1

Tarvuz shifobaxsh bo`lishi uchun qaysi paytda iste`mol qilish kerak?

Salomatlik 14.08.2013, 22:52
Tarvuz shifobaxsh bo`lishi uchun qaysi paytda iste`mol qilish kerak?
Tarvuz mamlakatimiz poliz ekinlari qadim zamonlardan beri etishtiriladi. O`zbekiston o`zining shirin ta`mli va ajoyib shifobaxsh xususiyatlarga ega poliz mahsulotlari bilan dunyoga dong taratgan. Bu haqda “Xalq so`zi” nashri yozadi. Tarvuzning etida glyukoza, fruktoza va saxaroza ko`rinishida to`planadigan 12 foizgacha engil o`zlashtiriladigan qandlar mavjud. Shuningdek, unda C, B1, B2, A, foliy kislotasi, pektin moddalari, karotinoidlar, kaliy tuzlari, temir, magniy va kalsiy moddalari, aminokislotalar ham bor.

Tarvuz qadimdan dori vositasi sifatida qo`llaniladiOlim tabib Mahammad A`zamxonning “Buyuk ummon” asarida tarvuzning etini yilning issiq davrida paydo bo`ladigan kuydiruvchi bezgakda foydalanish haqidagi ma`lumotlar keltiriladi. Tarvuzni jigar kasalliklarida, qon quyulib qolishida va organizmdan shlaklarni chiqarishda qo`llashgan. O`rta asrlarda arablar “agar tarvuz muntazam ravishda ovqatdan oldin tanovul qilinsa, badanni tozalash va undagi kasalliklarni olib chiqish” xususiyatiga ega bo`lishi haqida gapirishgan. Qadimgi hind tabiblari sanskrit yozma manbalarida tarvuz butun organizmni yumshatishi va peshob haydovchi vosita sifatida yaxshi ekanini ta`kidlashadi.

Tarvuzning shifobaxsh xususiyatlari zamonaviy tibbiyotda ham qo`llanadi

Xususan, tadqiqotchilar bergan ma`lumotlarga ko`ra, tarvuz tarkibidagi foliy va askorbin kislotasi boshqa moddalar bilan birgalikda sklerozga qarshi ta`sir ko`rsatar ekan. Tarvuzning suvi artrit, podagra, ichak kasalliklari, ateroskleroz kabi kasalliklarni davolashga yordam beradi. Uning peshob haydovchi xususiyati yurak va buyrak kasalliklari bilan bog`liq a`zolardagi shishlarni yo`q qiladi. Jigar xastaliklarida tarvuz suvi organizmdan ortiqcha suyuqlik va shlaklarni chiqaribgina qolmasdan, jigar to`qimalarini engil o`zlashtiriladigan qandlar bilan ham ta`minlaydi. 

Turli ilmiy manbalarga qaraganda, organizmda suyuqliklarni ushlab turmasdan kechadigan buyrak toshi, sistit, nefrit va pielonefrit kasalliklarida sutkasiga 2,5 kg gacha tarvuz tanovul qilish tavsiya etiladi. Tarvuz buyraklar va peshob yo`llarini achishtirmaydi. Shifobaxsh ozuqa sifatida kamqonlikda qo`llaniladi, tarkibidagi fruktoza esa qonda qand moddasi ko`p bo`lganida ham organizm tomonidan yaxshi o`zlashtiriladi, shu bois uni qandli diabetda ham tanovul qilish mumkin. 

Aytish joizki, poliz ekinlarini etishtirishda unga beriladigan ortiqcha azotli o`g`itlar tarvuzlarning ozuqaviylik va shifobaxsh xususiyatlariga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Savdoga chiqariladigan tarvuzlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlari tomonidan kimyoviy tahlildan o`tkaziladi. Shuning uchun poliz mahsulotlarini xarid qilayotganda sotuvchilardan tegishli sertifikat bor-yo`qligini so`rang. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1