AsosiySUG'DIYONA

​Antiperspirant xarid qilamizmi yoki dezodorant?

'​Antiperspirant xarid qilamizmi yoki dezodorant? 'ning rasmi

Bugun hayotimizni dezodarant va antiperspirantlarsiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, havo haroratining isishi ularga bo`lgan talabni yanada orttiradi. Bu vositalarni tanlashda nimalarga e`tibor berish darkor? Ular xavfli xastaliklarga sabab bo`lishi bor gapmi? Bular haqida dermatolog shifokor Nodira AKROMOVA gapiradi.

Qay birini tanlaymiz?

Terlashga qarshi vositalarning qadog`ida «dezodorant» va «antiperspirant» degan yozuvga ko`zingiz tushadi. Xo`sh, ularning farqi nimada? Birinchi navbatda ularning tarkibi va qo`llash usullari boshqa-boshqa ekanligini ta`kidlashni istardik. Demak, dezodarant o`tkir hidli vosita bo`lib, aynan o`sha hid hisobiga tananing badbo`yligini yashiradi. U terlashga qarshi kurashmaydi. Tarkibida spirt saqlagani uchun terini qurutishi mumkin. Allergiyaga moyil kishilarga o`tkir iforli vositalar tavsiya etilmaydi. Rastalarda tarkibida «spirt 0 ga teng» degan yozuvli vositalar ham bor. Ulardagi spirt o`rnini triklozan moddasi almashtiradi. Bu moddani xavfsizlar qatoriga qo`shish mumkin. Endi “Antiperspirant” haqida gaplashsak. Uning tarkibidagi alyuminiy tuzlari (alyuminiyxlorid) ter ajraluvchi katakchalarni xuddi qopqoqqa o`xshab yopib qo`yadi. Shu o`rinda bu xavfli emasmi degan savol tug`ulishi tabiiy. Tanamizda 3000tadan 7 000tagacha ter bezlari mavjud bo`lib, ba`zilarining faoliyati mexanik tarzda cheklanganda, boshqalari jadalroq ishlay boshlaydi, natijada ter baribir organizmdan chiqib ketadi.

Davolovchi turlari ham bor

Siz do`kon rastalaridan sotib olishga odatlangan antiperspirantlarning maxsus davolovchi turlari ham borki, ularni faqat dorixonalardan xarid qilishingiz mumkin. Oddiylarida alyuminiy tuzlari miqdori 1-2 foizni tashkil etsa, davolovchilari tarkibidagisi 15-20 foizga etadi. Odatda bunday vositalar dermatolog shifokor tavsiyasiga ko`ra kuchli terlashni bartaraf etish uchun qo`llaniladi. Bunday davolovchi antiperspirantlarni huddi dori vositasi singari qo`llash yo`riqnomasi ham bo`ladi. Ularni toza va quruq teriga, iloji bo`lsa kechqurun uyqudan avval, terini fenning iliq havosida quritib, keyin surtiladi. Ana o`shanda kimyoviy moddalar teriga singib, o`z ta`sirini ko`rsata boshlaydi. Nam teriga sepilgan yoki surtilgan har qanday antiperspirant butunlay besamar hisoblanadi. Shuningdek, davolovchi vositalarni ko`p terlaydigan a`zolar: qo`l, oyoq, labning ustki qismiga ham qo`llash mumkin.

Bolalarga kerakmas

O`smir yoshga etmagan bolalarning organizmida apokrin ter bezlari ishlamaganligi bois ter hidi o`tkir bo`lmaydi. Bolalarga o`smir yoshga qadar dezodarant va antiperspirantlardan foydalanish tavsiya etilmaydi.

Saraton chaqirishi rostmi?

Oksford universiteti olimlari tomonidan e`lon qilingan maqolada antiperspirantlar saraton chaqirishi haqidagi faraz tasdiqlanmaganligi ma`lum qilingan. Biroq bu vositalarni endigina mo`ylardan tozangan teriga qo`llash mumkin emasligini unutmang. Ikkinchi muhim qoida esa oddiy antiperspirant va dezodarantlardan foydalanganingizdan keyin, uyquga ketishdan avval albatta dush qabul qiling. Shunda teri kataklari nafas ola boshlaydi. Agar sport bilan shug`ullanishni rejalashtirigan bo`lsangiz ham bu vositalardan foydalanmaganingiz afzal.

Kiyimda iz qoldirmaydiganidan tanlang

Bugungi kunda sharchali, spreyli, gelli va sovunli antiperspirantlar mavjud bo`lib, ulardan sharchali va gellisi libosda deyarli iz qoldirmasligi aniqlangan. Sprey va sovunli turi esa ozmi ko`pmi iz qoldirishi mumkin. Vosita xaridi chog`ida shu ma`lumotni inobatga olib qo`ysangiz, yanglishmaysiz. Yana tarkibiga diqqat bilan nazar tashlang, agar «talk» so`zi bo`lsa, libosda oq dog`lar qoldirishi mumkinligini e`tibordan chetda qoldirmang.

Maftuna tayyorladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar