1

Mustafo BAFOEV: “Meni 50 yo shimda ham talaba deyishgan!”

Shou-biznes 11.11.2013, 13:52
Mustafo BAFOEV: “Meni 50 yo shimda ham talaba deyishgan!”
Bu galgi suhbatdoshimiz aslida xonanda bo`lishni orzu qilardi. Avvaliga otasi, keyin ustozi bunga qarshilik qiladi. Taqdir esa uning qo`lidan etaklab, musiqa olamiga olib kiradi. Avvaliga, sozanda, keyin bastakorlik bo`yicha ta`lim oldi. Asta-sekin musiqiy asarlar yoza boshlaydi. Bugun esa otasining istagi bilan agronom yoki qo`lidagi diplomi tufayli oddiy musiqa o`qituvchisi emas, balki bastakor, dirijyor, Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti laureati, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi Mustafo BAFOEV — U. Jahon sahnalarida yangragan simfoniya va operalarning, yuzlab musiqiy asarlarning muallifi bugungi darajaga umrning turfa bekatlarini bosib o`tib etib kelgan.
 
1-bekat: “Xonanda bo`lishni orzu qilardim”
Buxoroning chekka qishloqlaridan birida, oddiy oilada katta bo`lganman. Otam hisobchi, onam dehqon edi. Bafo otamning ismi. Vafo so`zi Buxoro shevasida “bafo” deyiladi. Bizning bolalik davrimizda texnika rivojlanmangan, qishloqlarga elektr ham etib bormagandi. Bitta amakim musiqaga qiziqardi, nay chalardi. Negadir doim “Sen musiqachi bo`lishing kerak”, deb aytardi. To`ylarda musiqasiz, hech qanaqa tayyorgarliksiz ashula kuylardim. Otamga xonanda bo`lish haqidagi istagimni bildirganimda, “Bizning avlodda san`atkor bo`lmagan. Maktabni tugatib, qishloq xo`jaligi institutiga kirasan. Agronom bo`lasan. Qara, hozir kolxozlarda agronomlarning obro`si baland”, degan. Men esa 7-sinfni tugatib, Buxoro musiqa bilim yurtiga bordim. O`shanda Ahmad Ixtiyorov rahbar edi. U kishi niyatimni eshitib, “Sen xonanda bo`lma. Hali yosh bolasan. Ovozing yoshing ulg`aygani sari o`zgarib boradi. Yaxshisi, sozanda bo`l”, degandi. Shu bilan meni g`ijjak chalish bo`limiga o`qishga olishdi. To`g`risi, g`ijjak qanday soz ekanligini bilmasdim. Sentyabrda o`qishga borib, uning nimaligini ko`rdim. Qarasam, tizzaga qo`yib chalinadigan, 4 ta tori va bitta tayyoqchasi bor asbob ekan. O`qishda bir yil rosa qiynalganman. Hatto afsuslanganman ham. Chunki bu sohani tushunmasdim-da. Keyingi yili yotoqxonaga ko`chib o`tdim. O`sha erdagi muhit menda musiqaga muhabbat uyg`otgan. Asta-sekin o`zim musiqa yoza boshladim. Faqat tortinchoqligim sabab, yozganlarimni hech kimga ko`rsatmasdim. O`qishni tugatgach, ustozlarimning yo`llanmasi bilan Toshkent Davlat konservatoriyasiga o`qishga keldim. O`shanda to poytaxtga kelguncha poezdda g`ijjak chalib kelganim esimda.  

2-bekat: “Konservatoriyada ikki marta qayta o`qiganman”
Konservatoriyada xalq cholg`u asboblarini chalish yo`nalishida o`qib yurgan kezlarim domlamiz Mardon Nasimov musiqa yozishimni sezib qolgan. “Sen bola musiqa yozayapsan-a? Uyalmasdan ko`rsat menga”, degandi o`shanda. Keyin boshqa domlalar ham musiqalarimni eshitib  ko`rib, “Aslida bastakor bo`lishing kerak ekan”, deyishgan. Ammo o`quv yo`nalishini o`zgartirish imkoni bo`lmagan. Bitiruv imtihonida ham o`zim yozgan musiqani chalgandim. O`qishimni tamomlagach, “Ishlang, keyin bastakorlikka o`qiysiz”, deb aytishdi. Shundan so`ng Buxoro pedagogika uneversitetida ishlay boshladim. Rahmatli ustozim Mardon Nasimov doim qo`ng`iroq qilib, “Qachon kelasan poytaxtga”, derdi. Men esa “Domla, uylandim, ikki qizim bor. O`qishga borolmayman”, deb javob berardim. Ota-onam qayta o`qishimga qarshi edi. “Mana, oliy ma`lumotlisan. Bo`ldi, endi ishla”, deyisharrdi. Lekin ko`nglim musiqiy asarlar yaratishni istardi. Oxiri ayolimga “Hali yoshmiz. Hozir bastakorlikka o`qib olsam, yaxshi bo`lardi”, deb taklif bildirdim. U rozi bo`ldi. Shu bilan qaytadan konsevatoriyaning bastakorlik yo`nalishiga imtahon topshirib, o`qishga qabul qilinganman. O`shanda yigirma etti yoshda edim. O`qishni tugatgan yilim “Buxoronoma” degan oratoriya yozganman. O`sha asarim uchun Bastakorlar uyushmasiga a`zo bo`lganman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1