AsosiySUG'DIYONA

​Sevib qolgan o`smirga qanday munosabat bildirish kerak?

'​Sevib qolgan o`smirga qanday munosabat bildirish kerak?'ning rasmi

— Yoshim o`n beshda. Sinfdosh yigitim bilan bir-birimizga ko`ngil qo`yganmiz. Yaqinda onam bilib qolib, meni urishib berdi. Dadam ham bundan xabar topib, «U bolaga bermaymiz, baribir», deb aytibdi...

Nigina, Toshkent shahri

Er yuzida hech bir inson muhabbatdan himoyalanmagan. Ma`lumki, sevgi yosh tanlamaydi. O`smirlikdagi tuyg`ular shunchaki bir havas bo`lishi ham mumkin. Ammo aynan shu paytda asl sevgiga tamal toshi qo`yiladi. Sevib qolgan o`smirga qanday munosabat bildirish kerak? Ruhshunos Nargiz SATTAROVA bilan ushbu savolga javob izlaymiz.

O`tish davrini birga o`tkazamiz!

Avvalo, bolangizning fe`lidagi o`zgarishlarni fiziologik o`zgarishlar kabi tabiiy qabul qiling. Unda gormonal o`zgarishlar yuz bermoqda. Bosh og`riqlari, hafsalasizlik, qiziqqonlik, ta`sirchanlik, diqqat susayishi, xotira pasayishi kabi holatlar kuzatilishi me`yoriy holat. Bu davrda har bir bolaning ichki «men»i shakllana boshlaydi. Shu paytgacha uning o`ziga bo`lgan bahosini tashqi omillar belgilab bergan bo`lsa, endi u o`zini-o`zi baholaydi. Masalan, «Hali yoshsan!» deya tanbeh bersangiz, o`zini katta hisoblay boshlagan bolaning hamiyatiga bu gap tegadi, ichki ovozi esa «Men kap-kattaman!» deya sado beradi. Va ulg`ayganini kattalarning harakatlarini o`zida namoyon qilish bilan isbotlashga urinadi. Masalan, qarama-qarshi jins vakili bilan munosabat o`rnatish, tamaki chekish, uydan qochish kabilar. Tanlash huquqini olishadi-yu, kattarlardek mas`uliyatni his qilishmaydi. Buning ustiga, ikkilanishlari ham talaygina. Shu kunga qadar ota-onasi tomonidan singdirilgan tushunchalar, qadriyatlarning isbotini hayotdan izlaydi. Nomutanosiblikka duch kelsa, «Haqiqat qani?» deya ikkilanib qolishadi. Yana chalkashlik, yana kurash. Mana shu kurash natijasida uning hayotiy falsafasi qaror topadi.

Bu davrga ota-onalar ruhan tayyorlanishi kerak. Farzandini boricha qabul qila oladigan, tushunadigan, eshitadigan, o`smirning savollariga javob bera biladigan bo`lishlari darkor. Ana shunda bola hayotidagi qiyin davr talofatlarsiz o`tadi.

Muhabbat nima?

O`zini kattalar orasida ham, bolalar orasida ham begona sanayotgan o`smir, albatta, tengdoshlari davrasiga intiladi. Uni tushunadigan, boricha qabul qiladigan insonga talpinadi. Qarabsizki, ishq dardiga mubtalo bo`ladi. O`yi-xayoli sevib qolganida bo`ladi, unga qattiq bog`lanib qoladi, ko`ngli esa noziklashadi. Bu beg`ubor, shartlardan holi birinchi muhabbat asl sevgi bo`lmasligi mumkin. Ammo tabiat ayni shu davrda insonni sevishga o`rgatadi. Ya`ni haqiqiy muhabbatga shu bosqichdan o`tib boriladi.

Xo`sh, siz haqiqiy sevgi neligini bilasizmi? Odatda, ko`pchilik er-xotinlar munosabati asosida shartli sevgi yotadi. Yoki hissiy bog`liqlik. Birinchi navbatda, ota-ona o`zi muhabbat qanday tuyg`u ekanligini anglashi kerak. Sevgi hayotning eng katta haqiqati ekanligini, dunyo muhabbatdan yaralganini va bu eng go`zal tuyg`uligini tushunishi lozim. Shunda kimnidir yoqtirib qolgan bolasiga «Sevgi, bu yomon» qabilida tushuntirish bermaydi.

Sevish gunoh emas!

Afsuski, ota-onalar ko`pincha dilbandi qalbidagi tuyg`ularni o`ldirishga urinishadi. «Sevgi, bu — xato!» «U bilan gaplashsang, yomon bo`ladi!» «Sharmanda bo`lasan!» kabi qo`rqitishlar bilan bola qalbida uyg`ongan yaxshi hislarni yakson qilishga kirishishadi. O`smir esa yana o`yga cho`madi: «Muhabbatning nimasi yomon, nimasi xato, nima uchun kimnidir yaxshi ko`rsang, oxiri yomon bo`ladi?» Bu savollar tiliga ko`chgan taqdirda ham ota-onalar «Mumkinmas! Tamom!» deya gapni kesishadi. Chunki farzandining savollariga javob berishga yo etarlicha bilimi, yo toqati yo`q. «Mumkinmas» deya chegaralash esa masalaning eng oson echimidek go`yo. Biroq unutmang, bola doim, ayniqsa, o`smir yoshda chegaralarni buzishga, cheklangan narsalarni sinab ko`rishga moyil bo`ladi. Qasdma-qasd ish qilib, o`zini ko`rsatib qo`yishni istaydi. Natijada, siz qo`rqqan salbiy oqibatlar kelib chiqadi. Hayot haqidagi qarashlari, qadriyatlari shakllanayotgan paytda muhabbatni qop-qora bo`yoqlarga bo`yasangiz, unda «Sevish azob ekan! Bu yomon tuyg`u hisoblanarkan! Demak, sevmasdan yashash kerak», degan dastur ong ostiga o`rnashib qolishi ham hech gapmas.

«Senga yaxshi ko`rishni kim qo`yibdi?!»

Bu gapingiz bilan bolaning nafsoniyatga tegasiz, uning o`ziga bo`lgan ishonchini so`ndirasiz. Tushuning, u inson, unda yurak bor, do`q-po`pisa bilan muhabbatdan himoyalay olmaysiz. Sevishga haqli u!

Ba`zida ota-onalar farzandlariga «Hozir faqat va faqat o`qishing kerak, bunaqa narsalar seni chalg`itadi», deya talab qo`yishadi. Yoxud «Kim bilandir gaplashayotganingni eshitsam...» deya oldindan qo`rqitishadi. Bilishmaydiki, bolasini hissiz odamga aylantirib qo`yishayotganini.

Uni faqat bilim olishga majburlab natijaga erisha olmaysiz. O`qishdan ko`ngli qolishi mumkin. Qo`rqitib ham, qo`rqayotganingizdan himoyalay olmaysiz. Yuqorida aytganimizdek, qasdma-qasd ish qilishi ehtimol ham bor. Yaxshisi, «Bolajonim, seni tushunaman, men ham boshdan kechirganman bu davrni. Sevdim, o`ldim, kuydim, deya bu savdoga berilib ketma! Axir bizning yuksak orzularimiz, rejalarimiz bor. Ularga erishish uchun o`qish kerak», deb farzandingizni ilhomlantiring.

Nima qilish kerak?

Tushuning! Axir o`zingiz ham bu davrni boshdan kechirgansiz. Balkim ota-onangiz sizga qattiqqo`lliq qilgandir, ammo endi farzandingizdan alamingizni olishingiz noto`g`ri.

Do`stlashing! Bolangiz yuragini sizga ochganida eshitadigan, ustidan kulmaydigan, ayblamaydigan, o`rni kelsa achinadigan, qo`llab-quvvatlaydigan ota-ona bo`lsangiz, sizdan yashirincha ish qilmaydi. Natijada, muhabbati yomon oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Gaplashing! E`tibor bersangiz, o`smirlar juda gapdon bo`lib qolishadi. Bir quloq bo`lsa, hamma-hammasini aytib berishsa. Vaqtim yo`q, charchadim, desangiz, u ko`chadan tinglovchilarni qidirib qoladi. Balkim, aynan gaplashishga bo`lgan ehtiyoji sabab ham kimgadir dil bergandir. Ammo savol tug`iladi: qachon u siz bilan dildan gaplashadi? Qachonki, siz uni urishmasangiz, xotirjam eshitsangiz, sirini sotmasangiz, dadasiga aytib, ta`zirini berdirmasangiz, ko`pning ichida «Sevib qolibdi bu kishim», deya izza qilmasangiz, «Bolam, men seni doim, nima bo`lishidan qat`i nazar yaxshi ko`raman va tuyg`ularingni hurmat qilaman», deya takrorlab tursangiz, har qanday masalasada siz bilan bamaslahat ish qiladi.

To`g`ri tushuncha bering. Hali yoshgina qizingizga «Baribir, unga uzatmayman seni», deya dakki bermang. «U yaxshi bolamas, ota-onasi yomon», deb insonlarni yaxshi-yomon ajratmang. «Qizim, nima uchun aynan shu yigitni tanlading? Uni qaysi xususiyatlari senga yoqdi?» deya ko`ngliga qo`l soling.

Yigit-qiz munosabatlariga aralashmang! Qizini sevib qolgan yigitning tanobini tortib qo`yadigan, o`g`li yoqtirgan qizga gap tushuntiradiganlar ham uchrab turadi. Bu yo`l bilan bolangizning dushmaniga aylanib qolasiz. U sizdan, uydan qocha boshlaydi, muhabbatini himoya qilish uchun qarshilik qiladi.

Nazorat qiling. Albatta, zamonamiz keskin rivojlanayapti. Yoshlarning gaplashish uchun imkoniyatlari keng. Telefon, internet kabilar. Bu bolaning harakatlarini kuzatishni talab qiladi. Aloqa vositilaridan ma`lum bir vaqtda foydalinishni joriy qiling. Uyda tartib o`rnating, istagan payti ko`chaga chiqib ketmasligi uchun. Faqat nazoratni xotirjamlik va nima uchun bunday qilayotganingizni tushuntirish bilan amalga oshiring.

Kuchini boshqa tomonga yo`naltiring. Sportga qatnashsin, hunar o`rgansiz, qobiliyatlarini shakllantirsin. Shunda bekorchi ishlar va o`ylardan xoli ulg`ayadi.

Mutaxassisga uchrashing. Agar bolangiz bilan bu borada jidiy muammolar yuz berayotgan bo`lsa, mutaxassisga murojaat qiling. Toki ota-ona va bola o`rtasidagi tushunmovchiliklar ta`sirida o`smir qaltis harakatlar qilmasin.

Kitobga oshna qiling. Bir olam savollariga javob izlayotgan, havasni sevgi deb o`ylayotgan o`smir kitob mutolaasi orqali o`zini va dunyoni anglay boshlaydi. Masalan, mashhur «Kichkina shahzoda»ni birga o`qing. Bu kitobni o`qish orqali nafaqat sevgi nima degan savoliga javob topadi, tuyg`ularni qadrlashni ham o`rganadi.

Farzandingiz tuyg`ularini hurmat qiling!

Shoira VAFOEVA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar