2017 yil 14 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Prezidenti saylovidagi yuksak g`alabasi bilan samimiy tabriklab, davlat rahbari lavozimidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqotda saylov natijalari Turkmanistonda xalq farovonligini yuksaltirish, mamlakatni izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chuqur o`ylangan ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy islohotlarga turkman xalqi yuksak ishonch bildirayotgani va ularni to`liq qo`llab-quvvatlayotganining yana bir yorqin ifodasi bo`lgani qayd etildi.
Davlatlar rahbarlari o`zaro munosabatlarning hozirgi holati va istiqbolli yo`nalishlarini muhokama etib, mintaqaviy va xalqaro siyosatning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashdilar. Turkmaniston faol tashqi siyosat yuritayotgani va Gurbanguli Berdimuhamedovning tashabbuslari xalqaro maydonda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida ta`kidlandi.
Prezidentlar davlatlararo munosabatlar turli darajalarda sezilarli miqyosda faollashgani, o`zaro manfaatli hamkorlik kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tomonlar O`zbekiston va Turkmaniston hukumat delegasiyalarining amaliy tashriflari yakunlarini, shuningdek, ikki mamlakat hududlari darajasidagi hamkorlikni ijobiy baholadilar.
Davlat rahbarlari ikki qardosh mamlakat o`rtasida amaliy va ochiq muloqotni jadal rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar samaradorligini yanada oshirish uchun mavjud ulkan salohiyatni to`la ishga solishga tayyor ekanini bildirdilar.
Muloqot yakunida Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovga mustahkam sog`lik va mas`uliyatli davlat rahbari lavozimida ulkan yutuqlar, Turkmaniston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Suhbat davlatlarimiz rahbarlari o`rtasidagi muloqotga xos bo`lgan samimiy va do`stona ruhda o`tdi.