AsosiyDunyo
10942

Tunda tanasi falaj bo`lib qoladigan aka-ukalar

Ba`zi bir og`ir kasalliklar qarshisida tibbiyot ham ojiz qoladi, deb xabar beradi “Marketium.ru” nashri. 

Gap falajlik haqida ketadigan bo`lsa, bu kasallikni davolash judayam og`ir masaladir. Pokistonlik aka-ukalar juda kichkinaligidan beri  hech kim tushuntirib berolmaydigan, tibbiyotga noma`lum  dardga yo`liqqan. Ular kunduz kuni tuppa-tuzuk, sog`lom yurishsa-da, kech bo`lib, qorong`i tushgandan keyin butunlay falaj bo`lib qolishadi. Ularning dardini shifokorlar ham tushuntirib berolmayapti.

Abdul Rashid va Shoab Ahmad ismli aka-ukalar Pokistonda istiqomat qilishadi. Ulardan biri 13, ikkinchisi 9 yoshda bo`lib, boshqa bolalardan deyarli farq qilmaydi. Biroq ular tibbiyotga noma`lum bo`lgan darddan aziyat chekishi bilan boshqalarga o`xshamaydi.

Kuni bilan sog`ligidan shikoyat qilmay, o`ynab yurgan bolalar tunda falaj bo`lib qoladi. Tana a`zolari falaj bo`lib qolgan bolalar ovqat eya olmaydi, gapirolmaydi, biror harakatni amalga oshirolmaydi.

Bolalarning otasi turli shifokorlarga murojaat qilib, ular 300 marotaba klinik tekshiruv va testdan o`tganiga qaramay, etuk tibbiyot xodimlari ham ularga aniq tashxis qo`ya olmadi.

Bunday holatdan tushkunlikka tushgan ota farzandlarim sehr-jodu qurboni bo`lgan, deb hisoblab, mullalarga ham o`qitdi. Bu usul ham bolalarning dardiga davo bo`lolmadi. 

Shifokorlar mazkur kasallikning sehr-joduga aloqasi yo`qligini, balki irsiy kasallik ekanini ta`kidlashmoqda. Chunki Abdul Rashid va Shoab Ahmadning ota-onasi amakivachchalar hisoblanadi. Ularning 6 farzandidan 2 nafari chaqaloqligida vafot etgan.

Ota o`g`illarini “Quyoshli bolalar”, deb ataydi. Uning aytishicha, o`g`illari Quyoshdan quvvat olishadi, tunda esa uning yo`qligidan qiynalishadi. Aslida esa bunday emas. Chunki bolalar kuni bilan soya joylarda, qorong`i xonada ham o`zlarini yaxshi his qilishadi. Bu sirli holatning asosiy sababi nima ekanligi noma`lum.

Ming afsuski, bolalarning dardi oldida tibbiyot ojiz! Ayni paytda shifokorlar ularga qanday dori-darmon tavsiya qilishni bilmay, bosh qotirmoqda. Farzandlarining ahvolidan xavotirga tushgan ota-ona ularning dardiga davo izlashdan bir soniya ham to`xtagani yo`q.

Boshqa yangiliklar