1

HAYoTIY VOQEA: YuQUMLI ODAT

Mutolaa 18.07.2017, 14:45
HAYoTIY VOQEA: YuQUMLI  ODAT

Qarang, hayotda ba`zi bemaza odatlar ham yuqumli bo`larkan. Bir voqeani aytib bersam, bunga o`zingiz ham ishonch hosil qilasiz.

Normurod ham ko`p qatori ichib turadi. Lekin kishini xursand qiladigani, u ba`zilarga o`xshab “o`chib” qolmaydi. Davralarda o`tirib qolsa, sheriklarini birma-bir yiqitib, hech narsa ko`rmaganday turib ketaveradi. Shunga yarasha el-ulusning orasida hurmati baland. Ba`zi xotinlar mast bo`laverib bezor qilib yuborgan erini “Normurodga o`xshab ichsangiz o`lasizmi?” deya qarg`ashadi.

Buning ustiga, Normurod juda mehmondo`st. Bot-bot ulfatlarini uyiga chorlab, ziyofat berishni yaxshi ko`radi. O`zi kambag`algina yigit, lekin himmati uncha-muncha boylarnikidan ziyod. Bir marta tuzini totgan odam ancha vaqtgacha uni og`zidan bol tomib maqtab yuradi.

Yaqinda Normurodnikiga uzoqroqda yashaydigan jiyani Mirzaboy mehmon bo`lib keldi. Bundan uning boshi osmonga etdi. Tog`a-jiyan anchadan beri ko`rishmagani uchun bir-birini sog`inib qolgan ekan. Kechqurun to`kin dasturxon ustida rosa hangoma qilishdi. Birin-ketin bo`shayotgan shishalar ikkovining ham qulfi-dilini ochib yubordi. Lekin ko`p o`tmay Mirzaboyning ko`zlari suzilib, o`tirgan joyida chayqala boshladi. Gap-so`zlaridan ham maza qochdi. Normurodning ikki yilcha o`sal yotib, bultur qazo qilgan onasini eslab ko`ziga yosh oldi.

—Bitta-yu bitta momomning qadriga etmadim, tog`a! – dedi u ko`ksiga mushtlab. – Uni hali-beri o`ladi deb o`ylamabman. Bilganimda kunda-kunora kelib ahvolidan xabar olmasmidim... Momojonim-ov!

—Nega uvillaysan? Yoki biron joying og`riyaptimi? – deb so`radi undan.

Aslida mast bo`lishning ijobiy jihatlari ham yo`q emas. Ba`zilar to`yib ichsa, ko`ngli yumshab, ancha odamshavanda bo`lib qolishadi. Mirzaboy ham rahmatli momosi kasal yotganida biron marta qorasini ko`rsatmagan edi. Ichkilikning sharofati bilan ana shu xatosini tan olib, chin dildan nadomat chekib o`tiribdi.

Lekin shakarning ham ozi yaxshi deyishgan. Qo`yib bersa, Mirzaboyning marhum kampirga atab marsiya aytadigan shashti bor. Normurod uni to`shakka yotqizdi-da, go`dakka alla aytganday bir amallab uxlatdi.

Normurodning ozgina irimkashligi ham bor. U ochilgan shishadagi aroq oxirigacha ichilmasa, ro`zg`ordan baraka ko`tariladi degan gapga ishonadi. Shuning uchun yarimlab qolgan zormandani bo`shatib qo`yishga qaror qildi.

Xullas, ayvonda yolg`iz o`zi bazm qurib o`tirgan edi. Kutilmaganda mehmonxonadan allaqanday uvillagan ovoz eshitilganday bo`ldi. U avvaliga qo`shnimizning kuchugi uliyotgan bo`lsa kerak degan xayolda bunga unchalik e`tibor bermadi. Ammo vahimali ovoz tobora zabtiga olib, bir chekkada uxlab yotgan xotini ham uyg`onib ketdi.

— Ichkarida bo`ri uvillayaptimi?

Mehmonxonada jiyani yotgani esiga tushib, Normurodning kapalagi uchib ketdi. Xontaxtaning tagida yumalab yotgan bo`sh shishani qo`liga olib o`shayoqqa yugurdi. Eshikni sharaqlatib ochib, mehmonxonaning chirog`ini yoqdi. Xayriyat, uyda bo`ri yo`q ekan... Unda vahimali ovoz qaerdan kelayotgan ekan, deysizmi? Gap shundaki, qavat-qavat ko`rpachada yalpayib uxlab yotgan Mirzaboy uyqusida osmonga qarab uv tortayotgan ekan.

Odam bolasi chin dildan uvillasa, bo`ri-yu shoqollar ham uyatdan er chizib qolarkan. Mirzaboy ham bu ishning juda hadisini olgan shekili, cho`zib-cho`zib, ohangdor nola qilyapti. Ba`zan nafas olmasdan biriga ikkinchisini ulab yuboradi. Ovozida cheksiz g`am-g`ussa, hasrat bor. Eshitgan odamning ko`ngli buzilib, ko`ziga yosh keladi.

Normurod xotinining oldida juda izza bo`ldi. Jiyanini turtkilab-siltalab bir amallab uyg`otdi.

Kayfi tarqab ulgurmagan Mirzaboy javob o`rniga qontalash ko`zlarini xunuk olaytirib qo`yib, yana o`zini to`shakka tashladi. Normurod bir tekis yotsa ovozi o`char degan umidda uning boshidan yostiqni olib qo`ydi. Lekin xayal o`tmay jiyani yoqimsiz xonishini qolgan joyidan davom ettirdi. Uning dastidan Normurod ertalabgacha mijja qoqmay chiqdi.

Mirzaboy choshgohga yaqin hech narsa bo`lmaganday bardam-xushchaqchaq bo`lib uyg`ondi. Aftidan, oqshom uvillaganida ichidagi g`uborlari yuvilib ketgan bo`lsa kerak. Lekin Normurodning ahvoli maqtagulik emas edi. Uyqusizlikdan ulkan kallasi battar og`irlashib, qovoqlari do`mbiraday shishib ketgan. Quloqlarining tagida qovog`arining g`o`ng`illashiga o`xshagan ovoz eshitiladi. Nahorda bir-ikki piyola ichsam o`zimga kelarman deb umid qilgan edi. Lekin bu tadbir ham kor qilmadi. Mirzaboyning esa battar qulfi-dili ochilib ketdi. U ancha vaqt bir nimalarni valdirab o`tirdi, biroq Normurodning kallasiga hech narsa kirgani yo`q.

Nihoyat Mirzaboy tog`asining dasturxoni enigayam-bo`yigayam kengayishini tilab duo qilib, o`rnidan turdi.

— Bir-birimizdan uzoqlashib ketmaylik, tog`a, — dedi u keta turib. – Vaqt topib siz ham biznikiga yotadigan bo`lib boring. Miriqib gurunglashamiz.

— Nasib... – deya g`uldiradi Normurod yon tomonga qiyshaya boshlagan kallasini qo`li bilan to`g`rilab qo`yib. Mirzaboy u bilan quyuq xayrlashib, uyiga jo`nadi.

Normurod kun bo`yi jiyanining ahvolidan qayg`urib yurdi.

— Odam haddini bilib ichmasa qiyin-da, - dedi u kechqurun xotiniga afsus bilan. – Sho`rtumshuq bu ketishda adoyi tamom bo`ladi. Buguncha mehmon deb izzatini qildim. Biron kun uyiga borib, yaxshilab nasihat qilib kelmasam bo`lmaydiganga o`xshaydi. Jonday jiyanim, ichim achiydi-da.

Ko`p o`tmay Normurod tog`alik burchini ado etish uchun jiyaninikiga yo`l oldi. Shu ketganicha ertasi kuni shomga yaqin chayqala-chayqala uyiga kirib keldi. Tog`a-jiyanning tuprog`i bir joydan olingan, deyishadi. Mirzaboynikida ham mehmondorchilik quyuq bo`lgani ko`rinib turardi.

— Jiyanni rosa tuzladim, - dedi u xotiniga maqtanib. – Biznikida qilgan bemazagarchiligini... ro`y-rost betiga aytdim. Odam degan bo`riga o`xshab ulisa, hayvondan nima farqi qoladi... dedim. Og`zimga kelganini qaytarmadim. Nasihatim ta`sir qildi kallavaramga! Sho`rqillab yig`lab qo`yaverdi... “Kelininingiz ham shu odatimni yuzimga solaverib bezor qildi. Tavba qildim, tog`ajon, ertadan boshlab ichishni kamaytiraman” deb so`z berdi... Ishqilib, borganim yaxshi bo`ldi, xotin...

— Ha, qoyillatibsiz, — uni ma`yus kuzatib o`tirgan xotini ma`noli bosh chayqab qo`ydi.

Normurod jiyaniga pand-nasihat qilaverib charchagan shekilli, bir piyola choy ichishga ham holi kelmay uxlab qoldi. Xotini odatdagiday ro`zg`or tashvishlari bilan andarmon bo`lib kechroq yotdi. Lekin u ko`zi ilinar-ilinmas shundoqqina yonida eshitilayotgan allaqanday qo`rqinchli ovozdan cho`chib uyg`onib ketdi. Ne ko`z bilan ko`rsinki, qavatida chalqancha uxlab yotgan eri do`rdoq lablarini cho`chchaytirgancha bo`ri bo`lib uvlardi...

Xullas, boyaqish Normurod savob ish qilaman deb kutilmaganda shunday illatga duchor bo`lib o`tiribdi. U juda oriyatli yigit. Kunda-kunora uvillab, uydagilarning ham, qo`shnilarning ham tinchini buzayotganidan doim ko`ngli xijil bo`lib yuradi. O`zini dami o`tkir domlaga o`qitdi, qo`shnoch kampirga alaslatdi, lekin foydasini sezmadi. Yaqinda azza-bazza shaharga borib, katta do`xtirlarga ham ko`rinib keldi. “Hozircha bu kasallikning davosi topilgani yo`q, — deyishibdi ular. – Biron yangilik bo`lsa, o`zimiz xabar beramiz. Ungacha siz bemalol uvillayvering, buning hech qanday zarari yo`q”. Shundan beri Normurod umid bilan do`xtirlarning xabarini kutib yuribdi.

G`afur Shermuhammad

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1