Bu hikoyalar internetdan to`plagan yoki kimlardandir eshitganlarim emas. To`g`ri, hammasining bosh qahramoni menmasman. Ammo ularning barchasiga guvoh bo`lganman. Va voqealardan o`zimcha xulosalar qilganman. Siz ham o`qing. Aminmanki, o`zingiz uchun kerakli xulosani chiqara olasiz...
Orom
«...Ertalab hovliga chiqdim-u hayron qoldim. Kechasi bilan rosa yomg`ir yoqqaniga hayratlandim. Buning nimasi hayratlanarli dersiz. Yomg`irning tovushini eshitmaganim-da! Axir qachondan beri uyqum — qush uyqu. Yo`q, aslida uzoq vaqt ko`zlarimni uyqu mahv eta olmaydi. Shiftga termilib yotaveraman, yotveraman. Bir-ikki odamga dardimni yorgandim, depressiya deyishdi. Dori ichib ko`rdim, giyohli muolajalar qildim, qani naf bersa. Bugun esa qotib uxlabman. Keyin uyga kirdim. To`rt qizdan so`ng tilab olgan o`g`limning xonasini quyosh allaqachon yoritayotgan bo`lsa-da, uning shirin uyqudaligini ko`rib, shukrona aytdim. Ikki yil oldin bolam davlat granti yutib olib, xorijga o`qishga ketgandi. Endi chamalasam, u bilan oromim ham ketgan ekan. Mana, uyimda qo`riqchim, suyanchig`im, dilbandimning omonligi xotirjamlik bag`ishlabdi menga... Bolalarimiz omon bo`lishsin!»
Olov, sut va olma...
«O`shanda hali maktabda o`qirdim. Amakim o`g`lini uylantirdi, u paytlari nikoh oqshomi hovlida bo`lardi. Bazmdan so`ng hammamiz amakimnikida qoldik. Yarim kechasi noxush xabardan uyga chopdik. hovlimizga o`t tushibdi. Borsak, alanga ko`kka ko`tarilgan. Qo`shnilar allaqachon o`t o`chiruvchilarni chaqirgan, lekin ularga ham qanoat qilmasdan paqir bilan uyimizga suv tashishardi. Onam uvvos solib, otam esa unsiz yig`lagan. Ukam ikkimiz engil kiyinganimiz uchun kuz oqshomida sovuqdan tanimiz junjikib turibmiz. Bir payt qo`shnilardan biri uyiga olib kirdi. Issiq sutli choy damlab berdi. Hamon sutli choy ichsam, o`sha mehribon qiyofani eslayman. Ertasi kuniyoq kulga aylangan uyimizga kimdir qo`lida taxta, kimdir tomni yopish uchun yog`och, yana kimdir bir-ikki so`m pul, boshqa mahalladoshimiz olma ko`tarib olib kelgan. Hozir hovlimiz tiklangan. Men uzoqroqqa kelin bo`lganman. Qo`shnilarimning yaxshi kunlarida xizmatida bo`lolmadim, boshlariga tashvish tushganida, ular bizni suyagandek hamdardlik bildirolmadim. Ammo doim duodaman, yaxshiliklari o`zlariga ziyoda bo`lib qaytsin...»
Surat
«Otamning padarini ko`rmaganmiz. Bittagina suratlari, u ham bo`lsa, urushga jo`nayotgani to`g`risidagi guvohnomada bo`lardi. Otam esa uni avaylab sandiqda asrardi. U kishining vafotidan keyin o`sha asralgan tugunchadan bobomizning suratini olib ko`rdik. Ko`zlarida hadik bordek... Eslayman, rahmatli otamiz uzoq yillar dadasini izlagan. Tumanimizdagi urushdan omon qaytgan chol o`limidan oldin bor haqiqatni aytgan.
— Otangni izlama. U halok bo`lgan. Senga bu gaplarni ayta olmasdim... Biz ko`rishdik. Ro`parama-ro`para joylashgan gospitalda edik-da. Ko`rinishi yaxshi edi, bir qo`liga o`q tekkani uchun mato bilan bo`yniga tang`ib olgan, ammo negadir uni og`ir kasallar joylashtirilgan gospitalda yotqizishibdi. Mening oyog`im jarohatlangani sabab yonimga kelib ko`rdi. «Boltaboy, ertaga yurtga qaytayapman», dedi. Ertalab esa kasallar yotgan gospitaldan nom-nishon qolmagandi. Kechasi mina tushib, portlab ketgandi...»
Hayotda biror marta ko`rmagan, o`g`lining kamoli, nevara quchish baxtidan mosuvo bo`lgan bobomning suratiga qarab, rahmatli otam nega suratga tushishni yoqtirmaganini tushundim. Va yana narsani chuqurroq angladim, tinchlikda otayotgan har bir tong uchun doim shukrona aytish kerak... Ko`zlarimiz doim quvonchdan porlasin...»
Tush va o`ng
«U doim tushlarimga kiradi. Hamon uning bizni tark etganiga ishonmasam-da, tushlarimda hayotligidan o`zimda yo`q xursand bo`lib ketaman. Bayram, tug`ilgan kunlarimda olisda bo`lsa-da, qo`ng`iroq qilib tabriklaydigan, «Boya, internetdan yozgandingiz-ku desam ham, «Men jonli ijroda tabriklashni yaxshi ko`raman-da», deydigan, ukamdek aziz bo`lib qolgan qorachagina bolani juda qattiq sog`inaman. Yaqinda, tug`ilgan kunimdan ikki kun o`tgach, yana tushimga kirdi. Ijtimoiy tarmoqdan menga tabrik jo`natayapti. Men esa arazdaman: «Nega qo`ng`iroq qilmadingiz?» deya. U esa iloji yo`qligini aytdi... O`tganlarni Xudo rahmat qilsin...
Uyg`ondim-u ko`p yillar oldin o`rtamizga devor tushgan birodarimga xabar jo`natdim: «Hammasi uchun rahmat!»
Imkonimiz, ilojimiz bor paytda yaqinlarimizni unutib qo`ymaylik, kuttirmaylik... Axir hammasi o`tkinchi...»
Asl do`st
«Bolaligimda sinfdosh dugonam bilan bir kitobni tanlardik-da, bir paytda o`qirdik. Uyga biror yangi asar ko`tarib kelsam, albatta, dadam ham hamroh bo`lardi. Dugonam avvalboshdan chaqqon. Kitobni qo`liga olardi-da, dialoglarini o`qib chiqib, birinchi bo`lib tugatardi. Men esa dadamning kitobni tokchaga qo`yishini kutib o`tirardim. Ishga ketishi bilan chopib borib olardim-da, o`qiy boshlardim. Oxiri dadamga yig`ladim:
— Zuhra sinfdoshim kitobni to`liq o`qimaydi, dialoglariga ko`z yugurtiradi, xolos. Men esa nuqul undan orqada qolib ketaman, — deya.
— Bu uning tanlovi. Sen biror satr qoldirmay o`qishni istaysanmi, o`qi! Boshqalarga qarab, to`n bichma.
Endi anglayapman, hayotda har bir insonning o`z tanlovi bo`larkan. Men o`zimni tanlovda adashmagan deb hisoblayman. Ha, aytgancha, siz ham do`st sifatida kitobni tanlang. Bolalaringizga bolalikdan asl do`stni ko`rsating. Shunda ular hayotda kamroq adashishadi... Xato qilishsa ham, to`g`ri xulosa chiqara olishadi. Muhimi shu emasmi?»
Soch
«Men ularni yaxshi taniyman. Ammo ismini, yashash manzilini, nima ish qilishlarini bilmayman. Deyarli har kuni kechki payt metro vagonida uchrataman. O`ttizdan oshgan erkak va uning chamasi sakkiz yoshlardagi qizi. Aslida mening e`tiborimni qizaloqning uzun sochlari tortgan. Chunki doim sochim uzun bo`lishini istaganman-u, lekin hech o`stira olmayman-da... Ularning qo`llaridagi sumkaning ichida ovqat idishlari borligi yaqqol ko`rinib turadi. Shifoxonadan qaytishayapti, taxmin qilaman. Bir kun ota g`amgin uh tortdi. Qizcha otasining qo`llaridan qo`llarini o`tkazib olgandi, kafti bilan dadasining kaftini siqdi va ko`zlariga qarab jilmaydi. Otasi peshanasidan o`pib qo`ydi. Ko`zlarida yosh miltilladi. Ertasiga yana ko`rdim, qizaloqning ko`zlari yig`idan qizargan. O`rindiqqa o`tirgach, dadasidan so`radi:
— Onamning sochlari o`ssa, tuzalib ketadimi? Men ularga sochlarimni kesib beray, dada...
Metro yaqinida onkologiya shifoxonasi borligi o`shanda xayolimga keldi. Qizaloqning onasi saraton xastaligiga uchragan ekan... Murg`ak yurakchaning niyati ijobat bo`lib, onasi dardiga davo topishini men ham Yaratgandan so`radim. Siz ham duo qiling, barcha onalar, otalar farzandlari baxtiga sog` bo`lishsin...»
Shoira ShAGIAHMEDOVA