AsosiySUG'DIYONA

«YoShIM 26 DA. HALI HAYZ KO`RMAGANMAN...»

'«YoShIM 26 DA. HALI HAYZ KO`RMAGANMAN...»'ning rasmi

– Ikki yil avval menga bachadon gipoplazmiyasi tashxisi qo`yildi. Rivojlanmagan bachadon bilan farzand ko`rish imkoni yo`q deyishgach, ajrashdik. Shu yoshimgacha hayz ko`rmaganimni aytganimda esa davolovchi shifokorim avval qattiq koyidi, so`ng kasallik varaqamga amenoreya patologiyasini kiritib qo`ydi. Aytishicha, bu bachadon gipoplazmiyasi asoratidan kelib chiqqan holat ekan. Oy ko`rmayotganimni onamdan yashirgandim. Bilmadim, nega, balkim qo`rqqandirman yoki qanday aytishni bilolmadimmi... Xolamning qizi, turmushga chiqsa o`tib ketadi degandek gap ham qilgandi, yo shunga ishondimmi, xullas, sog`ligimni ham, baxtimni ham boy berdim. Hozir davolanayapman, ammo juda kechikdim. Endi biror natijasi bo`larmikan...

Ismi sir tutildi.


Hayz sikli ayol organizmi uchun g`oyat zarur jarayonlardandir. U jinsiy etilish, homilador bo`lish kabi muhim hodisalarning asosini tashkil etadi. Ammo ba`zi hollarda oy ko`rish kechikadi yoki umuman ro`y bermasligi ham mumkin. Muammo o`z vaqtida aniqlanmasa, mushtariyimiz murojaatidagi kabi jiddiy oqibatlarning kelib chiqish ehtimoli yo`q emas. Xo`sh, bu borada tibbiyot nima deydi? Mavzuni batafsil o`rganishga harakat qilamiz.

Mutaxassis — Mashkura ZOKIROVA, Toshkent viloyati Zangiota tumani akusherlik kompleksi, homiladorlar patologiyasi bo`limi boshlig`i.

Birinchi oy ko`rish

Bolalikda kuzatilgan kasalliklar, turmush tarzi, ovqatlanish rasioni, jismoniy chiniqqanlik hamda nasliy omillardan kelib chiqib, qizlarda ilk hayz ko`rish sikli 12-14 yoshda, kimlardadir 16-17 yoshda kuzatilishi mumkin. Erta boshlangan oy ko`rish (9-10 yosh) organizmdagi gormonal buzilishlardan darak beradi. 17 yoshdan keyin ham siklning boshlanmasligi esa shifokor ko`rigi uchun jiddiy asosdir.

Jinsiy etilish davrining kechikishi tuxumdonlarning yaxshi rivojlanmagani, kuchli stress, asab zo`riqishi, gormonal buzilishlar, gipofiz ishining nosozligi, qalqonsimon bez kasalliklari hamda turli xil parhezlarga bog`liq bo`lishi mumkin.

Amenoreya qanday tashxis?

Hayz ko`rishining uch oy va undan ko`p marotaba ketma-ket kuzatilmasligi amenoreya nomi bilan yuritiladi. O`n etti yoshgacha oy ko`rmaslikka nisbatan ham ushbu tashxis qo`llanilishi mumkin. Tibbiyotda amenoreyaning me`yor sanalgan ko`rinishi pubertat davrigacha, homiladorlik va menopauzadan keyingi jarayonga nisbatan aytiladi. Boshqa holatlarda amenoreya jinsiy a`zo kasalliklari hamda gormonlar ishini nazorat qiluvchi bezlar faoliyatidagi buzilishlar asorati bo`lishi mumkin.

Amenoreya – davolanadigan kasallik. Yagona sharti o`z vaqtida aniqlash va muolajani tartib bilan bajarishdir.

Chinmi yoki yolg`on?

Amenoreya birlamchi va ikkilamchi turlarga bo`linadi. Birlamchisi ayolning hayoti davomida oy ko`rmaslik bilan kechsa, ikkilamchisi uch oy va undan ko`proq muddat davomida hayzning kuzatilmasligi bilan izohlanadi. Belgilariga ko`ra, amenoreyaning yolg`on va chin turlari ham bor.

Chin amenoreya tuxumdon, bachadon va gipofiz-gipotalamus tizimida davriy rivojlanish jarayonlarining mavjud emasligi bilan xarakterlanadi. Yolg`on turi esa davriy jarayonlarning dam badam buzilishi bilan ifoda etiladi. Bu ko`proq jinsiy a`zolar rivojlanishidagi nuqsonlar, bachadon o`smalari va ayrim xastaliklarda yuz berishi mumkin. Yolg`on amenoreyaning davosi asosan operativ muolajani talab etadi.

Emizikli ayollarning 75 foizida 5 oydan 2 yilga qadar laktasiya davri amenoreyasi kuzatiladi. Har bir ayol organizmining individualligidan kelib chiqib, mazkur holat turli muddatlarda kechishi mumkin.

Belgilari

Amenoreyaning asosiy belgisi hayzning kuzatilmasligi bo`lsa-da, o`zgarishlardan ogohlik beruvchi boshqa alomatlar ham yo`q emas. Ular quyidagilardir:

  • ko`krakdan oqish ajralma kelishi;
  • yuz terisida tuklarning ko`payishi;
  • tos sohasidagi og`riq;
  • soch to`kilishi;
  • tushunarsiz va tez–tez kuzatiladigan bosh og`riqlari;
  • husnbuzar toshishi.
  • Hayz ko`rmayotganimning boisi nima bo`lishi mumkin?
  • Qanday tekshiruvlardan o`tishim zarur? Tayyorgarlik shartmi?
  • Davolashning qanday usullari bor? Menga nimani tavsiya etasiz? kabi savollarni avvaldan tayyorlab oling. O`z navbatida shifokor ham sizni so`roqqa tutadi:
  • Birinchi hayz ko`rishingiz necha yoshda sodir bo`lgan?
  • Oxirgi hayz kunini aytolasizmi?
  • Farzand ko`rganmisiz?
  • Kontrasepsiya vositalaridan foydalanasizmi? (turi, nojo`ya ta`siri bo`lganmi, foydalanish davomiyligi);
  • Stress, kuchli asabiylashish kuzatilmaganmi?
  • Vazn ortishi yoki kamayishi bilan muammo bo`lganmi?
  • Qanday kasalliklar bilan og`rigansiz?
  • Kun tartibingiz qanday? (jismoniy faollik, uyqu, taomlanish).

Sanab o`tilganlarning barchasi birvarakayiga uchramaydi. Tashqi alomatlar amenoreyani keltirib chiqargan omilga bog`liq. Masalan, hayz ko`rmaslik balog`at davrida aniqlandi deylik. Bunda ko`kraklarning me`yorda rivojlanmagani, qo`ltiq osti va chovda tuklanishning mavjud emasligi (kech boshlangani yoki kamligi), qomat shakli kabilarga diqqat qilinadi.

Ko`rikka tayyorgarlik

Oy kunlarining kuzatilmasligi yuzasidan ginekolog shifokorga murojaat qiling. Ko`rikka borishdan avval kichik tayyogarlik jarayoniga diqqat qilsangiz, foydadan xoli bo`lmaydi. Dastlab, sizni xavotirga solgan, noodatiy tuyulgan barcha simptomlarni yozib chiqing, avval biror kasallik bilan og`rigan, biror preparat yoki vitamin qabul qilgan bo`lsangiz, buni ham qayd eting. Yaqin qarindoshlar orasida hayz kechikishi bilan bog`liq holat bor yo`qligini surishtiring. Mutaxassis huzurida:

Tashxislash usullari

Ko`rik vaqti shifokor jinsiy a`zolarning ginekologik hamda ultratovush tekshiruvini o`tkazadi. So`ng ko`kraklar shakli ko`zdan kechiriladi. Bu jinsiy etilishning qay holatda kechgani va mavjud kasalliklarni aniqlashga yordam beradi.

Organizmda gormonal o`zgarishlar bor-yo`qligini aniqlash maqsadida qalqonsimon bez tekshiruvi (qondagi tireotrop gormoni miqdori), tuxumdonlar faoliyati (follikula stimullovchi gormon), proklatin va erkaklik gormonlari tahlili o`tkaziladi. Bundan tashqari kompyuter tomografiyasi hamda magnit rezonans tomografiya tekshiruvlari ham o`tkazilishi mumkin.

Jinsiy hayot tarziga ega ayollarda qo`shimcha ravishda gisteroskopiya tekshiruvi ham bajarilishi mumkin. Bunda qin orqali bachadon bo`yniga maxsus diagnostika apparati kiritilib, bachadon bo`shlig`i baholanadi.

Muolaja qanday bo`ladi?

Ayrim hollarda dori vositalari va gormonlar tayinlanadi. Bordiyu amenoreyaning sababi qalqonsimon bez yoki gipofizdagi o`zgarishlar bilan bog`liq bo`lsa, ma`lum turdagi preparatlar guruhi tavsiya etiladi. Jinsiy a`zolarda o`sma yoki hayz ajralmasining tashqariga chiqishiga to`sqinlik qiluvchi nuqsonlar aniqlanganida operativ davo choralariga murojaat qilinadi.

Jinsiy hayot tarziga ta`sir qiladimi?

Umuman olganda, yo`q! Chunki hayzning kechikishi yoki kuzatilmasligi nozik munosabatlarda u qadar ahamiyatli emas. Ammo ayolning umumiy holati, kayfiyati va hissiyotlarida aks etishi mumkin. Eng asosiysi o`zgarishlar sog`ligiga xavf soladi. Ayniqsa, farzand ko`rishni rejalashtirayotganlar uchun amenoreya tashxisi jiddiy muammolarga sabab bo`lishi mumkin.

Bilib qo`ygan yaxshi

Qizalog`ingiz endigina balog`at ostonasiga qadam qo`yayotgan ekan uning tashqi ko`rinishi, organizmidagi o`zgarishlarga sergak bo`ling. Hayz ko`rish, u qanday bo`ladi, kechishi, ahamiyati haqida tushuntiring. Oy kunlari boshlanganda tartibi bilan qiziqib boring. Alohida daftar tutib, har oydagi sanasini yozib borishni o`rgatsangiz, keyinchalik asqotishi mumkin.

Oilali ayollar esa hayzning to`xtab qolishiga befarq qaramasinlar. Agar homilador va emizikli bo`lmasangiz, ehtiyotingizni qiling. Mehnat qilish, dam olish, uyqu va ovqatlanish tartibiga loqayd qaramang. Gohida o`z vaqtida taomlanmaslik va turli parhezlarga mukkasidan ketish ham reproduktiv salomatlikka daxl qilishi mumkin. Stressdan himoyalaning, yaxshisi undan uzoqroq yuring. Asabiylikni engish uchun yoga, nafas gimnastika bilan shug`ullaning. 35 yoshdan oshgan bo`lsangiz bilib–bilmay dori preparatlari, vitaminlar qabul qilmang, har qanday holatda shifokor bilan maslahatlashing.

MARJONA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar