Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha komissiya tuzish to`g`risida
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta`lim muassasalari uchun o`quv adabiyotlari yaratish va o`quvchilarga etkazishning mustahkam tizimi yaratildi, bunda O`zbekistonda ta`lim berilayotgan ettita tilda darslik va o`quv qo`llanmalari nashr etilmoqda. Axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnika bazasi yangilanib, zamonaviy elektron kutubxonalar tizimlari faoliyat ko`rsatmoqda.
Matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo`lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilingan. 1 677 ta matbaa korxonasi, 118 ta nashriyot davlat ro`yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazi, tuman markazlari va shaharlardagi ta`lim muassasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazi tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O`zdavkitobsavdota`minoti” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko`rsatish yo`lga qo`yilgan.
Yozuvchilar uyushmasi huzurida tashkil etilgan “Ijod” jamoat fondi tomonidan yozuvchi va shoirlar, ayniqsa, yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari ko`p ming nusxada nashr etilmoqda.
Shu bilan birga, ushbu muhim soha rivoji bilan bog`liq aholi, xususan, yoshlar o`rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda bir qator muammolar mavjudligini qayd etish lozim.
Avvalo, badiiy, ma`rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta`lim muassasalarini ta`minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining etuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o`ylangan tizim asosida tashkil etilmagan.
Chop etiladigan kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda etkazish, onlayn buyurtma berish va manzilga etkazish tizimi sust rivojlangan, shuningdek, aholiga xizmat ko`rsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanish yaxshi yo`lga qo`yilmagan.
Ta`lim va madaniyat muassasalari uchun kitob xarid qilishga mablag`lar etarli darajada mavjud bo`lgan manbalar hisobidan jalb etilmayapti, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ta`lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotini o`tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ`ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar etarli emas.
Ushbu sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo`yicha tegishli takliflarni tayyorlash maqsadida kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ibot qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo`yicha ishchi guruh va kichik ishchi guruhlar tarkibi tuziladi.
Ishchi guruh tomonidan bir oy muddatda soha mutaxassislari va ekspertlarini keng jalb qilgan holda, ilg`or xorijiy tajribalarni inobatga olib, quyidagi masalalarni atroflicha o`rganish va chuqur tahlil qilish asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirildi:
aholi, ayniqsa, yoshlar orasida badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani o`stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo`lgan talabni o`rganish, shu jumladan, ijtimoiy so`rovlar orqali aniqlash, nashriyotlar tomonidan chiqariladigan badiiy, ma`rifiy, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga doir adabiyotlarning (shu jumladan, elektron shaklda) umumiy buyurtma ro`yxatini shakllantirish tizimining holati;
kitoblarni chop etish hamda aholiga etkazib berishni o`z ichiga olgan boshqaruv tizimining, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o`zbek tiliga va o`zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini chet tillariga tarjima qilish ishlarining tanqidiy tahlili;
noshirlar va adiblarni moliyaviy rag`batlantirish, bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlarga moliyaviy imtiyozlar berish va moddiy qo`llab-quvvatlash tizimini shakllantirish, matbaa korxonalari va nashriyotlarga kitob ishlab chiqarish uchun sifatli qog`oz va matbaa xomashyolarini chetdan xarid qilish tartibini takomillashtirish;
kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va aholining keng qatlamini qamrab olish, kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo`yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish;
ixtisoslashgan kitob do`konlari uchun viloyat, tuman markazlari va shaharlarda hamda qishloqlarda aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta ko`rib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ko`p bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlarini alohida statistik hisobga olish va ularga tegishli soliq imtiyozlari qo`llash;
mavjud axborot-kutubxona muassasalari aholining keng qatlamlariga xizmat ko`rsatishi zarurligidan kelib chiqib, ularning viloyatlar, shaharlar va tumanlar bo`yicha joylashish va bo`ysunish tartibini qayta ko`rib chiqish, faoliyati hamda o`zaro hamkorligini takomillashtirish;
axborot-kutubxona muassasalarining, ayniqsa, ta`lim sohasidagi axborot-resurs markazlari fondlarini shakllantirishda o`quv adabiyotlari bilan bir qatorda badiiy, ma`rifiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar ro`yxatini hamda ularni xarid qilish bo`yicha xarajatlar smetasini qayta ko`rib chiqish;
chop etilayotgan kitoblarni aholi o`rtasida ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Madaniyat va ma`rifat” telekanali orqali targ`ib qilish, ta`lim muassasalari, kutubxonalar, mahallalarda kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlarni tizimli ravishda tashkil etish hamda ta`lim muassasalari, ayniqsa, maktabgacha va boshlang`ich ta`limda o`qish madaniyati va mutolaa ko`nikmalarini shakllantirish;
ta`lim muassasalarida sinfdan tashqari o`qish uchun tavsiya etilgan o`zbek va chet el adiblarining mumtoz va zamonaviy asarlarini tanlab, xrestomatiya adabiyotlari ro`yxatlarini qayta ko`rib chiqish va o`quv jarayoniga mutolaa etilgan asarlar asosida insho yozish tizimini joriy etish, adabiyot to`garaklari faoliyatini moddiy qo`llab-quvvatlash tizimini qayta qo`rib chiqish;
hududlarda yozuvchi-shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi o`rtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targ`ib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kutubxonachi va targ`ibotchilar orasida tanlovlar (“Yilning eng yaxshi kitobi”, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi bolalar kitobi”, “Yilning eng yaxshi audio kitobi”, “Yilning eng yaxshi elektron kitobi” kabi) o`tkazish tizimini takomillashtirish.