AsosiySalomatlik

​Xalq tabobati usullari borasida afsona va haqiqatlar

'​Xalq tabobati usullari borasida afsona va haqiqatlar'ning rasmi

Bugungi kunda dori-darmonlarni chetga surib, quloqqa chalinib qolgan turli damlamalar bilan davolanishni ma`qul ko`radiganlar ko`p. Ammo savol tug`iladi: ularning tutgan usullari to`g`rimikan?..

Hatto har narsaga shubha bilan qaraydiganlar ham o`zlari sezmagan holda vaqti-vaqti bilan xalq tabobatidan darmon izlashadi. Shamollagan paytda malina murabbosi yoki limon solingan choy ichishlarini, radikulitda bellariga issiqqina ro`mol o`rab olishlarini tushunsa bo`ladi. Bunday usullar bilan organizmimizning himoya vazifasini oshirish istagida bo`lamiz. Muhimi, yarani o`rgimchak to`ri bilan bog`lash, anginani kerosin bilan artish, jigarni o`simlik yog`ida tozalash kabi aqlga sig`mas usullardan uzog`roq bo`lsangiz bas. Sahifamiz orqali bir necha mashhur xatoliklardan boxabar bo`lishni taklif etamiz.

«Xalq tabobati har dardga davo!»

Ibtidoiy odamlar ham ana shunday fikrda bo`lishgan, boshqa ilojlari ham yo`q edi-da! Bizda esa ilmiy tibbiyot ko`rinishidagi imkoniyat mavjud. Ammo u ham har dardimizga shifo berolmaydi, shifokorlar sehrgar emas. Shuningdek, tabiblar ham katta qudratdan xoli ekanliklarini unutmaylik. Oddiy shamollashdan saraton kasalligigacha har bir dardning 90 foizi psixosomatik tabiatga ega. Ya`ni avval miyamizda tug`ilib, so`ng butun tanani o`ziga bo`ysundiradi. Shifokorimiz bilan bir og`iz gaplashganimizdan keyin ancha engillashishimizning sababi shunda. Afsuski, ko`pchilik tibbiyot xodimlarining har bir bemor bilan psixoterapevtik seanslarni o`tkazishga vaqtlari yo`q. Tabiblar esa xastalarni tinglashga doimo tayyor (tekinga emas, albatta), yana darddan forig` etishga va`da ham berishadi. Shifokorlar esa juda katta va`dalarni berishga hayiqib turishadi.

! Shifokoringizdan davolash rejangizga xalq tabobatini kiritishini iltimos qiling. Agar ular mutaxassis tomonidan belgilanib, umumiy terapiya doirasida madad beruvchi sifatida qo`llanilsa, samarali natija beradi.

«Bunday usullar xavfsiz»

Agar onkologik xastalikka chalingan bemor kimyoterapiya o`rniga xalq tabobatidagi reseptlar bo`yicha tayyorlangan damlamalarni iste`mol qilsa, qimmatli vaqt qo`ldan boy beriladi. Biroq onkologik kasalliklarni davolashda o`simlik vositalarini qo`llash qo`shimcha terapiya sifatida, shuningdek, albatta shifokor tavsiyasi va kuzatuvi asosida amalga oshirilish sharti bilan muvaffaqiyat qozoniladi. Turli xalqona usullar yordamida davolashlarning to`g`ri kelmasligini ko`rsatuvchi belgilar bo`ladi. Hatto o`tli damlamalar ham siz o`ylaganingizdek beziyon emas. Biror o`tning miqdorini oshirib, iste`molini uzoq davom ettirsangiz, salomatligingizga katta zarar etkazishi mumkin. Masalan, jigarni tozalashda qo`llaniladigan shuvoq yoki shamollash jarayonlariga qarshi yaxshi vosita hisoblanuvchi mavrak (shalfey)da sal miqdor oshirilsa, zaharli xususiyatini namoyon etuvchi terpenoidlar mavjud.

! Fitoterapiyaning vaqtini uzaytirib yubormang. Odatda, bu muolaja 2-3 haftaga mo`ljallangan. Mazkur vaqtdan so`ng tanaffus qilishingiz darkor. O`tlarni esa avtomexaniklik diplomga ega bo`lgan oltinchi avloddagi tabib emas, balki shifokor tanlab berishi kerak.

«Asalli choy shamollashga qarshi eng yaxshi vosita»

Afsuski, unday emas. Biz odatda ustidan qaynoq suv quyadigan asal yuqori haroratdan o`zining foydali xususiyatlaridan mahrum bo`ladi. Chunki asal tarkibidagi vitamin, ferment va boshqa biologik faol moddalar 50-60 darajali haroratda zaiflashadi. Bundan tashqari, choyga solingan asal ko`pincha qiyinchilik bilan o`zlashtiriladi (gaz hosil etib, qorinda og`riq paydo qiladi yoki allergiyani qo`zg`ashi mumkin). Asal tabiiy ko`rinishda iste`mol qilinsagina, tomoq, burun halqum va bodomsimon bezlardagi mikroblarga qarshi ta`sir ko`rsatadi.

! Davolanish maqsadida bir choy qoshiq asaldan og`izga solib, uni so`rib, so`ng choy yoki qaynatilgan suv ichishingiz ayni muddao.

«Kerosinga etadigani yo`q»

Xalq tabobati kerosinni anginada shamollagan bodomsimon bezga surtishni tavsiya etadi. Biroq LOR shifokorlar kerosin surtishni nojoiz usul deb hisoblashadi. Tayoqchaga o`ralgan paxta chiqib ketib, nafas yo`lini yopib qo`yishi mumkin. Bunday hodisa ro`y bermasa-da, kerosin og`iz va tomoqlarning shilliq qatlami kimyoviy kuyishiga yo`l ochib beradi. Shuningdek, kerosin zaharli bronxit va pnevmoniyani yuzaga keltirishi mumkin. Bu muolaja kamida astma xuruji paytidagi nafas qisishi bilan kuzatiluvchi reflektor bronxospazm xavfini oshirishi ehtimoli ham yo`q emas. Ana shu vosita yordamida bitlardan xalos bo`lish fikrining tug`ilishi kerosindan kasal holatga etguncha hidlashingizni ta`minlaydi. Pedikulyozdan hatto hozirgi kunda ham oxirigacha qutulish mushkul, ammo bu xalq tabobatidan foydalanish kerak, degani emas.

! Bitlarga qarshi shampun xarid qilish uchun dorixonaga yo`l oling. Muammoni madaniyatli ravishda hal etganingiz ma`qul.

«Hammaga mo`miyo yordam beradi»

Ba`zilar «qancha ko`p bo`lsa, shuncha yaxshi» aqidasiga amal qilib, deyarli hamma kasalliklarda mo`miyodan foydalanishadi. «Bu ne`matdan foyda ko`rsang ko`rasanki, zarar ko`rmaysan», degan fikrni ma`qullaydiganlar bor. Biroq, birinchidan, organizmning hayotiy quvvatini ehtiyotkorlik bilan kuchaytirish lozim. Aks holda zaxiradagi kuch-quvvatni sarflab yuborish mumkin yoki organizm tashqi ta`sirlarsiz o`z kuchi bilan quvvatga to`lolmaydi, shuningdek, infeksiyalarga qarshi chiqolmaydi. Ikkinchidan, biokuchaytiruvchilar nafaqat tiklanuvchi, balki allergiya, autoimmun reaksiyalar va hatto saraton hujayralarining o`sishi kabi patologik jarayonlarni tezlashtirishga qodir.

! Mo`miyodan faqat shifokor tavsiyasiyu ko`rsatmasi bo`yicha foydalaning. Masalan, o`n ikki barmoqli ichak va oshqozon yarasini davolash yoki suyak sinishidan keyingi tiklovchi vosita sifatida qo`llashingiz mumkin.

«O`simlik yog`i jigarni tozalaydi»

Bunday tabobatga ishongan odamlar o`simlik yog`ini qoshiqlab, hatto stakanlab iste`mol qilishadi. Va qorindagi og`riq, ich ketishi, yuqori tana harorati moddalar almashinuvi tezlashganidan, organizmdan zararli moddalarni chiqarib tashlayotganidan dalolat ekaniga ishonishadi. Aslida bu hazm tizimiga ortiqcha yog`larning qabul etilgani sababli paydo bo`lgan buyrak sanchiqlari va xolesestit kuchayishi belgilaridir. Uning o`simliklar olamiga mansub ekani muhim emas, chunki eng foydali maxsulot ham me`yoridan oshiqcha iste`mol qilinsa, zaharga aylanadi. Ayniqsa, ko`krak saratoniga chalingan ayol onkolog yordamida davolanish o`rniga vaqtni boy berib, o`simlik yog`i bilan aroq yordamida davolanishi juda ayanchli.

! Aslo bunga yo`l qo`ymang! Sog`lig`ingizda biror muammo his etayotgan bo`lsangiz, darhol shifokor huzuriga borib, tibbiy tekshiruvdan o`ting! Ko`krak saratoni boshlang`ich bosqichda aniqlanib, o`z vaqtida chora ko`rilsa, shifo topishini unutmang!

«Peroksid mo``jiza yaratadi»

Urinaterapiya bilan shug`ullanish odamlar ana shu usul sabab buyrak toshiga chalinganlaridan so`ng ancha kamaydi. Biroq uning o`rnini peroksid egalladi. Jarohatga tomizilgan vodorod peroksidining vishillab ketganini ehtimol ko`rgandirsiz. Uning yordamida sochni sarg`aytirish jarayonini-chi? Endi esa peroksid iste`molidan so`ng oshqozonda nimalar sodir bo`lishini tasavvur etavering. Peroksid kislorod atomini ajratib, kimyoviy reaksiyalarga osongina kirishadiyu organizmga o`ta zararli moddalar kiritiladi. Mazkur moddalarning yig`ilib borishi hujayralar genetik apparatiga salbiy ta`sir ko`rsatib, allergiyadan saratonga qadar turli jiddiy kasalliklarga zamin yaratadi.

! Hatto tabibingiz tashqi qo`llanishga mo`ljallangan vositalarning samarali ta`sirini isbotlay ketganida ham ularni aslo iste`mol qilmang!

«Tabiat eng yaxshi davo»

Agar chindan ham tabiat eng yaxshi davo bo`lganida velosipedni kashf etishga, dorilar ishlab chiqarishga hojat qolmagan bo`lardi. Agar shifokorlar faqat xalq tabobatidan foydalanganida va dorixonalarda zuluk hamda o`tli damlamalar sotilganida bemorlarning sog`ayib ketishiga imkon kamayardi. Xalq tabobati tarafdorlari o`simlik preparatlari hujayralar darajasida ishlagani bois asta- sekinlik bilan ta`sir ko`rsatishini hisobga olishlari kerak. Jiddiy vaziyatda farmpreparatlarining o`rnini hech nima bosolmaydi. Ular buzilgan vazifalarni izga solib, butun organizm darajasida ta`sir etadi.

! O`simlik preparatlari mutaxassis tomonidan belgilangan taqdirdagina davolanish jarayonidan shifo topasiz!

Sog`ligingizni xatarga qo`ymang!

Agar sog`lig`ingizda biror muammoni his etayotgan bo`lsangiz, albatta, shifokor bilan maslahatlashib, belgilangan tekshiruvdan o`ting. Jiddiy muammo haqida gap ketganda ilmiy usullar o`rniga xalq tabobatini qo`llamang. Mutaxassis dorixona preparatlari va o`tlar bilan davolashlardan birini tanlayotganda kasallik bosqichi, jarayon keskinligi, dardning og`ir engilligi kabi ko`pgina omillarni e`tiborga oladi. Masalan, gipertoniyaning boshlang`ich bosqichida qon bosimini o`tli damlamalar yordamida nazorat qilish mumkin, biroq asab tizimidagi buzilishlarni arslonquyruq o`ti yordamida davolab bo`lmaydi. Chunki bu xastalikni davolash uchun kuchliroq dori vositalari zarur. O`zingiz va yaqinlaringiz ustida tajribalar o`tkaza ko`rmang. Xalq tabobatining biror usuli haqida eshitib qolsangiz, uning kim tomonidan qo`llangani, ilmiy sinovdan o`tgan-o`tmagani bilan qiziqing. Eng yaxshisi, shofokoringiz bilan maslahatlashing.

Xalq tabobatining hamma usullari ham beziyon emas. Ma`lumotlarga qaraganda, xalq tabiblarining 95 foizida tibbiy bilim yo`q. Salomatligingizni xavf-xatarga qo`ymang!

Ra`no ALIMOVA tayyorladi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar