Hayotni bir kemaga qiyoslasak, siz unda qaysi mavqedasiz? Kapitanmi yoki yo`lovchi, etaklovchimi yo ergashuvchi, boshqaruvchimi yoyinki bo`ysinuvchi? Ikkilanib qoldingizmi, unda testimizni eching. Savollarga «Ha», «Yo`q» yoki «Bilmayman», deya javob berish talab etiladi.
1. «Men doim zimmamdagi mas`uliyatni his qilaman. Taqdirimda nimaiki yuz bersa, hammasiga o`zimni javobgar sanayman».
2. «Atrofdagilarning menga nisbatan munosabatining o`zgargani shu paytgacha hech qanday muammo keltirib chiqarmagan».
3. «Omadsizlikka uchradingizmi? Demak, bunga o`zingiz sababchisiz! Men ana shunday fikrlaydiganlar toifasidanman».
4. «Ba`zida o`zimni juda baxtsiz his qilaman».
5. «Barcha xastaliklarni o`zimiz “sotib” olamiz. Axir yon-verimizda chekishning zararligini bilib ham, tamakidan voz kecholmayotganlar qancha?»
6. «Gohida o`z-o`zidan fe`l-atvorim shunaqa bo`lib qolmagan, hammasiga meni o`rab turgan olamdagi insonlarning xatti-harakatlari sabab, deb o`ylab qolaman».
7. «Agar shamollab qolsam, o`zim mustaqil davolanaman».
8. «Jahlimiz chiqqanda, asabiylashmang, deyishni barcha qoyillatadi. Ammo jahlingizni chiqarmaslikka aqllari etmaydi. Ayniqsa, ayol kishining asablari taranglashishiga o`zi emas, boshqalar turtki beradi».
9. «Menga muammoli vaziyatlarni hal qilish yoqadi».
10. «Odamlarga yordam berishni yaxshi ko`raman. Yaxshiliklar yuz barorbar bo`lib qaytishiga ishonaman».
11. «Biror nizoli vaziyat yuz bersa, men kim aybdorligi haqida fikr yuritaman va oxir-oqibat hammasiga o`zim balogardonligim aniq bo`ladi».
12. «Agar yo`lda ketayotganimda oldimdan qora mushuk o`tib ketsa, albatta, yo`lni aylanib o`taman».
13. «Nazarimda, mustaqillikka intilgan kishi juda kuchli va o`ziga ishongan bo`lishi shart».
14. «Kamchiliklarim o`zimga kundek ayon, lekin atrofdagilar meni borimcha, ya`ni «minus»larim bilan qabul qilishlarini istayman».
15. «Men har qanday vaziyatga ko`nikishga harakat qilaman. Chunki ko`nikmasangiz, faqat o`zingizni qiynaganingiz qoladi».
Javoblarni hisoblaymiz!
Natija bilan tanishing!
100-150 ball: «Hammasi o`z qo`limda!»
Siz haqiqiy kapitansiz, kemangiz boshqaruvi, uning har bir qarichi uchun javobgarsiz va mas`uliyatni doim his qilasiz. Hayot dengizida yuz berguvchi to`fonlardan to`g`ri xulosa chiqarasiz. Vahima qilib, chumolidan fil yasash sizga xos emas. Inson qancha qiyinchilikka duch kelsa, shuncha toblanadi, sinovlar bizni yanada yuksaltiradi, deya fikrlaysiz. Shu fe`lingiz samarasi o`laroq oilada ham, jamiyatda ham o`z o`rningiz, so`zingizga egasiz. Birovlarning gapi, kimningdir sizga bergan bahosi bilan hisoblashmasligingiz — yutug`ingiz. Chunki biror masalada qaror chiqarishga ojiz emassiz. Bu har bir kishi uchun juda zarur bo`lgan xususiyatdir. Yana shuni ta`kidlash joizki, boshqalarning istak-xohishlarini boshqarishni ham istamaysiz. Hammaning o`z tanlovi bor va buni hurmat qilish kerak, degan tamoyilingizga sodiqsiz! Bunday yuqori natijaga erishganingiz bilan sizni tabriklaymiz!
50-99 ball: goh undoqsiz, goh bundoq.
To`g`ri, kemangiz boshqaruvi o`z qo`lingizda. Mustaqil qaror qabul qila olasiz, kimlargadir suyanmay oldinga qadam tashlashga kuchingiz etadi. Biroq vaziyat qaltislashsa, rulni kimgadir tutqazib qo`yasiz. Ha, gohi-gohida taslim bo`lish odatingiz bor. Ko`ngilga quloq tutib yoki tinchingizni o`ylab, istamagan ishingizni qilishga ham majbur bo`lasiz. Bunga sizdagi andisha, egiluvchanlik sifatlari sabab. Andishani otini qo`rqoq qo`yadiganlar, sizning «Xo`p, mayli» deganingizdan foydalanadiganlar ham bor. Yagona maslahatimiz, qachon kimning nasihatini inobatga olishni va muhim qarorlarni o`zingiz chiqarishni o`rganing.
0-49 ball: «Sen ne desang, hammasiga xo`p».
Agar to`plagan ballingiz 50ga etmasa, ming afsuski, sizni xursand qilolmaymiz. Chunki natija bo`ysunuvchaligingizni isbotlab turibdi. Bu esa yaxshimas. Sababi o`zingizning muqim qaroringiz yo`q, umuman siz nimanidir hal qilishga doim ham qodir emassiz. Ayniqsa, katta masalalarda boshqalar bilan hisoblashasiz. To`g`ri, inson yaqinlari bilan bamaslahat ish ko`rgani ma`qul, ammo bu degani kim qaerga etaklasa, o`zdan kechib ketaverish deganimas-da! Bugundan o`z ustingizda ishlang. Ota-onasining etagiga yopishgan, birovlarning ra`yiga qarab, o`zini unutgan odam baxtga erishmog`i dushvor. Oilaviy xotirjamlik, muvaffaqiyatli karera uchun mustaqil shaxs bo`lmog`ingiz darkor.
Shoira VAFOEVA tayyorladi.