Birovdan o`tganini birov bilmas, deyishadi. Bilganimiz–kulganimiz. Shuning uchun ham noqulay vaziyatga tushgan kishi, ayniqsa ayol avvalo atrofidagilardan xijolat bo`ladi. Bu holatdan o`zingizga «suv yuqtirmay» chiqish yo`llarini esa bizdan so`rayverasiz.
Xarid qilgan mahsulotlar hamyonga og`irlik qilsa...
Vaziyatdan chiqish: do`kondan ro`zg`or uchun to`ldirib chiqqan savatni to`lashga pul etmay qolsa, sumkani titkilashdan yoki atrofga alanglashdan foyda yo`q. Eng ishonchli qurolimizni ishga soling, ya`ni tabassum qiling. «Do`koningiz biram yaxshiki, ko`z to`ymaydi» deb, uncha muhim bo`lmagan narsalarni savatdan asta chiqarib tashlang. Kassir haliyam o`qrayishdan qolmayaptimi? Unda tin-tiyinini sanaydigan eringiz(o`zi unday bo`lmasa ham)dan ozgina noling. Zarar qilmaydi, ba`zan yordam berishi ham mumkin.
Qoqilib yiqilib tushsangiz….
Vaziyatdan chiqish: Ayol uchun bundan yomoni yo`q. O`zi og`riq, shish, shilingani etmaganday, ko`chadagilarning «xi-xi»si ortiqcha. Ammo lekin sizning o`rningizda o`shalardan biri yiqilgandami, sizning ham «xo-xo»lashingiz turgan gap edi. Shuning uchun bu vaziyatga yumor bilan yondashing. O`rningizdan turishga yordam berganlarga esa alohida rahmat aytishni unutmang.
Tushlik payti top-toza kiyimingizga sharbat yoki sous tomsa...
Vaziyatdan chiqish: obbo, bugun ertalab dazmollab chiqqan edingiz-a. Sal tushkunroq ohangda hamkasblaringizdan, «buni qanday tozalasa bo`ladi?» deb so`rang. Birinchidan, foydali tekin maslahatlarga ega bo`lsangiz, ikkinchidan, sizga amaliy yordam beruvchilar ham topiladi.
Hamkasbingizning tug`ilgan kuni yodingizdan ko`tarilsa…
Vaziyatdan chiqish yo`lini qulog`ingizga aytaman: buni hammaga bildirish shart emas. Kasbdoshingizning oldiga peshvoz chiqib, unga dilingizdagi ezgu tilaklaringizni izhor qiling. Uning ham qulog`iga: «Bugun tilak, sovg`asi ertaga», deb qo`ysangiz olam guliston.
Sizni homilador sanab, transportda joy berishsa…
Vaziyatdan chiqish: xayolingizga kelgan ilk fikr, «oh, semirib ketdim» bo`lishi shubhasiz. «Yo`q» deb, o`rindiqni bo`shatgan kishini ham o`sal qilmang. Yaxshisi, sizga taklif qilingan rolni qabul qiling. Sumkani tizzangizga qo`yib, atrofdagilarni ham ozgina «qorningiz chiqib qolgani»ga ishontiring. Uyga kelgach esa, garderobni bi-i-ir boshdan ko`zdan kechirishga to`g`ri keladi. Qomatingizni haligiday qilib ko`rsatadigan ust-boshdan vaqtincha voz kechib turganingiz ma`qul.
Shu va shunga o`xshagan vaziyatlarda eng muhimi–xotirjamlik. Keyin miyani ozgina ishlatish. Bizning miyamiz erkaklarnikiga nisbatan 200 gr (vazni o`rtacha 1,5kg) engil bo`larkan. Olimlarning fikricha, ayollar o`zini doim tashqaridan kuzatib yurishga, o`zgalarga qay tarzda ko`rinishini o`ylayverishga moyil bo`lgani uchun chuqurroq tahlilga fursati etmas emish. Bo`lmagan gap!
Dilnoza UMAROVA





