AsosiySavol-javob

So`ragan edingiz: 4 savolga 4 javob

Savollarga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o`g`li javob beradi.

«Ostonada ko`rishish mumkin emasmi?»

— Uyga mehmon kelsa yoki tanishlarimdan biri bilan ostonada gaplashib tursam, kattalar «Ostonada salomlashish mumkin emas», deya tanbeh berishadi. Nima uchun bunday qilib bo`lmasligini so`rasam, hech kim tayinli javob bera olmaydi. Savolim shuki, nega ostonada ko`rishib bo`lmaydi? Dinimizda buning hukmi qanday?

— Dinimizda «Ostonada ko`rishish mumkin emas», degan gap yo`q. Aslida, ostonada ko`rishish, u erda o`tirish joiz. Buning hech qanday zarari yo gunohi yo`q.
Ostonada ko`rishishning «zarar»lari haqida har kim turlicha gaplarni aytadi. Jumladan, kambag`allikka sabab bo`ladi, bu erda ko`rishgan odamlarning bir-biridan mehri o`sha ostonada qolib ketadi. Xullas, «Yomon bo`ladi», deb javob beriladi.
Bu noto`g`ri aqidaning ildizi yurtimizga Islom ziyosi kirib kelishidan oldin mavjud bo`lgan otashparastlik e`tiqodiga borib taraqaladi. O`sha botil aqida egalari odatiga ko`ra, odam vafot etganidan so`ng uning jasadi tog`larga, tepaliklarga olib chiqib qo`yilgan. Jasad qush va hayvonlarga em bo`lgan. Faqat suyaklari qolganidan keyingina «ostadon» («ustixon» yoki «ossuariy») deb nomlangan idishga solib, uni ostonaga ko`mishgan. Shundan so`ng kim ostonada ko`rishsa, salomlashsa, unga ham o`lim etadi, deb ishonishgan. Ya`ni, bunda o`lgan odam ustida ko`rishilgan bo`ladi, shu sabab u yana o`lik chaqiradi, deb e`tiqod qilishgan.

Shariatimizda ostonada ko`rishishdan qaytarilmagan. Demak, ostonada o`tirish, salomlashishning hech qanday yomon jihati yo`q. Movarounnahr xalqlari musulmon bo`lishgach, bu kabi bema`ni odatlar, jumladan, ostonaga mayitning suyaklarini ko`mishga barham berildi. Ammo o`sha udumdan qolgan bid`at-xurofotlar sarqiti hali ham odamlar orasida mavjud. Bunday johilona e`tiqodlarga faqat ma`rifat ziyosi bilangina barham berish mumkin.

Baliqqa hayvon go`shti berish hukmi

Hozirgi kunda baliqchilik sohasi rivojlanmoqda. Maxsus hovuzlarda Chet davlatlardan keltirilgan laqqa baliqlar etishtirilmoqda. Baliqlarga so`yilgan moldan ajratib tashlangan (harom sanalgan a`zo) go`sht va qon pishirilib, quritilib berilayapti. Ushbu baliq go`shtini iste`mol qilish musulmon kishiga joiz yoki yo`qligi to`g`risida ma`lumot bersangiz.

— Baliqlarga em sifatida beriladigan siz aytgan ozuqa avval pishirib, quritilib, so`ngra talqon qilib, ichiga turli vitamin va oqsillarga ega boshqa moddalar ham aralashtirilib beriladi. Va mazkur emdagi hayvon go`shtining miqdori boshqa moddalardan ko`ra kamroq bo`ladi, biz bilishimizcha. Agar boqiladigan hayvon baliq bo`lsa, ulamolar bunga ruxsat berishgan. Ammo, baribir, boshqa narsa bilan boqqan afzalroq. Lekin bunday em bilan boqiladigan qo`y, sigir kabi quruqlik hayvonlari bo`lsa, bu borada ahli ilm o`rtasida ixtilof bor. Ba`zilar bu vaziyatda o`sha go`shti berilayotgan hayvon shariatga muvofiq so`yilgan bo`lishi kerak, degan fikrni ham ilgari suradilar. Boshqa ba`zilar esa qo`y, sigirlarga ham bu kabi emishni berishni taqiqlaydilar.

To`ng`iz terisidan tikilgan liboslar haqida

Ukam kiyimlarni kimyoviy tozalash bilan shug`ullanadigan tashkilotda ishlaydi. Unga mijozlar cho`chqa yoki to`ng`iz terisidan tikilgan kiyimlarni tozalatish va bo`yatishga olib kelishadi. Shunday kiyimlarni tozalab bersa bo`ladimi? 

— Ulamolar, go`shti iste`mol qilinadigan hayvonning terisi oshlash bilan pok bo`lishiga bir ovozda ittifoq qilishgan. Mazhabboshimiz Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) nazdida, cho`chqadan boshqa barcha hayvonlarning – xoh go`shti eyiladigan, xoh eyilmaydigan bo`lsin, xoh so`yilgan, yo o`limtik bo`lsin — terisi oshlash bilan poklanadi.

Xotirani kuchaytirish uchun

— Xotirani qanday kuchaytirsa bo`ladi? Bu haqda biror hadis yoki o`qib yuriladigan duolar bormi?

— Xotiraning mustahkam bo`lishi ma`naviy va moddiy omillarga bog`liq. Ma`naviy omil — Yaratganga imon keltirish, gunohlardan tiyilish, xususan ko`zni nomahramlardan saqlash. Zero, inson ilm o`rgana turib gunohlardan tiyilmas ekan, ma`lumotlar zehnga yaxshi o`rnashmaydi. Kitob o`qilsa-yu, nomahramlardan nigoh to`silmasa, ilm unutiladi. Ilmni unutish, parishonxotirlik ham gunohlar asoratidir.
Xotiraning mustahkam bo`lishidagi moddiy omil esa oziq-ovqatlar tarkibini minerallarga boy mahsulotlar bilan boyitishdir. Jumladan, yong`oq va asal eyilsa, xotira kuchayadi.

Inson xotirasining imkoniyati juda yuqori. Faqat biz undan doim ham oqilona foydalanolmaymiz. 600.000 hadisni sanadlari bilan to`liq yod bilgan vatandoshimiz Imom Buxoriy ham biz kabi inson bo`lgan. Shunday ekan, har kim xotirasidan unumli foydalansa, ko`p yutuqlarga erishishi mumkin.
Xotiraning yosh o`tishi bilan susayib borishiga odamning o`zi sababchi. Agar doim nimanidir yodlab yursa, miyasini mashq qildirib tursa, keksaygach ham xotira kuchli, zehn o`tkir bo`ladi. Muhimi banda o`zini ruhan cho`ktirib, «Men endi qarib qoldim», demasdan o`z ustida ishlashda davom etish kerak. Shuningdek, duolarda kuchli xotira, o`tkir zehn so`ralsa, dildagi niyatlar ro`yobga chiqadi.

Savol-javoblar muxlis.uz saytidan olindi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar