda qolganini tasavvur qilishga va so`zlab berishga urinib ko`ring. Yana bir foydali usul, farzandlaringizga ertak o`qib bering. Nutqingiz ham, xotirangiz ham yaxshilanadi.

Odatlaringizni o`zgartiring!

Har kuni sochni turmaklashda asosan o`ng qo`ldan foydalanasiz. Shu ishni chap qo`lda bajarishga nima deysiz? Ertalab uxlab qolmaslik uchun har oqshom telefoningizni uyg`otadigan dasturga moslaysiz. Kunora yordamchingizga dam bering-da, o`zingiz uyg`oning. Shu tariqa kundalik odatlaringizga o`zgartirish kiritib tursangiz, eslab qolish qobiliyatingiz yaxshilanadi.

Yo`l-yo`lakay...

Bu juda oson usul. Ishga ketayotib, yo`lda uchragan insonlar, dimog`ingizga urilgan ifor, ko`zga tashlangan ranglarni kuzatib boring. Masalan, hamroxingiz foydalangan atir hidi qaysi o`simlikni yodingizga soldi? Yasmin guli? Balki binafshadir? Chorrahadan o`tayotgan ayolning alvon rangli ko`ylagi dugonangizda ham bor edimi? Eslab ko`ring! Shu tariqa kichik narsa-buyumlar yodingizda qoladi.

Muhim qoidalar

  • Nonushtadan oldin 1 stakan qaynatib sovutilgan suv iching;
  • yugurish, suzish mashg`ulotlariga qatnashing;
  • kunni rejalashtirishga o`rganing;
  • qomatni tik tutib yuring;
  • liftni unuting, piyoda harakatlaning;
  • ertalab yoki ishdan qaytgach, kontrast dush qabul qiling;
  • bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uyg`onishga odatlaning;
  • g`oya va fikrlaringizni yozib borishni o`rganing;
  • klaviaturada ko`zni yumib yozish mashqini bajarib turing;
  • har kuni 10-15 daqiqalik ko`z mashqlariga diqqat qiling;
  • imkon qadar har kuni biror yangilik bilan tanishing;
  • faqat va faqat yaxshi narsalarni o`ylang!

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

Sharhlar

Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Navoiylik ayolning uyiga kelgan mehmonlardan biri boshqasini pichoqladi

13.12.2019, 10:00

Joriy yilning 5 dekabr kuni soat 13:00larda Navoiy shahrida yashovchi, 1974 yilda tug`ilgan L.A. ismli ayolning uyiga tanishlari mehmonga keladi.Ulardan biri 1972 yilda tug`ilgan D.K....
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1