AsosiySUG'DIYONA

​Yuzdagi dog`lardan xalos bo`lishning zamonaviy 6 usuli

'​Yuzdagi dog`lardan xalos bo`lishning zamonaviy 6 usuli'ning rasmi

Yoz kelgach, ko`pchilik ayollar yuzlarida paydo bo`lgan quyosh “iz”laridan shikoyat qilishadi. Bodring ham, qatiq ham foyda bermay qo`yganida esa «Oyning ham yuzida dog`i bor» deb o`zlariga tasalli berishdan o`zga chora topishmaydi. Sevimli «Sug`diyona» gazetasining ijodkorlari va kosmetolog Mahfuza MAMANOVA faqat siz uchun dog`lardan xalos bo`lishning eng zamonaviy usullarni taqdim etadi.

Dog` tushishiga sabab melonin

Odatda teri hujayralarida melonin moddasi me`yordan ortiq darajada to`planib qolsa, yuzimizda turli dog`lar paydo bo`ladi. Ultrabinafsha nurlari esa mavjud muammoni yanada murakkablashtiradi. Shu sababdan aynan yozda yuz terisiga dog` tushib, mavjudlari kattalashadi. Dog`larni ketkazish uchun esa turli usullarni qo`llab ko`ramiz. Ularning aynan o`zingizga mos usulini aniqlash uchun dog`lar qanchalik chuqur «ildiz otgan»ligini aniqlab olish muhim. Muolajalarni amalga oshirishdan avval ichki organlarida xastalik yo`qligiga ishonch xosil qilish uchun, albatta, shifokor nazoratidan o`tish tavsiya etiladi. Aks holda ko`zingizni quvontirgan ajoyib natija uzoqqa cho`zilmasligi mumkin.

Kremlar

Agar dog`lar epidermis (terining ustki qavati)ning yuzasida joylashib, och jigarrang tusda bo`lsa, maxsus oqartiruvchi kremlar bilan bunday dog`lardan qutilishning yo`lini qilsa bo`ladi. Demak, yuzingiz uchun krem xarid qila turib, uning tarkibida tretinoin, gidroxinon, azelain va glekol kislotalari mavjudligiga e`tibor qarating. Chunki aynan shu moddalar muammo bilan kurashib, uni engishga qodir.

Mezoterapiya

Bu usul ham terining yuza qismida joylashgan dog`larni yo`qotish uchun go`zallik salonlarida keng qo`llanilmoqda. Muolaja ingichka igna yordamida muammoning «o`chog`»ga maxsus suyuqlik yuborish orqali amalga oshiriladi. Ushbu suyuqlik meloninni parchalashga yordam beradi va dog`lardan xalos etadi.

Suyuq azot muolajasi (krioaplekasiya)

Bu muolaja yuzdagi nisbatan katta dog`larni yo`qotishga yordam beradi. Uning kamchiliklaridan biri teringizni biroz achishtirishi mumkin va sezilarli natijaga erishish uchun bir necha bor qo`llashga to`g`ri keladi. Muolajadan so`ng yuzni piling qilish natijani yanada mustahkamlaydi.

Lazer muolajasi

Zamonaviy kosmetologiyaning eng so`nggi yutuqlaridan biri hisoblangan lazer nurlari meloninli hujayralarga etib borib, issiqlik ta`sirida rang beruvchi fermentlarni o`zgartirib yuboradi. Lazer muolajasi dog` tushmagan teriga hech qanday ziyon etkazmay, aynan muammoning o`ziga ta`sir ko`rsatishi bilan ahamiyatli. Dog`larning darajasiga qarab, muolaja bir necha daqiqadan bir necha soatgacha vaqtingizni olishi mumkin. Amaliyotdan keyin biroz qizarish paydo bo`lishi mumkin, havotir olmang bu bir necha kundan keyin o`tib ketadi.

Fototerapiya

Bu usulni turli darajadagi dog`larga qarshi qo`llash mumkin. Maxsus uskuna yorug`lik ta`sirida teridagi melaninni parchalaydi. Muolaja vaqtida bemorga ko`zoynak taqiladi va ishlov berilayotgan teriga og`riqsizlantiruvchi gel surtiladi. Yana bir muhim jihati bu muolajalardan so`ng mayda ajinlar ham yo`qoladi.

Mikrodermabraziya

Odatda terini yoshartirishga, mayda ajinlarni yo`qotishga mo`ljallangan ushbu usul ba`zi hollarda dog`larni ketkazishda ham samara beradi. Mutaxassislar bu usulni mexanik piling ham deyishadi, chunki u mikrokristallar yordamida terining ustki qavatini ko`chiradi. Muolaja 20 yoki 30 daqiqa davom etadi.

Bu muhim!

Yozning jazirama harorati yuz terisiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Shu sababdan issiq harorat hukmronliq qilgan vaqtlarda yuqoridagi muolajalardan faqat mezoterapiyani qo`llash mumkin. Qolgan muolajalarni esa kuz kelib, havo harorati pasaygunga qadar kechiktirib turish tavsiya etiladi.

SAODAT tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar