AsosiyDunyo
4234

​Yaxshilik evaziga buyuk inson bo`lib etishgan bola

'​Yaxshilik evaziga buyuk inson bo`lib etishgan bola'ning rasmi

Yigirmanchi asrning boshlarida shotlandiyalik fermer botqoqlik yonidan o`tib, uyiga ketayotganda yordam so`rab baqirayotgan ovozni eshitdi. U ovoz kelgan tomonga borganda botqoqlikka botib qolgan bolani uchratdi. Bola qo`rqinchli botqoq changalidan chiqishga, qutulishga harchand harakat qilmasin, buning ilojini topolmas edi. Uning har bir harakatidan keyin botqoqlik uni yanada o`z domiga tortardi. Bola qo`rquv va ilojsizlikdan battar nola qilardi. Fermer yo`g`ongina daraxt shoxini sindirib, uni bolaga uzatdi. Bola shoxga osilib, ajal komidan chiqdi. U botqoqlikdan chiqqandan keyin ham anchagacha o`ziga kelolmay, ko`z yoshi to`kdi, eng asosiysi u tirik qoldi!

— Yur, menikiga, kiyimlaringni yuvib, quritib olasan, o`zingga kelganingdan keyin uyingga ketasan, — dedi fermer.

— Yo`q, —deb bosh chayqadi bola, — meni otam kutyapti, kech qolganimga xavotirlanib o`tirgan bo`lsa kerak.

U o`zini o`limdan qutqargan odamga minnatdorchilik bildirib, chopib ketdi...

Ertasi kuni tongda fermerning uyi oldiga zotdor otlar qo`shilgan, muhtasham arava kelib to`xtadi. Undan juda bashang kiyingan janob tushdi:

— Kecha siz o`g`limning hayotini saqlab qoldingizmi?

— Ha, men, — deb javob berdi fermer.

— Xizmatingiz uchun sizga qancha haq to`lashim kerak?

— Janob, xafa qilyapsiz, hech nima kerak emas. Mening o`rnimda bo`lgan har qanday aqli raso odam shunday yo`l tutgan bo`lardi.

— Yo`q, buni shunday qoldira olmayman, chunki o`g`lim bu dunyodagi eng qimmatbaho boyligimdir. Istagan pul miqdorini aytishingiz mumkin, — gapida turib oldi erkak.

— Bu mavzuda boshqa gapirishni istamayman. Xayr!

Fermer ketish uchun ortiga qayrildi, shu payt o`g`li yugurib kelib otasini quchdi.

— O`g`lingizmi? — deb so`radi badavlat mehmon.

— Ha, — dedi fermer, faxr bilan bolasining boshini silar ekan.

— Unda bunday qilamiz. Men ta`lim berish uchun o`g`lingizni Londonga olib ketaman, o`qish haqini o`zim to`layman. Agar u ham otasiga o`xshagan bag`rikeng, olijanob inson bo`lsa, mazkur qarorimizdan afsuslanmaymiz, deb o`ylayman.

Oradan yillar o`tdi. Fermerning o`g`li maktabni, keyin tibbiyot universitetini bitirib, dunyoga mashhur inson bo`lib etishdi, nomi tarix zarvaraqlariga “pensilinni ixtiro qilgan odam”, deb bitildi. U Aleksandr Flemming edi.

Kunlardan bir kun Londonning eng qimmat klinikasiga o`sha janobning zotiljamning og`ir turiga uchragan o`g`li keltirildi. Bu safar uning hayotini kim saqlab qoldi, deb o`ylaysiz? Albatta, Aleksandr Flemming ixtiro qilgan penisillin saqlab qoldi. Flemmingning ta`lim olishiga yordam bergan odamning ismi Randolf Cherchill, o`g`li esa keyinchalik Angliya bosh vaziri lavozimiga ko`tarilgan Uinston Cherchill edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar