1

O`rta yosh inqirozi. Oilangizni asrab qola olasizmi?

SUG'DIYONA 16.01.2017, 15:25
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
O`rta yosh inqirozi.  Oilangizni asrab qola olasizmi?

45 yashar tog`am oilasini, bo`y etayotgan uch farzandini tashlab, 25 yoshli juvonga uylanib olganida hali bola edim. Kattalarning shivir-shivirlari, imo-ishoralariyu kosa tagida nim kosa qabilidagi gaplaridan hech nimani tushunmagan bo`lsam-da, qandaydir noodatiy bir voqealarning ro`y berayotganini his qilgandim. Mana endi o`zimning ham yoshim o`ttizdan oshib, oilaviy hayotning nimaligini tushunganimdan so`ng ruhshunoslar ko`p tilga oladigan «o`rta yosh inqirozi» haqida o`ylay boshladim. Sabab: avvalo, turmush o`rtog`imning yoshi qirqqa yaqinlashib qoldi. Qolaversa, bu bizda kam tilga olinadigan, biroq juda ko`p uchraydigan muammodir. Demak, o`rta yoshning o`tkir muammolarini oilaviy hayot manzarasida ko`rib chiqamiz.

 

«Hammasi jonga tegdi!»

— Turmush o`rtog`im bilan 26 yildan beri birgamiz. Oila qurganimizda men 18, u esa 21 yoshda edi. Shu paytgacha bir-birimizni hurmat qilib, ardoqlab keldik. Ammo, mana, bir yildirki erimni xuddi birov almashtirib qo`ygandek. O`zi bilan o`zi ovora bo`lib qolgan, doim tund. Ba`zan kutilmaganda bolalarni yoki meni jerkib, urishib qoladi. Unga ilgari ma`qul bo`lgan narsalar ham endi jahlini chiqara boshlagan. Eng yomoni, unda menga nisbatan «allergiya» paydo bo`lgan. Avvallari soch turmagim yoqardi, endi bo`lsa: «Shu yoshga etganda, sochingni nima balo qilib olding?», deb jerkiydi. Gullarga qiziqishim, gul o`stirishimni doim maqtab yuradigan odam endi «hamma yoqni tuvak bostirib yuborgansan», deb to`ng`illaydi. Nima bo`lganini bilolmay hayronman. Ishxonasida hammasi yaxshiligini bilaman, chunki ukam bilan birga ishlaydi, salomatligi ham joyida. Qora qozonimiz qaynab turibdi, farzandlarimiz ham hozircha umidlarimizni oqlashayapti. «Sizga nima bo`ldi o`zi?» degan savolimga javobi: «hammasi jonga tegdi!»

Nafisa Azimova

 

— O`rta yosh inqirozi nafaqat shaxsning o`zi, balki oila a`zolari uchun ham murakkab sinovdir. O`zlarining hayotdagi muvaffaqiyatsizliklari sababini ko`pchilik (ayniqsa, erkaklar) oilada, deb biladilar. Go`yoki bola-chaqa, tirikchilik tashvishi ularning oyoqlariga tushov bo`lgan. Qo`yib bersa, samoni zabt etishlari mumkin edi-yu, ammo xotinning «ming`ir-ming`irlari», «olaxurjinni to`ldirish» g`ami bilan bunga muvaffaq bo`la olmadilar. Endi esa yoshlik o`tib ketdi, o`zining navqiron yillarini baxsh etgan oila a`zolari esa go`yo uni etarlicha qadrlamayapti, o`tgan umrining badalini to`lamayapti, umidlarini oqlamayapti.

Aytgancha, oqlanmagan umidlar juda qo`rqinchli narsa. Albatta, uning alamini bolalardan ololmaysiz. Balogardon yana xotin bo`ladi. «Ovqating buncha bemaza?» «Semirib ketganingni qara!» «Nega qizing o`qishdan 5 daqiqaga kech qoldi? Tergamaysanmi?» kabi tanbehu e`tirozlar ko`pchilik ayollarga tanish. Bo`lmasa, ovqat 20 yildan beri bir xil reseptda tayyorlanadi va shu paytgacha maqtab-maqtab eyilayotgandi, qomat ham o`sha-o`sha, qizingiz esa kech qolishi haqida sizdan ham oldin mehribon dadajonisini ogohlantirgan. Faqat endi bundan keyingi 20, balki 40 yoki 60 yil davomida ham shu taomni eb o`tish hissi, ya`ni endi hech narsaning o`zgarmasligi haqidagi o`y erkakni sarosimaga solayapti. Shu paytgacha qilgan orzularining faqat ro`yobga chiqmaganlari xayolga keladi, umidlar esa hech ham oqlanmagandek.

 

Nimadir qilish kerak, ammo nima?

Ba`zi erkaklarda 45-50 yosh oralig`i ishdagi muammolar, keskin burilish, bukilish va hatto sinish davriga to`g`ri keladi. Ayrimlar, xususan, harbiy soha vakillari bu yoshda nafaqaga chiqadilar. Shu paytgacha o`zlari buyruq berib kelgan, martaba va mavqei ancha past bo`lgan odamlar bilan endi bir qatorda turishga, ular bilan to`y-hasham, ta`ziya u yoqda tursin, kundalik turmushda ham teng muomala qilishga majbur bo`ladilar. Bu katta stress. Boshqa soha vakillarining ham o`ziga yarasha muammolari bor. Endi atrofdagilarni, boshliqlarni biror narsa bilan lol qoldirish qiyin. Chunki qo`llaridan nima kelishi mumkinligi, nimalarga qodirliklarini allaqachon namoyon etib bo`lganlar. Ortig`ini hech kim kutmaydi ham. Ortlarida esa yosh avlod o`sib kelayapti. Tasavvur qiling, zabardast erkak qo`l telefonida oddiy «SMS» yozishni eplolmay siqilib turganida yonida kechagina institutni bitirib kelgan yigitcha allaqanday «gadjet»lar haqidagi hikoyalari bilan boshliqni o`ziga rom qilib tursa, bunga dosh berish mumkinmi?! Indamasa, ertaga bu bola unga rahbarlik ham qila boshlaydi. Nimadir qilish kerak, ammo nima? Tassufki, yoshligi o`tib ketdi, bo`lmasa… Ana, hammasi shundan boshlanadi!

 

Ayollar ham jim turmaydi

E`tibor bering, bunday vaziyatga erkak dosh bera olmaydi, ayol emas. Chunki ayol kishi uchun ishdagi muvaffaqiyat birinchi o`rinda turmaydi. U oilasi tinch, bolalari sog` bo`lishini ko`proq o`ylaydi. Shuning uchun ishdagi muvaffaqiyatsizliklar ayolning oilaviy hayotiga salbiy ta`sir ko`rsatgan holatlar kam uchraydi. Xo`sh, unda oiladagi inqirozga faqat erkak sababmi? Yo`q, albatta. Aynan 45-50 yoshlarida ayollarda gormonal o`zgarishlar ro`y berishi, klimaks va uning ayol ruhiyatiga ta`siri haqida ko`pchilik biladi. Shu holat ayol kishining asablarini tarang tortilishiga olib keladi. Endi u 25-30 yildan beri chidab kelayotgani — erining injiqliklariga dosh bera olmay qoladi. Unga ham bitta gap kam, ikkitasi esa ko`p. Uning ham sabr kosasi to`lgan. Yoshi o`sgani sayin muammolari ham kattalashib borayotgan farzandlari etmaganidek, eri ham ulkan bir MUAMMOga aylangani uni tajang qiladi. Natijada, oila turli ziddiyatlar va janjallar iskanjasida qoladi.  Ko`pincha, bir necha o`n yillarni yonma-yon o`tkazgan eru xotin kun kelib bir-biriga umuman begona ekanligini sezib qolishadi. Ular faqat farzandlarning ota-onalari, ammo bir-birlari uchun hech kim. Kimdir isyon qutaradi, kimir esa… Bir so`z bilan aytganda, oiladagi muvozanat yo`qoladi.

 

Mutuxassis fikri

Ra`no ASOMOVA, psixologiya fanlari nomzodi, dosent:

— O`rta yoshda oilaviy ziddiyatlarga olib keladigan sabablar — munosabatlarning siyqasi chiqishi, ularda yangilik va kutilmaganlikning yo`qolishi, odatiylik, muammolarning ortib, sabrning esa kamayib borishi, hayotning eng yaxshi yillari qaytmas bo`lib o`tib ketayotganini birdan anglash, bu yillarni munosib inson bilan birga kechirmayotganlik hissi va h.k. Albatta, 25 yoshda ham bu hislar bosh ko`tarishi mumkin, lekin yoshlikda bu hol tez o`tib ketadi. O`rta yoshda esa tuyg`ular muqim xarakterga ega. Shu sababli ham eng baxtli, uyg`un oilada-da bir kun kelib er yoki xotin o`z umr yo`ldoshiga nisbatan «ko`rgani ko`zim yo`q», deyishi mumkin. Albatta, o`zbeklar bolalari bo`y etganida ajrashish degan masalani umuman muhokama qilmaydilar. Shunchaki, «o`tib ketar», degan umidda chidab yuraveradilar. Bunda «tinch oqqan suvning tubi g`alvali» degan maqolni ishlatish joiz. Chunki aynan shu yoshda erkaklar ba`zan oshkora, ko`pincha pinhona xotin ustiga xotin oladilar, ayollar esa ruhiy zo`riqish va siqilish natijasida turli bedavo dardlarga chalinishlari mumkin. Ajrashish qarori o`rtaga chiqmagani yaxshi, albatta. Biroq muammoni ko`rmaganga olish yoki undan qochish emas, uni hal etish kerak.

Inqirozli vaziyatda avvalo, sabr qilish va keskin qaror hamda amallardan o`zni tiyishni tavsiya qilgan bo`lardim. Taqdirga tan bermang, munosabatlarni saqlab qolishga kirishing. Monosabatlar oldingidekmasligidan siqilmang, sababi oila ham xuddi inson yoki mashina kabi «qariydi». Bugun farzandlar bahona tik turgan ustunlar ularni uyli-joyli qilib, tashvishlaridan birmuncha qutulgach, kutilmaganda qulashi mumkin. Ammo er-xotinning aqli va sabri etsa, oila bu inqirozdan eson-omon o`tib, yanada mustahkamlanadi. Hayotingizni turli quvonchli damlar bilan boyiting, o`zingiz uchun ham yashang. Er-xotin birga dam olishga boringlar, madaniy hordiq chiqaringlar. Uydagi mebellarning joyini o`zgartiring. Ayollarning mashina haydash yoki yangi taom pishirishni o`rganishining erta-kechi yo`q. Erkaklar esa choyxona, oshna-og`aynidan ortib, jufti halollariga ham vaqt ajaratishlari lozim. Chunki qariganda, bir-biringizga suyanib yashashingizga to`g`ri keladi hali. Ayolingizni hozirdan avaylamasangiz, qariganingizda kim sizga tirgak, hamdard, tan mahram bo`ladi? O`ylab ko`rish vaqti keldi!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1