Ko`zim ilinibdi. Tush ko`rdim. Tushimda qandaydir katta ilmiy laborotoriyada kompyuter viruslarini ishlab chiqaradigan xakermishman. Yana qanaqa virus deng? Erkaklarning xotirasidan ma`lum narsalarni o`chirib tashlaydigan virusmish. Bu ixtironi sotib olish uchun ayollar butun dunyodan buyurtma berayotganmish... Ularning orasida bittagina erkak “Faqat menga soting. Aytgan pulingizni beraman dermish”. “Siz nima qilasiz uni?” desam, “Har kuni xotinimning diydiyolarini o`chirib turaman. Meniyam tushuning, xotinim o`ta rashkchi, hech qaer qolmadi u titkilamagan. Qachon qarama, men tushgan rasm bormi, videolavhalarmi, telefon, e-he... Iltimos, menga soting shuni” dermish. Yaxshilab qarasam, ro`paramda turgan turmush o`rtog`im emish. Uyg`onib ketdim...
Tuf-tuf. Ie, dadasi haliyam kelmabdilar-ku. Shartta telefonga qo`l cho`zdimu, tushim esimga tushdi. E-ha, oshga boraman deganlarida, o`zim kuzatib qo`yuvdim-ku. Yo`q, balki qulog`imga lag`mon osi-i-i-b ketgan bo`lsa-chi. Soat 5 bo`libdi. Ketganlarida 4 edi. Xo`sh, kecha telefonlariga uyushtirilgan “razvedka” ham ish bermadi. Uff... Tushimda nima dedi? “Xotinim rashkchi” dedimi? SMS yozdim: “Tez uyga etib keling. Men sizni hammadan, o`tmishdan, kechmishdan, kelajakdanam rashk qilaman”. Chunki men RAShKChIMAN.
Ishonasizmi, yo`qmi? Shu iqrordan keyin barcha hatti-harakatlarim, aytganidek, diydiyolarim, janjallarga o`zim, asossiz o`ylarim sababligini tushundim. Agar sizni ham shubha-gumonlar ich-etingizni kemirayotgan bo`lsa, xuddi men kabi ish tuting.
Bularni psixologik kitobdan o`qib oldim:
- Eringizning bo`ydoqlik paytidagi ishqiy munosabatlari haqida, agar, hali turmush qurmagan bo`lsangiz, sizdan avvalgi ishqiy sarguzashtlari haqida, umuman, o`ylamang. Kundaliklaridan o`qigan tafsilotlarni miyangizdan chiqarib tashlang. Chunki, eng asosiysi, u siz bilan birga. Nima uchun boshqa qizlarni emas, aynan sizni tanladi? Demak, hammadan ko`ra siz unga ko`proq yoqasiz.
- Agar yonida avval uchrashib yurgan qiz bilan bog`liq fotosur`at, xatlarni saqlab yurgan bo`lsa, bu o`sha qizni eslab yuribdi, degani emas. Demak, u haqiqiy romantik. Bu narsalar unga faqatgina tuyg`ularni eslatadi. Kim bilan, qachon, uning uchun buning ahamiyati yo`q.
- Ba`zida siz uchun og`irroq vaziyatlar ham bo`lishi mumkin. Masalan, o`sha qiz har xil narsalarni bahona qilib, har xil iltimos va talablar bilan eringizga (yigitingizga) mudom telefon qilib turadi. Nozik ovoz bilan xarxasha ham qiladi. Lekin bunday mushkul holatdan ham chiqib ketish mumkin. Birinchi shart: hech narsa qilmaslik. Agar siz shunda ham bosiq va mulohazakorlik qilsangiz, bilingki, marra sizniki. Erkaklar juda kamdan kam hollarda ortga qaytadi. Ayniqsa, uning oldida sizdek aqlli va sermushohada ayol turganda.
- Xayolingizda “men u qizchalik sevimli bo`lolmayman”, degan fikr bo`lsa, unda bunday qilamiz: siz shu tuyg`uni u bilan o`tkazadigan butun bir umrga tatbiq etib ko`ring. Chunki odam doim bugunidan ertasi, ertasidan indini yaxshi bo`lishi uchun intiladi, harakat qiladi. Kecha erishganingiz, sizga hozir asqotyapti. Demak, (bo`lajak) eringizning avvalgi ishqiy munosabatlari siz bilan mustahkam aloqa, munosabat, keyinchalik oila tuzishga asos bo`lgan. Ya`ni repitisiya. Siz esa vaqtincha ijrochi emas, siz hayot sahnasida eringiz bilan partnyorlikda bir umr bosh rolni ijro etuvchi aktrisasiz.
O`zingizni hech kim bilan solishtirmang. Rashkingiz kelsa, yozganlarimizni o`qing-u, o`zingizning naqadar betakror, malohatli ekaningizni eslang. Keyinchalik barcha iztiroblaringiz unut bo`ladi.
Uzr, sizga aytadigan gaplarim hali ko`p edi-yu, eshik jiringlayapti. Dadasi kelibdilar-ku. O`zi rashk qilsangiz yoqadi bu erkaklarga, faqat yo`lini topib, ko`nglini... – H-o-o-z-i-i-r–...topib. Uch marta qo`ng`iroq bo`ldi. Endi ochsam bo`ladi.
Dilnoza Umarova





