Prezidentning 28.07.2017 yildagi PQ-3161-son qarori bilan Prezident devonining reglamenti tasdiqlandi, deb yozadi "Norma".
Prezident devoniga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishni tarkibiy tuzilmalar:
Prezidentning Ijro etuvchi apparati;
Prezident devonining xizmatlari;
Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati;
Prezident devonining Ishlar boshqarmasi ta`minlaydi.
Ushbu organning ishi uning tarkibiy tuzilmalari to`g`risidagi nizomlar (Prezident tomonidan tasdiqlanadi), ularning ish rejalari (tarkibiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi) va Prezident devonida hujjatlar bilan ishlash qoidalari asosida tashkil etiladi. Tasdiqlangan ish rejalarining to`liq, o`z vaqtida va natijador ijro etilishi uchun tarkibiy tuzilmalar rahbarlari shaxsan mas`ul hisoblanadi.
Devonga ko`rib chiqish uchun:
qonunlar loyihalari — kelishish, qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish uchun;
qonunlar — imzolash va e`lon qilish uchun;
Prezidentning farmonlari, qarorlari, farmoyishlari loyihalari — imzolash uchun. Qarorlar faqat davlat rahbari tomonidan qabul qilinadigan masalalar ro`yxati – bu erda;
Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari loyihalari –kelishish uchun. Majburiy kelishiladigan masalalar ro`yxati – bu erda;
Prezident va uning devoni nomenklaturasiga kiruvchi lavozimga tayinlash, tasdiqlash, taqdim etish, kelishish va lavozimidan ozod etish uchun nomzodlar bo`yicha takliflar;
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash, oliy harbiy va maxsus unvonlarni berish, ulardan mahrum etish, shuningdek davlat mukofotlarini berish to`g`risida taqdimnomalar;
fuqarolik va siyosiy boshpana berish masalalari bo`yicha murojaatlar;
O`zbekiston sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etishga oid murojaatlar;
chet elga chiqishi uchun maxsus kelishuv talab qilinadigan alohida toifadagi mansabdor shaxslarning xizmat safarlariga chiqishi to`g`risida takliflar;
O`zbekistonning jismoniy va yuridik shaxslarining murojaatlari kiritiladi.
Reglament yuqorida keltirilgan masalalarni ko`rib chiqishda Prezident devoni vakolatlarini amalga oshirishning batafsil mexanizmlarini saqlaydi.






