AsosiySUG'DIYONA

​Oilaviy munosabatlarda ayollarning 12 xatosi

'​Oilaviy munosabatlarda ayollarning 12 xatosi'ning rasmi

Oilada muvozanat saqlashda ayol kishining roli katta deyishadi. Xo`sh, buning uddasidan chiqmagan ayollarimiz o`zlari bilmagan holda qanday xatoliklarga yo`l qo`yishar ekan? Masalaga oydinlik kiritamiz…

Nuqson izlash. Tug`ilgan g`ashlik turmush o`rtog`ining ishi, dunyoqarashi yoki ho`l sochiqni joyiga ilib qo`ymasligi bilan bog`liqmi, buning farqi yo`q. Muhimi, ayolga yoqmayapti. Aksariyat ayollarimiz bunday holatda erni tarbiyalashga kirishishadi. Ammo erkak kishining ham o`z haqiqati bor. Bu bilan hisoblashmaslik katta xato.

Nima qilish kerak? Uning haqiqati bilan hisoblashing. Turmushdagi totuvlikni saqlab qolishning asosiy omillaridan biri o`zaro kelishuv asosida munosabat qurish. Negaki turmush o`rtog`ingiz shundog`am necha yil davomida ota-onasining qattiq nazorati ostida voyaga etgan. Yangi tergovlarni endi u ko`tarmaydi.

Turmush o`rtog`ingizni hech qachon o`zgarmaydi, deb o`ylamang. Ancha yildan buyon birga yashab kelayotgan juftliklarga bir e`tibor bersangiz, tashqi ko`rinishi, hattoki xatti-harakatlari ham o`xshash. Siri esa birgalikda yashab o`tgan vaqt. Besh, boringki etti yil deganda siz kutgan insonga asta aylanib borayotgan turmush o`rtog`ingiz buning yaqqol isboti.

Sabrli bo`ling! Turmush o`rtog`ingiz o`zgarishini talab qilmay, unga yumshoqlik bilan ta`sir o`tkazishga harakat qiling. Ko`cha-ko`yda, ishxonada kimdir sizni xafa qilsa unga darhol shu taxlit javob qaytarmaysiz, to`g`rimi?

Juftingizni o`zingiz tanlagansiz! Demak, yo`l qo`yadigan xatolarni kechirish uchun ham o`zingizda kuch topishingiz kerak. Unga hech zamonda zarda qilmang. Siz kabi u ham ko`chadan asabiylashib kelgan bo`lishi mumkin.

Boshqalarning fikriga tayanib ish tutmang! Bahsda ota-onangiz yoki boshqa maslahatgo`ylarning fikriga asoslanishdan avval yaxshilab o`ylang. Hayotingizda eng yaqin inson turmush o`rtog`ingiz emasmi?

Yodda tuting! Juftingiz siz kutgan shahzodalikning rolini qoyilmaqom qilib o`ynab beradigan aktyor emas. Aslida siz ham mukammal insonga munosib rafiqamisiz? Bu haqda ham o`ylab ko`ring.

Tanqid qilmang! «Jo`mrakni tuzatishni ham eplay olmadingiz! Shkafning eshigi qachon tuzatiladi o`zi? Qilgan bozor-o`charingizni ahvoliga bir qarang!..» Davom etaverasizmi yoki bas qilish fursati etdimi? Aqlingizni yig`ishtirmasangiz katta janjal yasaysiz.

Urush chiqqanda munosabatlarni hal etmang! Bu vaqtda odamning kayfiyati, ayniqsa, yomon bo`ladi. Osonlik bilan aytilgan yomon gap juftingizni xotirasida o`chmas iz qoldirishi mumkin.

Turmushingiz davomida yaxshi kunlar bo`lganiga ishonamiz. Bu kunlarni ko`proq esga olib, ichki alamni surib chiqaring.

Munosabatlarga qanday aniqlik kiritish kerak? Ularga aniqlik kiritishning nima keragi bor? Modomiki ikkalangiz turmush qurgan ekansiz, savolga javobning o`zi shu. Bir-biringizni qattiq sevasiz.

Bir necha kun norozi qiyofada yurib masalani hal etish mumkin, deb o`ylamang. U aybini tushunib kechirim so`rashini kutmang! Qaytaga bu holat yanada jahlini chiqarishi, eng yomoni, boshqa ayol haqida o`ylay boshlashi hech gap emas.

Murakkab vaziyatdan osongina chiqib ketishning yo`li, barchasini hazilga burish. Birorta komedik filmdagi vaziyatni eslang. Juftingizga kulgili latifa aytib bering, birgalashib kuling.

Ayol kishidagi qaysarlik jufti bilan o`zaro munosabatda pand beradi. Erkak kishiga bo`ysunishni istamagan ayolga qaraganda erkakka bo`ysunib, keyin yumshoqlik bilan yo`rig`iga yurgaza olgan ayol yutib chiqadi.

Ruhshunos Gulruh ADHAMOVA tavsiyalari asosida Nigora tayyorladi

Boshqa yangiliklar