Xitoylik shifokorlar kuchli zaharlangan bemorni qutqarish maqsadida bir kechada sakkiz ming dona atropinli ampulani qo`lda ochishga majbur bo`ldi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Ba`zi bir shifokorlarning qo`lini shisha kechib ketdi. Insektisiddan zaharlangan bemor Shantou shahridagi tibbiyot kolleji qoshidagi kasalxonaga yotqizildi. Odam fosfotdan zaharlanganda antidot sifatida asosan atropindan foydalaniladi. Kasalxonada mavjud bo`lgan atropin ampulasida juda kam miqdorda bo`lgan. Oqibatda 8 nafar tibbiyot xodimidan iborat guruh 12 soat davomida qo`lda 8 mingta shisha ampulani sindirishga majbur bo`ldi. Mazkur dori kamlik qilgach, ular qo`shni kasalxonadan qarzga atropin so`rashlariga to`g`ri keldi. Aslida shisha ampulani ochish qiyinchilik tug`dirmaydi, ammo yuqoridagi holat kabi bir kechada 8 ming dona ampulani ochish kamdan-kam hollarda uchraydi.