Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Farmonga ko`ra, Respublikada ekologik xavfsizlikni ta`minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog`ligiga zararli ta`sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yig`ish, saqlash, tashish, utilizasiya qilish, qayta ishlash va ko`mish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi etib qayta tashkil etildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi faoliyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvi;
atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida ob`ektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sog`lomlashtirilishini ta`minlash;
chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig`ish, tashish, utilizasiya qilish, qayta ishlash va ko`mish borasida ta`sirchan tizimni tashkil etish;
er, er osti boyliklari, suv, o`rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o`simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o`rnatish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni amalga oshirishga oid amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta`minlash;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi o`simliklarni ko`paytirish va saqlash pitomniklarini, zoologiya va botanikaga oid kolleksiyalarni davlat tomonidan ro`yxatga olish;
ekologik tarbiya, targ`ibot va ta`limni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi markaziy apparati tarkibida Chiqindilarning hosil bo`lishi, to`planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizasiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko`milishi va realizasiyasini nazorat qilish inspeksiyasi, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining apparatlarida Inspeksiyaning hududiy bo`linmalari bo`ladi.
Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida «Toza hudud» davlat unitar korxonalari va shaharlarda hamda respublika tumanlarida tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining maishiy chiqindilarni tashib ketish bo`yicha xizmatlar ko`rsatish uchastkalari negizida ularning filiallari tashkil etiladi.