Bu aktrisaning ijodi davlat buyurtmasiga ko`ra suratga olingan “Yo`l bo`lsin” filmidan boshlangan. Zebo Navro`zova rejissyorligidagi “Romeo va Juletta” kartinasi esa unga mashhurlik olib keldi. Keyinchalik u shaxsiy hayotini yo`lga qo`yib turmushga chiqdi. Ancha yillik tanaffusdan so`ng, rejissyor Jahongir Ahmedov o`zining “Qora ko`z”i orqali uni yana katta ekranlarga qaytardi. Zarina Nizomiddinova — bugun o`zbek kinosining yuzlaridan biriga aylanishga ulgurgan. Ilk bor seriallarda suratga tushgan aktrisaning — “Saodat” serialidagi ishtiroki suhbatimizga sabab bo`lmoqda.
- Sizni ko`rib turganimizdan xursandmiz. Kuni kecha birinchi fasli yakunlangan serialda suratga tushdingiz. Adashmasak, birinchi marotaba serialda ishladingiz...
- U bilan “Romeo va Juletta” filmida birga ishlaganimizdan xabaringiz bor. O`sha yillardayoq fe`l-atvorimiz, dunyoqarash va maqsadlarimiz o`xshash edi. Ko`p narsalarda bir xil fikrlaganimiz uchun ham hamkorliklar bizga qiyinchilik tug`dirmaydi, deb o`ylayman. Bu esa albatta, natijaning yaxshi bo`lishiga asosiy poydevor. Bilasizmi, Shohruxxonning samimiy va ko`ngli tozaligiga tan beraman. Mashhurlik uni o`zgartirmagan. Hatto, atrofida kimdir, boshqalarni g`iybat qilayotganini eshitib qolsa, urishib beradi. Turmush o`rtog`i Asal Shodievani ham juda hurmat qilaman. Hamkasb sifatida munosabatlarimiz yaxshi. Biz oilaviy do`stmiz, desam xato bo`lmaydi.
— Ochig`ini aytish kerak, bu serial nafaqat tomoshabinlarga balki, o`zim uchun ham yangilik bo`ldi. Avval bunday katta loyihada ishtirok etmagandim, serialda ishlash boshqacha bo`larkan. O`zingiz yaxshi bilasiz, bugun filmlarni suratga olish uchun ko`p vaqt berilmaydi. Rolga kirishishga ulgurmasimizdan, ishlarni yakunlab qo`yishardi. Serialning ishlari umuman boshqacha. Mazza qilib ijod qilish, rolni his etish mumkin. Men oylar davomida Saodat obrazida yashadim. Ikki yarim oy davomida, har kuni tasvirga olish ishlari bo`lib o`tdi. Zarina ekanimni esdan chiqarib ishladim. Va eng asosiysi bu menga juda yoqdi. Ana shunday jarayon, rohatlanib ishlash imkonini beradi.
— Serialda jabrdiyda, hayotdan biroz qiynalgan qiz rolini gavdalantirdingiz. Avval ham sizni bunday obrazda ko`rganmiz. O`zingiz uchun biror yangilik bo`ldimi?
— Juda katta kasting o`tkazishdi. Bir qancha mashhurlarimizning kinosinovlar topshirishganiga guvohman. O`zimga kelsak, avvaliga Saodat bilan Shohsanam rolining “proba”sini topshirdim. Rejissyor uzoq o`ylab, bosh qahramonni menga mos, deb topdi. Rolimga kelsak, mehribon, ko`ngli toza, yaqinlari uchun qayg`uradigan qizman. To`g`ri, bir qarashda u avvalgilariga o`xshashdir, lekin asosiysi o`zimning ichki holatim va unga yondashishim o`zgarganini sezdim. Ish bir-ikki haftada tugagani yo`q. Serialning qismlari ko`paygani sari harakatlarim, qarash va vaziyatlardagi holatlarim bir xil bo`lib qolmasligi uchun ko`proq harakat qildim, izlandim. Ha, yana bir gap, serialni suratga olish ishlarida juda ham mayda detallarga ahamiyat berish kerakligini o`rgandim. Filmlarda e`tiborsiz qoldirilgan jihatlar bu erda muhim sanaladi. Bir so`z bilan aytganda, “Saodat” — ijodimdagi o`sish bo`ldi.
— Ikki-uch yil avval, bir yilda hatto sakkiz-to`qqizta filmlarda suratga tushardingiz. Bugun esa katta ekranlarda siz ishtirok etgan kartinalar nisbatan juda kam...
— Yilda o`nga yaqin kartinalarni suratga tushish men uchun cho`t emas. Hammasiga ulgurardim. Ularning ichidagi ikki-uchtasidagi saviyalilari, biroz odatiy rollarni yopib keta olardi. Bugun esa yomonini yashiradiganini topish juda qiyin. Balki hozirgi aytadigan gapim boshqalarga biroz erish tuyular. “Aktyorlarning topgan bahonasi shu” deydiganlar ham bor, albatta. Biroq bundan boshqa sabab bo`lmagandan keyin nima deyishga hayronman. Bugun rejissyorlar, ssenariynavislar biroz erinchoq bo`lib qolganini yashirmayman. Bir xil voqealarni taklif etishdan hech kim uyalmayapti. Hatto, taklif etilgan ayrim filmlarimdagi voqealar real hayotga to`g`ri kelmaydi. Men ko`rinmay qoldim, rol o`ynashim kerak, deb hamma taklifga ko`nib ketish esa bugunning talabi emas. Yillar davomidagi tajribalardan kelib chiqib, biroz kattaroq loyihalarning ishtirokchisiga aylanishni istayman.
— Kliplarda esa aksincha, faollashgandeksiz...
— Adashasiz, kliplarda ham kamnamoman. Oxirgi marta Shohjahon Jo`raev, Munisa Rizaeva va Shohruxxon bilan hamkorlik qilyapman, xolos. Shohjahonni ijodkor sifatida hurmat qilaman. O`zim uchun ham bu xonanda bilan ishlash qiziq bo`ldi. Munisaning klipidagi obrazimni o`zim juda yoqtirdim. Ko`rgan bo`lsangiz, ertaklardagi jangari qizlar rolidaman, bu men uchun yangilik. Shohruxxon bilan hamkorlikka kelsak, u mening bolalikdagi do`stim. Birgalikda qilgan hamma ijodiy ishimiz doim omadli chiqqan. Buni Shohruxxonning o`zi ham ko`p takrorlaydi.
— Kun davomida tez-tez “aylantirib” turiladigan kliplarda chiqish ekranlardan tushib qolmaslikning bir yo`lidir...
— To`g`ri, bu narsa bilan o`zlariga reklamani ta`minlagan hamkasblarim yo`q emas. Tan olish kerak, o`zim ham ijodiy tanaffusdan so`ng, endi kinoga qaytganimda televizorda ko`rinib turishni yoqtirardim. Ammo bu profesionallarga xos yo`l emas. Chunki kim bilan to`g`ri kelsa, o`shaning klipida chiqaverish aksincha natijani ko`rsatishi aniq. Ya`ni, bu bilan odamlarning me`dasiga tegib qolish hech gap emas. Men uchun kinodagi kabi klipda ham muhim jihatlar juda ko`p. Xonandaning kimligi, qo`shiqning ma`nosi va rejissyor kimligini inobatga olaman.
— O`zingiz aytganingizdek, xonanda Shohruxxon bilan ko`p hamkorlik qilasiz. Nega aynan u?
— Bir necha yil avvalgi bo`lgan suhbatimizda “Yaxshi va mashhur aktyor bo`lish uchun, institutda o`qish shart emas. Mahoratning o`zi etarli” degan gaplarni aytgandingiz. Ammo xabarimiz bor ayni paytda O`zbekiston Davlat San`at va Madaniyat institutining Drama aktyorligi bo`limi talabasisiz...
— (Biroz uyalib) Yosh va tajribasiz edim, o`shanda. O`ylamasdan gapirib qo`ygan bo`lsam kerak. San`atga endi qadam qo`yganimda omadim kelib, tezda tilga tushganim uchun havolanib “o`qimasdan ham mashhur bo`la oldim-ku” degan fikr kelgan. Biroq bugun haqiqiy san`atkor bo`lish uchun albatta, ustozlardan dars olish shart, degan fikrdaman. Institutda tajriba, yangilik, raqobat bor. O`zingizni doim sinab turish imkoniyatiga egasiz. Menga ayniqsa, “plastika” va sahna nutqi darslari yoqadi. Yana bir gap, o`tgan semestrda darsga kam kelganim uchun mahorat darsining imtihonini, myuziklda rol ijro etish orqali topshirdim. Bilasizmi, shu kichik sinov mening teatrga bo`lgan mehrimni oshirdi. Ustozim va kursdoshlarimga ham rolim ma`qul kelganini eshitdim. Agar astoyidil mehnat qilib, o`qisam, jonli ijro — teatrda ham ishlay olishimga ko`zim etyapti. Faqat bu haqida hozircha aniq gapirishga biroz erta.
— Instagramda sahna nutqi ustozingiz bilan birga tushgan suratingizni joylashtirdingiz. Bu qo`shimcha saboqlar bilan bandligingizning hisobotimi?
— Afsuski, unday emas. Ustozimiz Ramziddin Qodirovning professionalligiga tan beraman. O`z ishini biladi. Inson sifatida ham samimiyligi e`tiborimni tortgan. Bu suratni esa darsdan so`ng, ulardan o`zim iltimos qilib tarixga muhrlagandim. Qo`shimcha darsga kelsak, bunday niyatim bor. Faqat buning uchun vaqt kerak. Tez kunlarda bu rejamni amalga oshirishga harakatni boshlayman!
— Ijro etgan rollaringizda, odamlar bilan muloqotda bo`lishni yoqtiradigan kasb egalarini ko`p kuzatamiz. Advokat, psixolog, jurnalist... Boshqalar bilan muloqotda bo`lish, ularning dardi, muammolariga echim topish hayotdagi Zarinaga qanchalik yaqin?
— Aktyorga yaqin obrazni taklif eta olish bu — mahoratli, o`z kasbini hurmat qiladigan rejissyorning darajasini belgilab beradi. Haqiqatdan ham odamlar bilan suhbatda bo`lish, ularni qiynayotgan muammolarni tinglashni yoqtiraman. Ayniqsa, maslahatlar berish orqali to`g`ri yo`lda ekanini ko`rish juda zavqli. Balki, bu ichimdan yashirin biror-bir kasbga bo`lgan mehrdir, bilmadim.
— So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarga yuklayotgan fotosuratlaringiz katta muhokamalarga sabab bo`lyapti. Lekin bu gaplar sabab qaddi-qomatingizga urg`u berib suratga tushishni to`xtatayotganingizcha yo`q...
— To`xtatmayman ham! Chunki kim nima desa, desin, men ayrimlarga o`xshab ochiq-sochiq kiyinib yurganim yo`q. Shunchaki, biroz tor liboslarni yaxshi ko`raman, xolos. Bundan tashqari, bu men tanlagan zamonaviy uslub. Nazarimda, hammaning o`z didi va xohishlari bo`lishi tabiiy. Bunga birov to`sqinlik qilib, uni tarbiyasiz va axloqsizga chiqarishi noto`g`ri! Meni yomon gaplar bilan muhokama qilayotganlar, internetdagi boshqalarning hayotiga ham nazar solib ko`rishsa yomon bo`lmasdi...
— Bugun hamkasblaringiz orasida san`atdan tashqari shaxsiy biznesini yo`lga qo`yganlar ko`p. Balki sizning ham biz bilmagan faoliyatlaringiz bordir...
— Bir marta tadbirkorlik bilan shug`ullanishga harakat qilib ko`rdim. Biroq, ming afsuski, mendan “biznes women” chiqmas ekan. Ishim yurishmadi. Shuning uchun bugungi daromadim faqat kinodan. Baxtimga oilam, akam bor. Ular meni qo`llab-quvvatlab, ko`p yordam berishadi.
— Hayotingizdagi voqealar erta boshlangan. Mashhurlik, turmushga ham erta chiqkansiz. 19 yoshda ona bo`lish ham nasib etgan. Buning ijobiy yoki salbiy tamonlarini nimada ko`rasiz?
— Ijodimni erta boshlab, bugungi kundagi muvaffaqiyatlarimni boshdan o`tkazayotganimga hech afsuslanmayman. San`at bilan shug`ullanib yomonlik ko`rmadim. Oila qurish borasida esa afsuslar yo`q emas. O`shanda, 18 yashar qiz edim. Hayotiy tajribalarsiz, faqat his-tuyg`ularga tayangan ekanman. Agar bugungi kundagi aqlim bilan oila qurganimda, birinchi turmushimdan ajrashmagan bo`lardim, deb o`ylayman. Lekin, ming shukr, farzandim yonimda. O`zim bilan xuddi opa-ukadek ulg`ayapti. Meni tanimaganlar ona ekanimni bilmaganlar, shunday katta bolam borligini ko`rib, havas qilishadi. Shu baxtim hayotimdagi boshqa kamchilik va afsuslarni yuvib ketadi.
— O`g`lingizning hamma savoliga javob bera oladigan onaman, deb ayta olasizmi?
— Albatta! Ota-onam menga hech qachon yolg`on gapirmagan. Men ham xuddi shu tarbiya usulini o`g`limda qo`llayapman. Fikrimcha, bolani hech qachon aldash kerak emas. Ular hamma narsani boricha qabul qilishga kichikligidan o`rganishsa hayotda kamroq qiynalishadi. U bugun ikkinchi sinf, lekin katta odamlardek suhbatda bo`lamiz. Misol uchun dadasi chet elda, bir-birimizga to`g`ri kelmaganimiz uchun ajrashganimizni, hatto munosabatlarimiz yaxshi emasligini ham tushuntirib berganman. Ko`chada men haqimda yolg`on gaplarni eshitib siqilgandan ko`ra, o`zimdan bor gapni bilgani yaxshiroq, nazarimda.
— Nima bo`lganda ham u bola. Dadasi haqida gapirganingizda ko`ngli sinishidan cho`chimaysizmi?
— Sobiq turmush o`rtog`im bilan ajrashganimizdan so`ng qayta yarashishga ko`p urindi. Uyimizga kelib kechirim so`ragan paytlari ham bo`lgandi. O`sha paytlarda bolam, deb mehr ko`rsatganini eslolmayman. Ona uchun bolasiga nisbatan bunday beparvolik og`ir botadi. Aytmoqchimanki, o`g`lim Temirxon bo`lib o`tgan voqealardan keyin dadasini qo`msashi yoki sog`inishi qiyin.
— Kecha, bugun yoki erta. Siz uchun hayotda qay biri muhim.
— Kecha bu — o`tgan kun. Uni tuzatib bo`lmaydi. Shuning uchun ko`proq ertangi kunni o`ylab yashash kerak. Ertani esa bugundan yaxshilashimiz, tabiiy. Menimcha, kelajakka intilish, uning poydevorini yaxshilash har bir o`zbekka xos bo`lgan jihatlardan.
Aliya SULAYMANOVA