1

Xiyonat zahrini totganlar yoxud erkakni bu yo`ldan qaytarib bo`ladimi?

SUG'DIYONA 12.01.2017, 11:59
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
Xiyonat zahrini totganlar yoxud erkakni bu yo`ldan qaytarib bo`ladimi?

Xiyonat… Dunyoda ayol zoti uchun jufti halolini bo`lishishdek qattiq azob bo`lmasa kerak. U hamma narsaga chidaydi. Ammo yostiqdoshining xiyonatini ko`tara olmaydi. Bugungi qahramonlarimiz ana shunday azob iskanjasida qiynalib, dardlariga malham izlab bizga murojaat qilishgan…

 

QIZLARGA SUYaGI YO`Q ER

Umida Qosimova, 34 yosh, Jizzax shahridan:

— Erim bilan sevishib turmush qurmaganimda ham bunchalar kuymasdim. Ortimdan yalinib yurib uylangandi. Bilardim, o`sha paytda ham mening ko`zimni shamg`alat qilib boshqa qizlar bilan gaplashib turardi.

— Bu bilan hayotingni bog`lama, bir umr kuyib o`tasan, — degandi bir dugonam.

Uni yaxshi ko`rganim uchun ham voz kechmaganman. Meni qattiq sevadi, deb o`ylarkanman-da! To`g`ri, u boshqa hiyonatkor erkaklar kabi men kamsitmaydi, janjallashmaydi. Ammo eng yomoni, chiroyliroq ayol yoki qizni ko`rsa o`zini tutolmaydi. To`y-hashamlarga borsak, uyalib ketaman. Ozgina ichib oladi-da, duch kelgan ayolga shirin gapirib, raqsga taklif qiladi. Yana ko`cha-ko`yda birorta chiroyli qizni ko`rib qolsa ham albatta menga kelib aytadi ham:

— Bugun ko`chada bir qizni ko`rdim: asal! O`zi kechroq tug`ilish kerak ekan. Kundan-kun qizlar go`zallashib borayapti.

Gohida asablarim qaqshab ketganidan baqirib yuboraman:

— Ayollardan ham boshqa dardingiz bormi? Nega bunaqasiz? Odamlar sizni g`irt xotinboz deydi. Menga achinish bilan qarashadi.

— Birorta bilan yurganimni ko`rdingmi? Meniki faqat tilda. Boshqalarga o`xshab yurib ketsam nima qilarding? Qo`lingdan hech narsa kelmaydi-ku!

O`zim ham uning gapiga qo`shilib, taskin topaman. Rostdan ham uning birov bilan jiddiy etaklashib ketganini ko`rmadim. Ammo barchaning ko`z o`ngida meni hijolat qilishi jonimga tegib ketdi. Nima qilsam, shu odatini tashladi?

Maslahat: — Bunga ko`z bilan yaxshi ko`rish deyiladi. Siz uning bu odatini tashlata olmaysiz. Bu uning fe`li. Shunaqa yaralgan u. Hayrati, sevinchi, dardi har doim oshkor bo`ladi ularning. Eringiz to`g`ri aytibdi, rostmana xiyonat qilsa nima  qilardingiz? Bunaqa insonlar ochiq kitobga o`xshaydi. Hech narsani yashirib o`tirishmaydi. Shuning uchun eringizdan hecham xavotir olmang va bekorga siqilmang ham. Uni shu holicha qabul qiling.      

 

«KUNDOShIMDAN SO`NG YaNA KUNDOSh…»

Jamola Tursunova, 30 yosh, Toshkent shahridan:

— Mening ko`rganlarimni hali hech bir ayol ko`rmagan bo`lsa kerak. Erim menga ochiqchasiga hiyonat qiladi. Hatto, bittasini ikkinchi xotin ham qilib olgan. Albatta, buni sir tutadi. Ammo ayolning ichida gap yotarmidi? Kundoshim menga qo`ng`iroq qildi:

— Eringiz menga uylangan. Yaqinda uy ham olib berdi. Menikiga kelganda darrov chaqirib olasiz. Unda mening ham haqqim bor. Bir kun siznikida, bir kun menikida yashaydi. O`zim aytaman, u kishiga. Yana janjal qilib yotmang. Biz bir-birimizni sevamiz. Shukr qiling, sizni qo`yib yubormadi. Shunday ekan, men bilan murosa qiling. Agar xohlasam, hoziroq siz bilan ajrashadi. Men esa unday qilmayman. Bolalaringizni o`ylayapman. Siz ham meni o`ylang. Yaqinda farzandli bo`laman.

Albatta, bu gaplardan so`ng janjal qilmaslikning iloji yo`q. Erim bilan rosa aytishdim. U esa menga qat`iy dedi:

— Chidasang shu. Chidamasang, ana katta ko`cha ketaver. Men u bilan ham yashayman.

Faqat shu bo`lsa ham mayli edi. Yaqinda ishxonasidan bir ayol qo`ng`iroq qilib meni ogohlantirdi:

— Aytmay dedim-u, yana vijdonim chidamadi. Ishxonamizdan bir qiz eringizning boshini aylantirayapti. Harom yo`l falokat olib keladi. Gunohi bolalaringizga urmasin, deb aytayapman. Eringizga tushuntiring, u yaxshi qiz emas.

Chidolmay yana gapirdim. U esa battar tutaqdi:

— Endi qadamimni sanaydigan bo`ldingmi? Meni tergaguncha o`zingga qara, cho`chqaga o`xshaysan!

Xo`rligim kelib ketdi. Semiz bo`lsam ham mayli edi. To`g`ri, qomatim qizlarnikidek emas. Axir uchta bolaning onasiman. Ammo juda beso`naqay ham emasman-ku! Siqilib ketganimdan rosa yig`ladim. Hozircha bolalarim yosh. Lekin katta bo`lsa, hamma narsani tushunsa nima qilaman? Erimni bu yo`ldan qanday qaytarsam bo`ladi?

Maslahat: — Bu juda jiddiy masala. Nazarimda, eringiz toparman-tutarman, o`ziga yarasha obro`-e`tiborli kishi. Sizning eringiz kabilarni bu yo`ldan qaytarish qiyin. Chunki, bunaqa erkaklar har doim «xaridorgir» bo`ladi. Ularni ayollarning o`zi yo`ldan urishga urinadi. Shuning uchun sizdan avvalo, juda ko`p sabr talab qilinadi. Keyin esa o`zingizni asrab avaylashingiz lozim. Bugungi asabiylashishlaringiz ertaga albatta sog`lig`ingizga ta`sir qiladi. Farzandlaringiz uchun ham sog` va omon bo`lishingiz kerak. Shuning uchun o`zingizga birorta ish toping. Chiroyli kiyining va yasan-tusan qiling. Yana eringizga sal beparvo ham bo`lishingiz kerak. Hech qachon uning ortidan tushmang. G`ururli va go`zal bo`lsangiz u albatta sizni bee`tibor qoldirmaydi. 

   

INTERNETDAN TOPILGAN «RAQIBA»

Nigora Asadova, 26 yosh, Samarqand shahri:

— Turmush qurganimizga to`rt yil bo`ldi. Bitta farzandimiz bor. Sovchi orqali topishganmiz. Men u kishini juda yaxshi ko`raman. Nazarimda, u kishi ham meni sevadi. Ochig`i, yaqin-yaqin kunlargacha shu xayolda edim. Menga munosabati har doim bir xil bo`lganidanmi, umuman gumon qilmasdim. Ammo yaqinda… Turmush o`rtog`im telefonini uyda qoldirib ketibdi. Qarasam, o`chiq ekan. Shunchaki yoqib ko`rdim. Yoqishim bilan parol qo`yilmagani uchun elektron pochtasi birdan ochildi. Birdan ekranda uch-to`rtta yozuv paydo bo`ldi: «Bugun yo`qsiz?», «Sizni sog`indim…», «Qanisiz?»…

Avvaliga tushunmadim. Keyin anglab etdimki, bu erimning internetdagi yozishmalari ekan. Chiqqan yozuvlar esa «Gulya» degan pochtadan kelgan. Qiziqib va rashk o`tida yonib ularning hamma yozishmalarini o`qib chiqdim. Bilishimcha, ular anchadan buyon yozishib yurishadi. Unga oilali erkakligini aytgan. Lekin yozishicha, meni unchalik yoqtirmasmish. Erimning yozishmasida, «sizga bog`lanib qolayapman, kim bilsin balki bu sevgidir?», degan so`zlar ham bor edi. Tutab ketdim. Qiz esa hali turmushga chiqmaganmish. «Sog`indim», deganiga qaraganda ancha yaqin…

Erim ishdan kelguncha ham sabrim chidamadi:

— Qachondan buyon sizga yoqmayman? Sizni sog`ingan Gulyalar tinmay xat yozayapti…

Uning nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin birdan o`zini qo`lga olib baqira boshladi:

— Nega telefonimni yoqding? Kim teginsin, dedi senga?

Uyga kelgach, esa meni ovutdi:

— Bu bir o`yindek gap. Parvo qilma! Internetda nimalar bo`lmaydi, deysan? Bir-birini ko`rmay-bilmay hamma aljiraydi-da! Men ham ishda bo`sh paytlarim zerikmaslik uchun gaplashganman. O`sha qizni ko`rib yotibmanmi, hayotda?

Bu so`zlar taskin bergandek bo`ldi. Lekin baribir shubhalarim tarqamayapti. Erim rostdan meni yomon ko`radimi? U qizni sevadimi?

Maslahat: — Sizning birinchi xatongiz — eringizning telefonini titkilaganingiz. Erkak kishi o`ziga tegishli narsalarga tekkan odamni yoqtirmaydi. Ikkinchi xatongizbuni unga bildirib, janjal qilganingiz. Endi u sizdan ehtiyot bo`ladi. Bilishni istagan narsangizni ham bilolmaysiz. Ayol kishi o`zini uyda sal beparvo tutgani yaxshi. Shunda u sizga e`tibor qila boshlaydi. Bundan keyin unga, ayniqsa uning telefondagi muloqotiga umuman parvo qilmang. Birinchidan, o`zingizga yaxshi, asabingiz buzilmaydi. Ikkinchidan, sizning bu qilig`ingiz uni befarq qoldirmaydi. O`z-o`zidan siz haqingizda o`ylay boshlaydi. Siqilmang, u sizni yaxshi ko`radi. Shu mehrni yo`qotmaslikka harakat qiling.

N.Usanboeva

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1