Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv o`tkazilib, to`y kuni belgilanishi kutilayotgan kunlarning birida qishloq bo`ylab mamlakat bo`yicha karantin e`lon qilinganligi, shu sababli cheklovlar o`rnatilishi haqida vahimali xabarlar tarqaldi. Hamma o`zidan shubhalana boshladi. Ko`ngilga to`y ham sig`may qoldi. Shu sabab ikki yoshning nikoh to`yi o`z vaqtida o`tkazilmay qolib ketadi.
Toshkentdagi tanishuv...
Shundan so`ng kuyov bo`lmish imkoniyatdan foydalanib nikoh to`yiga ko`proq pul topish maqsadida Toshkentga ketadi. O`zi avval ishlagan Sirg`ali tumanidagi novvoyxonalardan biriga joylashadi. Bu erda Yangiyo`l tumanida yashovchi, 1991 yilda tug`ilgan, turmushidan ajragan Zulxumor Umarova bilan yaqindan tanishib, muhabbat rishtalarini bog`laydi. Ikki sevishganning munosabatlari jiddiylashib, Murodning taklifi bilan may oyida shar`iy nikoh asosida oila quriladi. Shundan so`ng novvoyxonaga yaqin uylardan birini ijaraga olishib, birga yashay boshlaydilar.
Jizzaxdagi qidiruv...
Biroq, 2020-yilning 29-sentyabr kuni Murod dabdurustdan Toshkentda ishlari yurishmayotgani, shu sababli Jizzaxga ishlash uchun ketayotganini aytib uyidan chiqib ketadi. Ana shundan keyin sevishganlar o`rtasiga sovuqchilik tusha boshlaydi. Murod qo`ng`iroqlarga umuman javob bermay qo`yadi. Bundan shubhalana boshlagan Zulxumor Murodga begona raqamlardan ham qo`ng`iroq qilib ko`radi. Shunday paytlarda u qaytib qo`ng`iroq qilib yuborishini aytib, telefonlarini o`chirib qo`yadi.
Murod uning qo`ng`iroqlariga javob bermay qo`yganidan so`ng, Zulxumor uni izlab topish maqsadida Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasiga eri bir necha kun oldin Toshkentdan Jizzaxga novvoychilik qilish uchun chiqib ketib, bedarak yo`qolganini, topib berishlarini so`rab murojaat qiladi. Biroq natija bo`lmagach, erini qidirib topish maqsadida o`zi ham yo`lga tushadi. Jizzaxga borib, bir necha kun sarson- sargardon bo`lib yurishiga qaramasdan hech qanday natija bo`lmaydi. Murod erda ham, ko`kda ham yo`q. Taqdirga tan berib, uyga qaytayotganida Murodning o`zi qo`ng`iroq qilib, ayni paytda Buxoroda ekanligini, xavotir olmasligini aytib, uyga qaytishini so`raydi.
Chaqaloq yig`isi tug`dirgan shubha...
Zulxumor Umarova,
sudlanuvchi:
- 20 oktyabr kuni Murodga yana qo`ng`iroq qildim. Shunda u tomondan chaqaloq yig`isini eshitdim. Rashkim kelib, undan qaerdaligini, chaqaloq kimning farzandi ekanini so`radim. U esa yonidagi ayollardan birini bolasining ovozi ekanligini aytib, jahl bilan telefonni o`chirib qo`ydi. Bunday munosabatdan asabiylashib, uning opasiga qo`ng`iroq qildim. Opasi bilan gaplashganimda ukasi yaqinda uylanayotganini, to`y yaqinligini aytdi. Shunda haqiqatan aldanganligimni bildim. Yolg`on va`dalari, hayotimni barbod qilgani uchun xo`rligim kelib, undan qasd olish yo`llarini izladim. Biroq shunda ham bu gaplar yolg`on bo`lsaydi, degim kelardi. Vaqtni cho`zmasdan yanada aniqlik kiritish uchun Andijonga borish rejasini tuzdim va tanishim Dilyorga qo`ng`iroq qilib, onam betobligini, shu sababli uning holidan xabar olish uchun borib kelishim kerakligini aytib, yo`lda sherik bo`lishini so`radim. Avvaliga u ko`nmadi. Lekin bir amallab roziligini olib, yo`lga chiqdik.
Murodga qo`ng`iroq qilib, uyini topib kelganligimni, ayni paytda darvozasi oldida turganimni, o`zi chiqmasa ota-onasining oldiga kirishimni aytdim. Shundan so`ng u uyidan chiqib, biz kelgan mashinaga o`tirdi. Birgalikda profilaktika inspektori xonasiga bordik. Murod mashinadan tushiboq meni yaxshi ko`rishini, majburan uydagilar uchun uylanayotganligini, bir oz sabr qilib, to`y o`tishini kutib turishimni so`radi. Qayta-qayta kelinni uydagilarga topshirib, 10-15 kundan so`ng Toshkentga qaytib borishini aytib, tinchlantirishga harakat qildi. Shunda undan ikki-uch soat vaqtini ajratishini so`radim. U rozi bo`ldi va shaharga yo`l oldik...
Yashirin reja...
Ayol Murodning bergan va`dalarini eslab, sharmanda bo`lgan holatda uyiga qaytishni istamaydi. Undan nafratlanib, Andijon shahridagi qurilish mollari do`kondan yog`och sopli pichoq sotib oladi. Kurtkasining ichiga yashirib erini jazolash maqsadida reja tuzadi. Juftlik ko`chalarni aylanib, dala maydoniga kirib suhbatlashib o`tirishadi. Shu payt Murod egnidagi oq rangli jemperini echib, g`o`zapoyaga ilib qo`ygan, Zulxumor esa egnidagi kostyumini echib erga tashlab, Murodga o`girilgan holatda o`tirishini, elkalarini uqalab qo`yishini aytadi. Yigit o`girilganida esa orqa biqin sohasiga ikki marta pichoq sanchadi. Shunda Murod u tomonga qayrilib, bo`ynidan bo`g`ib, qo`lidagi pichoqni olmoqchi bo`lganida, chap elka sohasiga yana bir marta pichoq urgan.
“Boshqa ayolga berib qo`yishni istamaganim uchun...”
— U holsizlanib, erga o`tirib qoldi. Tanadan pichoqni olib, paxtazor tomonga uloqtirdim va uni boshqa ayolga berib qo`yishni istamaganim uchun shunday qilishga majbur bo`lganini aytib, undan uzr so`radim. U esa tez yordam chaqirib, u erdan ketishimni, bo`lgan holatni hech kimga aytmasdan, o`zimga tegishli bo`lgan barcha narsalarni olib ketishimni aytdi, - deydi sudlanuvchi o`z ko`rsatmasida.
Sud hukmi qanday bo`ldi?
Jinoyat ishlari bo`yicha Xonobod shahar sudi Umarjon Mirzaabdullaev tomonidanko`rib chiqilganjinoyat ishi yakunlari bo`yicha Zulxumor Umarova Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qotillik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo qattiq tartibli koloniyalarda o`tashi belgilangan.
Ota-onasining duosini olib, shirindan-shakar farzandlarni voyaga etkazishi mumkin bo`lgan Murod o`z xatosi tufayli bu dunyoni tark etdi. To`yga to`yona bilan kelishi kerak bo`lgan odamlar esa uning janozasiga yig`ilib keldi.
Umidjon MAMARASULOV