AsosiyDunyo

​Nursulton Nazarboev aeroportga nomi qo`yilganiga izoh berdi (Video)

'​Nursulton Nazarboev aeroportga nomi qo`yilganiga izoh berdi (Video)'ning rasmi

Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboev “Rossiya-24” telekanali jurnalistiga bergan intervyusida Ostona aeroportiga “Nursulton Nazarboev” nomi berilganiga izoh berdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri .

Qozog`iston prezidenti Rossiya telekanali jurnalistiga Ostona xalqaro aeroporti Qozog`iston hukumatining qaroriga muvofiq qayta nomlanganini izohlab berdi. “Qozog`iston kelajakka nazar solmoqda” nomli maxsus reportaj Ostona shahri tashkil topgan kun munosabati bilan efirga uzatildi.

“Aeroportga nomimning berilishi, mendan chiqqan tashabbus emas. Men bunday ishlarga qarshiman. Balki xalq amalga oshirgan ishlarimni ko`rgandan keyin shunday qarorga kelgandir. Barcha siyosatchilar, davlat rahbarlari kabi men ham bajargan ishlarim bilan tarixda qolishni istayman. Rim imperatori va faylasuf Mark Avreliyning so`zlari bot-bot esimga tushadi. Bir kuni undan nima uchun haligacha sizga yodgorlik o`rnatilmagan, degan savolni berishibdi. Shunda imperator “Bu kimning haykali, deb so`rashlarini istamayman. Olamdan o`tganimdan keyin nima uchun Mark Avreliyga haligacha yodgorlik o`rnatilmagan, deyishgan ma`qul”, — dedi Nursulton Nazarboev.

2016 yilning noyabr oyida Qozog`iston parlamentining quyi palatasi deputati Quanish Sultonov Qozog`iston respublikasining mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarini sanab o`tib, mamlakat poytaxti Ostona shahrini respublikaning birinchi prezidenti sharafiga “Nursulton” yoki “Nazarboev”, deb atash taklifini berdi. Ammo Nursulton Nazarboev parlament a`zolariga minnatdorchilik bildirib, Ostona nomi brendga aylanganini, uning nomini o`zgartirish zarurati yo`qligini ma`lum qilgan edi.

Eslatib o`tamiz, 21 iyun kuni Ostona aeroportiga Nursulton Nazarboev nomi berildi.


Boshqa yangiliklar