AsosiySUG'DIYONA

​“O`g`lim o`qimishli bo`lishini istayman, lekin...”

'​“O`g`lim o`qimishli bo`lishini istayman, lekin...”'ning rasmi

— Bir yil avval turmush o`rtog`im vafot etdi. Bir nafar o`g`lim va qizim bor. O`g`lim 9 yoshda. Hozir ota uyimga qaytib kelganman. O`g`lim buva va buvisi bilan ko`rishib turadi. Har gal ular bilan ko`rishgach, fikri o`zgarib qaytadi. Ya`ni men uni o`qishga, ilm olishga undasam, ular esa pul topishga undaydi. O`qimayman, ishlab pul topaman, degan fikrni miyasiga quyib olgan. Sport bilan shug`ullansin deb sport maktabiga berganman, lekin u erga borishni kamaytirgan, qiziqishi so`ngan. Qaynona-qaynotam, erim ham o`qimagan oila edi. Mening oilam esa oliy ma`lumotli. Bolamni ham o`qimishli bo`lishini istayman.

Gulnoza K., Namangan

Savolga psixolog Shahnoza Xalilova beradi:

— Tabiiyki, bola ikki uylik bo`lganda, unda ikki xil vaziyat, ikki xil dunyorash bo`ladi. Bunda bolada ichki konflikt kelib chiqadi. U nima to`g`riyu, nima noto`g`ri ekanligini hali yaxshi bilmaydi — o`qish kerakmi yoki o`qimay, ishlab pul topish muhimmi? Ayni vaziyatda bolani ayblab bo`lmaydi. Nima uchun u bobo va buvisining tarafiga o`tib olyapti, ularning gaplariga quloq solyapti? Chunki u erga mehmon bo`lib boradi, ular tomon o`g`lingizni yaxshi ko`rishadi, mehr ko`rsatishadi, bolamdan qolgan yodgor deb erkalashadi. Bu esa qaysi bolaga yoqmaydi, deysiz. Demak bolaga u yoqda yaxshi, bu yoqda esa sizning talablaringiz yomon. Vaziyatga to`g`ri qarang. Siz bobosinikiga borishni taqiqlab yoki ularni yomonlashga urinishingiz ham to`g`ri bo`lmaydi. Ular ham siz kabi boladan umid qilishadi, yo`qotgan o`g`lining o`rnini bosishini xohlashadi. Siz o`g`lingizdan ideal erkakni yaratishni istayapsiz. Lekin ideal bo`lish yo`lidagi urinishlar to`g`ri kelmayapti. Nima qilish kerak? Birinchi o`rinda bobo va buvisi bolamni aynityapti, degan fikrni xayoldan chiqarib tashlang. Ikkinchidan, qaynota va qaynonangiz bilan bola haqida gaplashib oling, ularga bola o`qimasdan, sport bilan shug`ullanmasdan bekorchi ishlarga chalg`ib qolayotganini tushuntiring, ya`ni bolaning tarbiyasi, kelajagi uchun ular ham mas`ulligini ayting. Bunda ularning ham hissiyotlarini hurmat qiling. Bola ularning ham bolasi baribir. Ularni dilini og`ritmagan holda bolani birgalikda tarbiyalashni taklif qiling.

Munisa tayyorladi

    Boshqa yangiliklar