20.11.2013 18:01
Davlatimiz rahbari Rossiya Federal Majlisi Kengashi Raisi Valentina Matvienkoni qabul qildi
Davlatimiz rahbari Rossiya parlamenti yuqori palatasi rahbarini yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Rossiya bilan qaror topgan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi darajasi O`zbekistonda yuksak qadrlanishini ta`kidladi, deya xabar beradi [url=http://uza.uz/oz/]O`zA. 2012 yil iyun oyida Toshkentda, joriy yilning aprelida Moskvada bo`lib o`tgan oliy darajadagi O`zbekiston-Rossiya uchrashuv va muzokaralarining samarador yakunlari, amaliy natijalari siyosiy, savdo-sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o`zaro hamkorlik rivojiga yangi sur`at baxsh etdi. Ta`kidlanganidek, parlamentlararo aloqalarning bugungi darajasi turli sohalarda o`zaro muloqotni faol kengaytirishda muhim o`rin tutmoqda. O`zbekiston Oliy Majlisi va Rossiya Federal Majlisi yuqori palatalari o`rtasida 2006 yilda imzolangan hamkorlik to`g`risidagi bitim munosabatlarni tizimli ravishda qaror toptirishga xizmat qilib, ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan tub siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qonunchilik asosida qo`llab-quvvatlash borasida muntazam tajriba almashish imkoniyatini yaratdi. Suhbat chog`ida tomonlar iqtisodiy hamkorlik barqaror kengayib, o`zaro savdo tarkibi sifat jihatidan yaxshilanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan madaniy-gumanitar hamkorlikka oid masalalar, ayrim mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. V.Matvienko sermazmun suhbat, ikki davlat uchun dolzarb bo`lgan masalalarni muhokama qilish imkoniyati yaratilgani uchun O`zbekiston Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirib, Rossiya rahbariyati xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga asoslangan holda O`zbekiston bilan konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.