Qish mavsumida hammomda bug`lanish organizm uchun foydali. Qanchalik nafi bor, deysizmi? Buni sahifamiz orqali bilib olasiz. Qolaversa, u erda qanday kosmetik vositalardan foydalanish kerakligi haqida ham batafsil ma`lumotlarga ega bo`lasiz.
Undan nima foyda?
Yuqori harorat va bug`lanish terini tozalab, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Bunda organizmdan ter bilan birga zararli moddayu shlaklar ham chiqib ketadi. Shu tariqa sovuqdan aziyat chekkan teri yangilanadi, yosharadi, odam esa ozadi.
Eng ma`quli hammomga haftada bir marta borish kerak. U erda foydalanish uchun uy sharoitida tayyorlanadigan niqob va skrablar haqida esa quyida bilib olasiz.
Skrablar
Skrablar bug`lanib bo`lgandan keyin qo`llaniladi. Chunki shunda terining nobud bo`lgan qismlari yumshab, chuqur va oson tozalanadi. Skrablar terining nafas olishi va tiklanishiga ko`mak beradi.
Yuz uchun skrablar
Quruq teriga: 1 choy qoshiq qahva quyqasiga biroz dolchin (korisa) va 1 osh qoshiq o`simlik yog`i qo`shing.
Yog`li teriga: 1 osh qoshiq qahva quyqasiga 1 osh qoshiq yog`siz yogurt aralashtiring.
So`lg`in yuz terisiga: 1 choy qoshiq asalga shuncha tvorog, 1 dona tuxum va 1 choy qoshiq qahva quyqasi aralashtiriladi.
Tana uchun skrablar
Qahvali: 2 osh qoshiq qahva quyqasiga 2 choy qoshiq smetana, bir necha tomchi efir moyi qo`shing.
Tuzli: 3 choy qoshiq yirik tuzga 3 osh qoshiq smetana va hid berish uchun biroz vanilin qo`shing.
Shokoladli: 3 osh qoshiq kakao kukunini 1 osh qoshiqdan shakar va o`simlik yog`i bilan aralashtiring.
Sellyulitga qarshi: yarim chashka qandolat makiga 2 osh qoshiq asal, 5 choy qoshiq zaytun yog`i, 2 tomchi hidli sitrus mevasi yog`ini solib, yaxshilab aralashtiring.
Niqoblar
Niqoblar skrab yordamida teri tozalangandan so`ng bug`xonaga ikkinchi marta kirayotganda ishlatiladi. Bug`lanish davomida ham niqoblar yuvilmasligi kerak. Ular terlash, terining tozalanishi, foydali moddalar bilan oziqlanishi jarayonini kuchaytiradi.
Asal va qaymoqli niqob: 1 osh qoshiq yog`li qaymoq yoki smetanaga 1 osh qoshiq asal qo`shing.
Olmali niqob: yarimta olmani qirg`ichdan o`tkazib, 1 osh qoshiqdan asal va o`simlik yog`i, 1 dona tuxum sarig`i aralashtiring.
Bug`lanish kimlarga tavsiya etilmaydi?
Agar gipertoniya, kuperoz (tomirlarning teriga yaqin joylashuvi), infeksion yoki teri kasalliklari, surunkali xastaliklarning zo`raygan paytini boshdan kechirayotgan bo`lsangiz, bug`lanish ziyon qiladi. Shuningdek, baquvvat ovqatlangandan va spirtli ichimlik ichgandan so`ng ham hammomga tushish ta`qiqlanadi.
Suyuqlik o`rnini to`ldiring!
Hammomdan chiqqandan so`ng yo`qotgan suyuqlik o`rnini to`ldirishga ehtiyoj sezasiz. Bir piyola isiq choy ichib olsangiz, chanqoqni bosish bilan birga teri elastikligini ham saqlab qolgan bo`lasiz. Hammomga otlanayapsizmi? O`zingiz bilan olinadigan buyumlar ro`yxatiga rezavor mevali mors yoki na`matak hamda limonli choy solingan termosni ham kiritib qo`ying.
Dilnoza UMAROVA