— Yoshim 60 da. Kindik atrofida, chap biqinimda sanchiqli og`riqlar turadi. Oshqozonim ko`p bezovta qiladi. Ayniqsa, kuzda oshqozon og`rig`idan qiynalaman. Ba`zilar “Oshqozon kasalliklari asabdan”, desa, boshqalar “Sizning kasalingiz pankreatit bo`lishi ham mumkin”, deyishayapti.
Olovuddin Ziyoev, Xatirchi tumani
SABABI
Pankreatit – oshqozon osti bezining yallig`lanishi oqibatida kelib chiqadigan jiddiy kasallik. Bunda oshqozon osti bezi ishlab chiqarayotgan, ovqat hazmlanishi uchun zarur bo`lgan fermentlar o`n ikki barmoqli ichakka tushmay qoladi va o`z-o`zini emira boshlaydi. Shuningdek, ajralayotgan ferment va zaharli moddalar qonga tushib, boshqa a`zolarga ham zarar etkazishi mumkin. Shuni ham unutmaslik kerakki, oshqozon osti bezi qondagi qand moddasi miqdori oshib ketmasligi uchun mas`ul bo`lgan gormon - insulinni ishlab chiqaradi.
Pankreatitning kelib chiqish sabablari ko`p:
- Spirtli ichimliklar ichish;
- Zaharlanish (aytaylik, dori vositalaridan);
- safro haydash tizimi kasalliklari (o`t pufagida toshlar bo`lishi);
- yog` almashinuvining buzilishi;
- oshqozon osti bezining shikastlanishi (qoringa qattiq zarba berilganda);
- qon tomirlari kasalliklari yoki yuqumli xastaliklar rivojlanishi
- sovuq taomlar iste`mol qilish.
Kasallik xuruj qilishiga esa yog`li, qovurma ovqatlar eyish, to`yib ovqatlanish, gripp, ruhiy siqilish va asabiylashishlar ham sabab bo`lishi mumkin.
Kuz va qish mavsumlarida inson tanasi harorat ko`tarilib-tushishi oqibatida zaiflashadi. Shu sababli ko`pchilik surunkali kasalliklar qatori pankreatit ham qayta xuruj qilishi mumkin.
ALOMATLARI
Pakreatitning o`tkir va surunkali turi mavjud. O`tkir pankreatitda oshqozon osti bezi sohasi va kindik atrofida qattiq, o`tkir og`riq turadi. Shuningdek, bemor biror narsa tanavvul qilgach, qayt qilishi mumkin. Tana harorati ko`tariladi, teri oqarib, nafas siqadi, qorin kattalashadi.
Surunkali pankreatitda og`riq vaqti-vaqti bilan, ovqatlanishdan so`ng 30-40 daqiqa o`tgach paydo bo`ladi. Og`riq ko`pincha o`tkir, achchiq, sho`r va qovurma ovqatlar iste`mol qilgandan so`ng paydo bo`ladi. Bemorning ko`ngli ayniydi, og`zida taxir ta`m sezadi, quvvati kamayadi, kayfiyati yomonlashib, lanjlik sezadi.
Kasallik qo`zg`alganda og`riq kuchayadi, ayniqsa, kechqurun bir necha soatgacha bezovta qilishi mumkin. Ko`pincha pankreatitga chalingan bemorlarning ichi yumshaydi, oshqozon, ichakda el yig`iladi, og`zi quriydi.
XAVFLIMI?
Kasallikni o`z vaqtida davolamaslik oshqozon osti beziga katta zarar etkazadi. Oshqozon osti bezi yaxshi ishlamasligi natijasida modda almashinuvi ham buziladi. Shu asnoda oshqozon osti bezi inson salomatligida muhim o`rin tutuvchi insulin gormonini ham ishlab chiqarishini unutmasligimiz zarur. Ushbu bez faoliyati buzilganda esa insulin kam miqdorda ishlab chiqarish funksiyasi buziladi, natijada qondagi qand moddasi miqdori oshadi.
O`tkir pankreatit bilan og`rigan bemor zudlik bilan shifokorga murojaat etishi va uning nazorati ostida davolanishi shart. To`g`ri, og`riq qoldiruvchi dorilar yordamida kuchayib borayotgan og`riqni yo`qotishi mumkin, ammo bu vaqtinchalik holat, xolos.
«Qanday davolanay?»
Surunkali pankreatitdan aziyat chekuvchi bemorlar yog`li va qovurilgan ovqatlarni, tarkibida kofein bo`lgan mahsulotlarni iste`mol qilishlari mumkin emas.
Kasallik qo`zg`algan vaqtda bemor 2-3 kun mobaynida achchiq choy, kam gazlangan mineral suv (ilitilgan) va na`matak damlamasidan boshqa narsa iste`mol qilmasligi lozim. 4 kundan keyingina kuniga 5-6 marta oz-ozdan ovqatlanish mumkin. Shirinliklar tanavvuli ham cheklanishi kerak. Yog`siz go`sht, baliq, qatiq, chuchuk tvorog, tuzsiz pishloq, turli dukkaklilardan pishirilgan bo`tqalar va sabzavotli taomlarni tanavvul qilish kerak.
Mevalardan—po`stlog`i archilgan olma, banan quruq mevalar, kompot, nordon bo`lmagan sharbatlar ichish mumkin.
Surunkali pankreatit bilan og`rigan bemor muntazam parhez qilib, dorilarini o`z vaqtida ichishi talab etiladi.
Qoqi o`ti ildizi, moychechak, tillabosh, mavrak, arpabodiyon, bo`ymadaron, kiyik o`ti, qariqiz, yalpiz, dalachoy, qora zira va makkajo`xori popugini damlamasi pankreatitda yaxshi foyda beradi.
Ermon o`tidan 1 choy qoshig`ini, bir stakan qaynagan suvda damlang, 2 soat davomida tindirib, kun davomida yarim stakandan iching.
Sulini yormasini (ovsyanka) kechqurun 1 osh qoshig`ini bir stakan qaynagan suvda ivitib qo`ying va ertalab nonushtadan avval bu suvni iching.
Maqola oliy toifali shifokor- endoskopist Ochilova Xolida Hakimovna bilan tayyorlandi.
Madina LUQMONOVA