1

​Bahodir Yo`ldoshevning "Yulduzli tunlar" spektaklidan so`ng(Foto)

Shou-biznes 12.04.2017, 11:00
Teglar: Aktrisa, Aktyor
​Bahodir Yo`ldoshevning "Yulduzli tunlar" spektaklidan so`ng(Foto)

Teatr san`ati darg`alaridan biri Toshxo`ja Xo`jaev "Dunyoda kasblar ko`p. Ularning ko`pi insonga shon-shuhrat, boylik, obro` keltiradi. Lekin rejissyorlik kasbi boshqacha. Bu tinimsiz mashaqqatli mehnat va har bir spektakl­da o`zingni kashf qilishdir", degandi. Ta`bir joiz bo`lsa, teatr san`atini undan ayro tasavvur qilib bo`lmaydigan, tirik afsonaga aylangan rejissyor, O`zbekiston xalq artisti, san`at arbobi Bahodir Yo`ldoshev ham aynan shunday ijodkorlardan. Oz kuch bilan katta ish qilishni afzal biladigan va kichik narsaga katta kuch sarflamaydigan bu rejissyor yosh aktyorlarni jamlab, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asarini sahnaga olib chiqdi...

“Rejissyor uchun spektakllar faqat repetisiya davridagina yashaydi. Repetisiya rejissyorning umriga umr qo`shadi, muhokamalar esa umrini qirqadi. Garchi premeralar ham repetisiya hisoblansa-da, lekin biz uchun bu — asarning o`lgani. Shuning uchun ham bir vaqtlar odamlar Meyerxoldning repetisiyalariga pul to`lab kirishgan. Chunki jarayon qiziq”, deydi rejissyor Bahodir Yo`ldoshev.

Bizga garchi bu qiziq jarayonda ishtirok etish nasib etmagan bo`lsa-da, spektaklni tomosha qilib, asar sahnaga chiqqunga qadar bo`lgan mashaqqatli onlar haqida tasavvurga ega bo`lish maqsadida aktyorlarni suhbatga tortdik.

— Qanday talab va sinovlardan o`tib, rolga tasdiqlandingiz?

Adiz Rajabov: — Asarni o`qish jarayonida Ahmad Tanbal roli topshirilgandi, ma`lum vaqt Mahmudxonning rolini ham ijro etdim. Repetisiyadagi harakatlarimdan kelib chiqib bo`lsa kerak, Bahodir aka “Bobur rolini ham sinab ko`raylik”, dedilar. Hozirda Alisher Uzoqov bilan dublyor bo`lib ishlayapmiz. Lekin ba`zi-ba`zida Ahmad Tanbal rolini ham ijro etib turibman.

Alisher Uzoqov: — Menga avvaliga eng kichik – boshlovchi roli berilgandi. Keyinchalik Ahmad Tanbal, Mahmudxon rollarida ham sinab ko`rdilar. So`ng Bahodir aka “Bobur rolini ham “o`qib” ko`r-chi”, dedilar va shu bilan spektaklni Bobur roli bilan boshladim.

Yulduz Rajabova: — Men esa Qutlug` Nigorxonimdan boshlagandim. Keyin Bahodir aka Xonzodabegim roliga tasdiqladilar. Bu rolning mohiyatini tushunib, qanchalik qiyin rol ekanini anglaganimdan so`ng qarorlaridan xursand bo`ldim. Avvaldan o`zbek ayollari kuchli iroda timsoli bo`lishgan. Doim ularning dardga qanday sabr qilganiga qiziqardim. Shunday ayollardan birining rolini o`ynayotgan bo`lsam-da, hali ularni to`la his qilolmadim. Istagim, buni oxirigacha anglash.

Akbarxo`ja Rasulov: — Har birimizni turli rollarda sinab ko`rdilar. Asarni tayyorlash jarayonida Darvesh Gov, Mavlono Fazliddin, Qosimbek rollarini o`ynadim. Oxirgi to`xtam — Mavlono Fazliddin bo`ldi.

— Bugun ustoz darajasiga etgan aktyorlar “Rejissyor Bahodir Yo`ldoshev juda talabchan, qat`iy talablar qo`yadi”, deyishadi...

Adiz Rajabov: — Aslida har bir ish avvali qiyinchilik bilan kechadi. Bahodir aka haqiqatda talabchan, lekin o`z "to`lqiniga sozlab" olsa, aktyorga hech qanday qiyinchilik tug`ilmaydi. Aktyor Bahodir akaning gapi mag`zini chaqa olsa, tub mohiyatini anglasa, bas. Repetisiya jarayonida tanbehlar eshitamiz, lekin u yaxshilikka xizmat qilishini anglab turamiz. Shu bois tanbehlarga nisbatan hech qanday e`tirozimiz bo`lmaydi.

Yulduz Rajabova: — Bahodir aka bilan ishlashning qiyin tarafi yo`q. Avvalo aktyor o`zini “sindira” bilishi kerak. Ya`ni o`zi uchun tanlov qilib olishi darkor, unga “maktab”, ijod kerakmi yo yuzaki narsalarmi? Hozir haqiqiy ijodga chanqoq paytimiz. Bahodir akaning har bir so`zi biz uchun katta “dars”. Chinakam intizom nimaligini o`rganyapmiz.

Alisher Uzoqov: — Qancha qiynalsak, o`zimizga shuncha foyda. Shu bois Bahodir akaning talabchanligidan nolimayman. Hech qanday e`tirozsiz repetisiyaga erta tongdan boramiz, badantarbiya bilan shug`ullanamiz, sahnada belgilangan libosda chiqamiz, aktyorlik ijrosi, nutqimiz ustida ishlaymiz...

Akbarxo`ja Rasulov: — Masalan, Evropa futbolini olsak, ularda futbolchilar taxminan 20 kilometr yugurishi shart. Bizdagi jamoalarda esa bu ko`rsatgich — 10 kilometr, deylik. Shulardan faqatgina bitta jamoa futbolchilari 20 kilometr yuguradi. Shunda “Bu jamoada tartib-intizom qattiq ekan”, degan gaplar tarqalishi tabiiy. Vaholanki, dunyo standartlari bo`yicha olganda, bu — oddiy holat. Shu sabab ham “Diydor” teatr studiyasidagi tartib-intizom boshqa teatr vakillariga qattiqdek tuyulsa kerak.

— Kino aktyorlari uchun teatrga moslashish, ish tartibiga ko`nikish jarayoni qanday kechdi?

Akbarxo`ja Rasulov: — Boshqa hamkasblarimdan farqli o`laroq O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining 4-bosqich talabasi bo`lgan kezlarim Bahodir akaning “maktab”ida o`qiganman. Bu teatrga o`tgan yilning boshida kelgandim. Shunda Bahodir aka “Teatrga kelishingizdan maqsad nima?” deb so`raganlar. Pul emas, haqiqiy ijod bilan shug`ullanishni oliy maqsad qilib kelganimni aytgandim. Birgina savol bilan uyaltirib qo`yganlari yodimdan chiqmaydi. To`rt yil shu sohada o`qigan talaba uchun javob topib berolmaslik yaxshi holat emasdi-da. O`sha kundan yana qayta o`qishni boshlaganman. Agarda bir daqiqaga ham kech qolsak, Alisher Navoiy ijodidan bitta g`azal o`qib, tahlil qilib berardik. Qolgan hamkasblarim kino “yulduz”lari. Ular doim e`tiborda bo`lib, muxlislarning erkatoyiga aylanganliklari uchun ko`p “xislat”lari kechirilishiga o`rganishgan. Shu sabab ularning menga nisbatan ko`nikishlari ancha qiyin kechdi. Talablarga ko`nikolmay, teatrni tark etganlar ham bo`ldi.

Adiz Rajabov: — Akbarxo`ja to`g`ri aytdi. Talablardan eng asosiysi, qat`iy intizom. Bir-ikki marotaba kech qolganimni inobatga olmasa, bu borada muammo yo`q. Aslida intizom bo`lgan erda ish ham shunga yarasha unumli bo`ladi. Rolga kompleks tarzda ishlab, tayyorlanamiz. Ya`ni aktyor doim formada bo`lib, tanani engil his qilishi uchun jismoniy mashqlar bajaramiz. Qolaversa, ruhiyatni ham chiniqtiramiz. Nutq mashqlarini bajarishimiz ham institut davrlarimizni yodga tushiradi. Teatrda ishlash borasida u qadar tajribaga ega emasligim uchun biroz qiynaldim. Kino va teatr bir-biriga o`xshamaydigan soha. Masalan, kinodagi yirik planda aktyor mimikalardan me`yor darajasida foydalanmasa, katta ekranda juda xunuk ko`rinadi, teatrda esa butunlay aksi. Muhimi, har ikki sohadagi qonun-qoidalarni yodda saqlab, tarozi pallasini teng ushlay bilish.

Yulduz Rajabova: — Boshida qiyinchilik bo`ldi albatta. Filmlarning suratga olish jarayoni ham teatrdagi repetisiya ham bir vaqtda: ertalabdan boshlanadi. Kinorejissyorlarga ertalab teatrda bo`lishimizni aytib, shu ish tartibiga o`rgatishga harakat qilyapmiz. Ba`zida juda zarur bo`lib qolsa, Bahodir akadan uzog`i ikki kunga ruxsat olamiz. Gohida teatrdan dam berilsa, ko`nikolmayman, repetisiyaga borgim kelaveradi (kuladi).

Alisher Uzoqov: — Xabaringiz bor, aslida teatr aktyoriman, teatr menga begona emas. To`g`ri, ma`lum vaqt teatrdan uzoqlashib, kinoga o`rgangandim. Shuning uchun avvaliga moslashish qiyin bo`ldi, haligacha yuz foiz ko`nikdim, deb aytolmayman.

— Sanab o`tilgan talablar sirasiga engil-elpi filmlarda suratga tushmaslik ham kiradimi?

Yulduz Rajabova: — “Qadringizni biling!” deb o`rgatadilar. Teatrda aktyor yashaydi, dildagi g`uborlar rolimiz orqali chiqib ketadi. Har bir spektaklimiz orqali nimadir yo`qotamiz va topamiz. Qisqasi, kino va teatr bir-biriga yordam beryapti.

Adiz Rajabov: — Bahodir aka unday talab qo`ymaganlar. Teatrdan olayotgan ta`lim natijasida o`zimizga bo`lgan munosabat o`zgargan. Yillar o`tib, tarixda qoladigan rollar, bu — bizninig “yuzimiz" axir.

Akbarxo`ja Rasulov: — Maslahatlar beradilar, lekin qat`iy shart qo`ymaydilar. Engil-elpi filmlarda suratga tushmaslikka o`zim e`tiborliman. Shu vaqtgacha hech kim Akbarxo`ja Rasulov qaysi ampluadagi aktyor ekanini aytib berolmaydi. Boisi baliqqa o`xshab, tutqich bermas aktyorman, goh komediya, goh dramada rol ijro etaman. Aslida ham aktyor shunday bo`lishi kerak.

Alisher Uzoqov: — O`ylab qarasam, hozir filmlarda suratga tushmayotgan ekanman. Boisi endi Alisher Uzoqovni faqat professional darajada ishlangan loyihalarda ko`rishadi.

— Aktyorning rolga, o`ynayotgan spektakl muhitiga kirishiga liboslar ham ma`lum ma`noda yordam beradi. Sizlarning rolga kirishishingizda balki rejissyorning kuchi ustunlik qilayotgandir?

Alisher Uzoqov: — Haqsiz! Chunki u kishi rollarimizni shu darajada tushuntirib beradiki, beixtiyor spektakl muhitiga kiramiz. Qolaversa, bu spektakl uzoq vaqt davomida qilingan mehnatning samarasi.

Yulduz Rajabova: — “Yulduzli tunlar” asarini o`qigandim, lekin Bahodir akaning talqinidan keyin butunlay o`zga dunyoga kirib qoldim.

Adiz Rajabov: — Qars ikki qo`ldan chiqadi. Rolga kira olayotganimiz Bahodir akaning bizga berayotgan ilmi, ichki xohishimizning mahsuli. Ochig`i, biz aktyorlarning ichimizdagi olov sekin-asta so`nishga ulgurgandi. Biroq teatrga kelganimizdan so`ng Bahodir aka uni alangalata oldi.

— “Tarixiy libossiz spektaklni ko`rish g`alati tuyuldi. Ayniqsa sallasiz Boburni "hazm" qilish qiyin”, degan e`tirozlar ham quloqqa chalindi. Lekin tan olish kerak, har biringizning ijroingiz liboslar borasidagi kemtikni "yuvib" ketyapti.

Adiz Rajabov: — To`g`ri, liboslardan minimal darajada foydalanganmiz. Lekin e`tirozlarda ham jon bor. Liboslarni vizual qabul qilish, tomoshabinni spektakl muhitiga tezroq olib kiradi. Avvalo Bobur qalbimizda bo`lishi kerak. Tarixiy liboslar kiyganimizga qaramay, rolni maromiga etkazib ijro etolmasak, bu — uyat. Mahoratni birinchi o`ringa qo`ydik. Kiyim ortiga yashirinmaslik uchun ham shunday yo`l tutdik.

Yulduz Rajabova: — Liboslar bizga faqatgina xalal beradi.

Alisher Uzoqov: — Bobur rolini o`zim olib qo`ygan to`nni kiyib ijro etayapman. Biroq liboslarning muhimlik darajasi juda past. Qolaversa “Diydor” teatr studiyasi – eksperimental teatr.

Akbarxo`ja Rasulov: — Sohamizdagi oltin qoidalardan biri — avvalo qalbni “pardozlash”. Libos bo`lsa-yu, “ichi” bo`m-bo`sh bo`lsa, bu oqlab bo`lmaydigan holat. To`g`ri, tarixiy liboslarsiz spektakl ko`rish avvaliga tomoshabinga erish tuyular. Lekin ijro bilan tomoshabinni spektakl muhitiga olib kirolgan ekanmiz, bu — yutug`imiz! Bilasizmi, “qolip”larga o`rganganmiz. Teatr deganda, tomoshabin ko`z o`ngida albatta tarixiy liboslardagi aktyorlar gavdalanadi. Bu borada dunyodagi teatrlar allaqachon ilgarilab ketgan.

— Spektakl davomidagi eng og`ir sahna qaysi?

Adiz Rajabov: — Bobur shoirtabiat bo`lgani bois urushlardan yiroq sarkarda. Biroq onasi uni Samarqandga yurish boshlashga undaydigan sahnada qiynalaman. Xohishga qarshi ish tutish juda og`ir. Lekin rolim ta`siridan chiqib ketishim qiyin kechmaydi.

Yulduz Rajabova: — Men Mavlono Fazliddin bilan xayrlashish sahnasida qiynalaman. O`sha damda Xonzodabegimga ukasi uchun muhabbatini qurbon qilib, sevgilisidan ayrilish og`ir. Bu dardga dosh berish o`ta mushkul.

Akbar­xo`­ja Rasulov: — Bobur Mirzo shohlikdan voz kechib, oddiy cho`pondek yashashni istab, telbanamo bo`lib qolgan vaqtda, Mavlono Fazliddin fikridan qaytarib, jang qilishi kerakligiga ishontiradigan sahna bor. Shu jarayon Alisher, Adiz va men uchun ham og`ir. Yaqin insoningizning telbalik chegarasida turganini ko`rish azob.

Alisher Uzoqov: — Akbarxo`ja haq! Ikki marotaba qahramonim kabi haqiqatan telba bo`lib qoldim, rolimdan chiqib ketolmadim. Hatto Bahodir aka ham “Chindan telbaga aylandingmi? Nima bo`ldi senga?” degan vaqtlari ham bo`ldi. Nima bo`lganini o`zim ham bilmayman. Qolaversa, Mahmudxon bilan bo`lgan sahnada qiynalaman. U informasion sahna-da, aktyor uchun ijro kam (kuladi).

— Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov. Qay biri tipaj, mahorat jihatidan Bobur roliga to`la mos keldi?

Alisher Uzoqov: — Aslida asarni “o`qish” jarayonida Bobur roli Adizga berilgandi. Keyin men unga dublyor bo`ldim. Adiz talqinidagi sarkardada qattiqqo`llik bor, mening Boburim esa shoirtabiat.

Adiz Rajabov: — Spektaklda qaysi rolni ijro etishim muhim emas. Asosiysi, teatrda ishlashim! Hozirgi ish jarayonida esa “bagaj” to`playapmiz. Ikkovimiz ikki xil Boburni talqin qilganmiz, bu tabiiy. Dublyor sifatida Alisherdan hech nima olmayman, yo`qsa, ijromiz bir xil bo`lib qoladi. Muhimi, tomoshabinga ma`naviy ozuqa bera olish.

— Nazaringizda, rolingizga nima etishmadi: salobat, viqor, nigohdagi dard...

Adiz Rajabov: — Aniq javob berolmayman. Lekin o`z ustimda hali ko`p ishlashim kerak.

Alisher Uzoqov: — Nazarimda, hammasi me`yorida (kuladi).

— Ikkovingiz ham javob berishga qiynaldingiz. Balki Akbarxo`ja bilan Yulduz xolis fikr bildira olishar. Kimning talqinidagi Boburga ko`proq ishondingiz?

Yulduz Rajabova: — Ularning yutug`i — Alisher Uzoqov his qilgan dardni Adiz Rajabov qaytarmaydi va aksincha. Ikkovi o`zidan kelib chiqib, o`z Boburini talqin qilgan. Eng asosiy yutug`i esa rolning mohiyatini tushunishganida.

Akbarxo`ja Rasulov: — Ikkovini ham inson, ham aktyor sifatida yaxshi bilganim uchun imkoniyat darajalarini bilaman. Alisher ijrosidagi Bobur og`ir vaziyatlarda hissiyotlariga erkinlik beradi va “portlaydi”. Bu holatda Adizning Boburi sukut bilan “gapiradi”. Lekin ikkovining ham talqinini tomosha qilish maroqli.

— Alisher aka, spektakl jarayonida telefon o`ynab o`tirgan tomoshabin yigitni roldan chiqmagan holda ta`zirini berganingiz haqida eshitdim. Tez-tez quyushqondan chiqib turasizmi?

Alisher Uzoqov: — Bunday holat bir marotaba bo`ldi. O`sha yigit spektakl mohiyatini anglamay, telefon o`ynab, kulib o`tirganini ko`rgach, fig`onim falakka chiqdi. Roldan chiqmagan holda yoqasidan olib, biroz turtib yubordim. Tomoshabin "asli ssenariy shunday ekan", deb o`yladi (kuladi). So`ng xatosini anglab, spektaklning oxiriga qadar boshini xam qilgancha o`tirdi. Keyin chaqirtirib, uzr so`radim, tomoshabinga bunday munosabatda bo`lmasligim kerak edi. Keyin bilsam, u yigit Surxondaryodan “Alisher Uzoqovni ko`raman”, deb poytaxtga kelgan ekan. Birga rasmga tushib, xursand bo`lib ketdi (kuladi). “Tez yonib ketadigan” odatim bo`lgani bois o`zimni tutib turolmadim, lekin bu holat boshqa qaytarilmaydi.

"Diydor" teatr studiyasida sahna va tomoshabin zali birlashib ketgan. Aktyor qiyofasidagi o`zgarishlar, nigohdagi dardni yaqindan ko`rish va beixtiyor his qilish imkoni bor. Bu teatrda tomoshabin soni hech qanday ahamiyatga ega emas, muhimi, tomoshabin va aktyorni bir-biriga yaqinlashtirish. Bu jarayonda qo`g`irchoqnikidek pirpirab turgan "bo`m-bo`sh" ko`zlarni emas, nigohlarda qalbni ko`rasiz. Qalb esa kitob nuri bilan to`lgan. Rejissyor Bahodir Yo`ldoshevning "Yulduzli tunlar"ini tomosha qilib, olam-olam taassurot bilan qaytdik va anchagacha spektakl ta`siridan chiqa olmadik.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV.

Sharhlar

Gavhar Sharipovaga haydovchi shilqimlik qilganligi holati yuzasidan qo`shimcha bayonot berildi

20.11.2019, 14:21

“Aktrisaga shilqimlik qilingan, u esa yurib ketayotgan yuk mashinadan o`zini tashlagan” Qashqadaryo YHXB qo`shimcha bayonot berdi.2019 yil 18 dan 19 noyabrga o`tar kechasi soat 02:20...
Shavkat Komilov suratga olish jarayonida aktrisani o`ldirib qo`yishiga bir bahya qoldi (video)

05.11.2019, 00:13

“Yolg`izlar”, “Ko`z yoshim”, “Dard” kabi o`n beshdan ziyod filmlari orqali tanilgan aktyor Shavkat Komilov ishtirokida video  tarqaldi...Unda aktyor, portnyori Aziza Yoqubovani chin ma`noda o`ldirib qo`yishiga...
​AKTRISA ASAL ShODIEVA TADBIRKORLIKKA QO`L URDI (FOTO, VIDEO)

21.09.2017, 15:12

Asal Shodievaning Instagramdagi ijtimoiy tarmog`ida o`ziga xos dizayndagi liboslar to`plami aks etgan suratlar paydo bo`ldi. Ma`lum bo`lishicha, mazkur liboslar aktrisaning g`oyasi bilan yaratilgan bo`lib, Miel...
​SITORA ALIMJONOVA ShAXSIY HAYoTINI MUHOKAMA QILGANLARGA MINNATDORChILIK BILDIRDI

14.08.2017, 12:34

Aktrisa Sitora Alimjonova 8 avgust kuni turmushga chiqdi. Uning to`yi Tailandning Pxuket orolida bo`lib o`tdi.Sitora o`z intervyularida turmush o`rtog`ining 27 yoshda ekanligini va u tadbirkorlik...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1