Har bir qizning o`qish, ish joyida erta-yu kech birga yuradigan tengdosh dugonasi bo`ladi. Onasiga aytmagan gaplarini, sirlarini unga ishonadi. Bo`y etgan qizlarning ko`ngillarida sevgi kurtak ochganda esa ko`pincha dugonalar o`rtasiga sovuqchilik tushishi kuzatiladi, eng yaqin dugonalari ularga pand beradi. Nega shunday? Aksar hollarda biz ko`ngil qo`ygan yigitga nima uchun dugonamiz ham zimdan termulib turgan bo`ladi?
RAShKmi, HASADmi yo HAVAS?
Dugonajon, ko`pincha xato o`zingizdan o`tadi. O`rtog`ingiz boshqa qizlar bilan tushlikka chiqsa, qovog`ingizni uyub bir-ikki kun gaplashmay yurasizu, nega endi sizning xayolingiz bo`linganda uning jahli chiqmasin? Yaxshilab o`ylang, shu yigit bilan qaymoqlashib qolganingizdan beri dugonangizning gaplarini, muammolarini, sirlarini eshitib ko`rdingizmi? Axir, uni o`zingizga tansoqchi o`rnida suiste`mol qilib, sudrab yurishdan boshqasiga yaramayapsiz-ku! Xuddi uchrashuvga shu dugonangiz bilan chiqsangiz, hech kim sizni gap qilmaydigandek. Siz uchun bu qiz ko`p ishlar qilishga tayyor. Hamyonidagi yo`lkirasidan tortib, likopdagi ovqatigacha bo`lishadi, sevgi strategiyangiz uchun qator maslahatlar beradi. Siz esa uni faqat tinglovchiga aylantirib olasiz-da, sevganingiz nima qilgani, sizga nima degani haqida og`zingizning tanobi qochib maqtanaverasiz. Yodingizda bo`lsin, faqat kuchlilargina tinglay oladi, qolganlar eshitishdan zerikkan paytda o`zining xayollari bilan band bo`ladi. Shunda xayolida alam bosh ko`taradi: “Nega men faqat uni tinglashim kerak?”, “Nega o`rtog`imga qorovullik qilib, «uchinchisi ortiqcha» bo`lib yurishim kerak?”, “Axir mening ham hayotim, qiladigan ishlarim bor-ku, bo`sh vaqtimni shular yonida o`tkazishim shartmi?..” Yoki, eng yomoni, “Nega shunday yaxshi yigit meni sevib qolmadi?”
Vaqtingiz va e`tiboringizni to`g`ri taqsimlay olmaganingiz uchun ham dugonangiz o`zini unutilgan his qilishni boshlaydi.
“Bu yigitga men munosibman!”
Qizlarning husni har xil bo`ladi. Ikki dugonaning biri boshqasiga qaraganda ko`hlikroq tuyuladi. Shunga yarasha chiroylining oshiqlari ham har qadamda uchrab turadi. Bu vaziyatda ikkinchi qizning o`ziga bo`lgan ishonchi pasayib, har jihatdan noshud sezib qolishi mumkin. Muammolar ildizini shu erdan ham topsa bo`ladi.
Bundan tashqari Bu “chin do`st”ga berilgan mutloq erkinlik, barcha yaxshi-yomon jihatlarini bilish imkoniyati uning qo`lida kuchli qurolga aylanadi. Qizgina aqlli, oqila bo`lsa xo`p-xo`p, aks holda, arzimagan vaziyatlarda qarama-qarshi tomonga o`tib, dugonalik qilishni to`xtatib qo`ysa bormi... “Axir, o`rtog`im injiq, mana bunday yomon taraflari bor, shundoq yigitning qadriga etmaydi, uni o`yinchoq qiladi, undan ko`ra men munosibroq emasmanmi?” deydi ichida. Ana endi ko`ring! Yigit bilan gaplashishga uyalib, har safar o`rtog`ingizni pochtachi o`rnida yuboraverganingiz, telefon qildiraverganingiz uchun ularda suhbatlashishga, bir-birini o`rganishga, siz haqingizda hazil aralash haqiqatlarni aytib qo`yishiga imkon yaratgan bo`lasiz. Agar dugonangizning o`ziga tegishli «ob`ekt» bo`lmasa, siznikiga sherik bo`lishni boshlaydi. O`zingiz uning qulog`iga «Dunyodagi eng yaxshi yigit shu bo`ladi», degansiz.
Quyidagilarga e`tiborli bo`ling!
Sevgilim bilan o`rtamizda bo`lib o`tgan hamma gap-so`zlardan dugonamni xabardor qilishim kerak, degan qoida yo`q. Kerakli gaplarnigina ayting. Bu gaplar ichida yigitni mutloq yaxshi ko`rsatadigan yoki yomonlaydigan gaplar bo`lmasin. Ikkala holat ham keyinchalik o`zingizning zararingizga xizmat qilishi mumkin.
Yigitni chalg`itadigan, uni sinaydigan fitnalar uyushtirmang. Bunda dugonangiz bosh rolda ishtirok etmasin. Masofa saqlagan holda iliq munosabat o`rnatish ham mumkin. Sabr qilsangiz, vaqt o`tgan sayin yigitning aslida kim va qanday ekanligini bilinadi.
Agar yigit yoqsa, nega uning muhabbatini, sovg`alarini mensimaysiz, kerakmasdek tutasiz o`zingizni? Bu ibo va hayodan bo`lsa, “sovg`a qabul qilish tarbiyamga to`g`ri kelmaydi”, deb aytish kerak, vassalom. Yigitlarning shaxsiyatiga tegib, ularni o`yinchoq qilishga urinish, “qarab tur hali” degan kayfiyat uyg`otadi va eng yaqin dugonangizni nishonga olib, sizdan o`ch olishga harakat qiladi.
Eng yaqin dugonangizning kamchiliklarini bilsangiz ham yigitga uni yomonlamang. Oxirida kim yoningizda qolishini bilmaysiz! Qolaversa, yigitning ham ko`zi bor, kimning aslida ko`ngli tozaligini ko`rib turadi.
Dugonangizga vaqtingizni ko`proq ajrating, uning chiroyli ekanini, havas qilishingizni aytib turing.
Yigit bilan o`rtangizdagi munosabatda uchinchi odamni o`zingiz qo`shib qo`ymang. Hamma muammolarni o`zingiz hal qilishga o`rganing. Albatta, maslahatlashish yaxshi, ammo ikki qiz birgalikda harakat qilishi esa yigitni cho`chitib qo`yadi. Aslida yigitlarning muhabbati, dugonalarning sadoqati shunday vaziyatlarda sinaladi. Ikkisi ham sizga pand berdimi, yig`i-sig`iga hojat yo`q. Ularning ikkisini ham to`g`ri tanlamagansiz.
Aziza QURBONOVA