Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni «Qoradori-2021» tadbiri birinchi bosqichi davomida Marg`ilon shahar DXX xodimlari, Qo`shtepa tumani IIB TQKG, Jinoyat qidiruv bo`limi hamda XPB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo`shtepa tumani «Yo`ldoshobod» mahallasida yashovchi, 1989 yilda tug`ilgan fuqaro U.M. ismli ayolning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda yashash xonadoni tomorqasidagi piyoz ko`chatlari orasida jami 50 tup ko`knori o`simligiga o`xshash o`simliklarni parvarishlab kelayotganligi aniqlandi.
Ushbu o`simlik barglari va boshog`idan tekshirib ko`rish uchun namunalar olinib, qolgan qismi yo`q qilindi.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan fuqaro U.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (taqiqlangan ekinlarni etishtirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Olingan tezkor ma`lumotga asosan, Marg`ilon shahar IIB JQB va XPB xodimlari tomonidan 2021 yilning 7 may kuni Marg`ilon shahar hududida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Marg`ilon shahar «Ahmad Yassaviy» mahallasida yashovchi, 1967 yilda tug`ilgan fuqaro K.I.ning yashash uyi xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda yashash uyi sahnasida bo`lgan uzumlar tagida 30 tup ko`knori giyohvandlik o`simligi parvarishlab kelinayotgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Marg`ilon shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Shu kuni Rishton tumani «Qayrag`och» mahallasida yashovchi, 1956 yilda tug`ilgan fuqaro B.U.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganda tomorqasidagi issiqxonada jami 77 tup ko`knori giyohvand o`simligi parvarishlab etishtirayotgani hamda ushbu xonadonning er to`lasi ko`zdan kechirilganda 1 dona sellofan paketda quruq holdagi ko`knori o`simligining barglariga o`xshash giyohvandlik moddasini saqlab kelayotgani aniqlangan.
O`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, B.U.ning uyidan olingan ko`knori xashagi 37,55 grammga tengligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Rishton tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi va 276-moddasi 2-qismi «a» bandi (ko`p miqdorda giyohvandlik vositalarini o`tkazish maqsadini ko`zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.