AsosiySUG'DIYONA

​«ONAM MENI TUShUNMAYDI...»

'​«ONAM MENI TUShUNMAYDI...»'ning rasmi

— Shu kunlarda juda tushkunman. Hayotimdagi eng muhim tanlovda ham mening roziligimiz qaror qabul qilishdi. Onam meni dugonasining o`g`liga uzatmoqchi. Ko`ngil qo`yganim borligini aytsam, eshitishni ham istamayapti. O`ylab qarasam, onam meni hech qachon tushunmagan ekan. Oddiygina kiyim tanlashdan tortib o`qishga hujjat topshirayotganimda ham... Nega shunaqa? Bir umr u kishining istaklari bilan yashaymanmi endi?

Zarina, 22 yosh

Aslida, maqolani onalarga qarata yozmoqchi edik: qizlaringizni tushuninglar, yuragiga quloq tutinglar, ularning istaklari bilan hisoblashinglar, deya... Yana o`ylanib qoldik. Qachongacha «Onamiz mustaqil qaror chiqarishimizga yo`l qo`ymaydi!» deya ko`z yoshi qilib o`tiramiz? Balkim hamma gap o`zimizdadir? Ularga tuyg`ularimizni, xohishlarimizni to`g`ri tushuntirib berolmasmiz? Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan mavzuni tahlil qilamiz.

«Ozgina erkinlik istayman!!!»

Erkinlikka qachon erishasiz? Qachonki, ishonchni oqlasangiz. Bo`lmasa, o`sha kichkina hodisa — kiyim tanlash borasida ham onangiz chizgan chiziqdan yurishga majbur bo`lasiz. Bir dugonam bor, hech qachon bozorga onasisiz bormaydi. Volidasiga yoqqan, ammo o`ziga yarashmagan kiyimni har kunlik qistovlardan qulog`im tinchisa tinchiy qolsin deb, bir-ikki kiyadi ham. Noroziligini bildiradi, ammo yig`i-sig`i, araz-gina nazdida toshbag`ir onaga ta`sir qilmaydi. Aslida-chi?

AVVALO, siz qanday kiyinishingiz, qaysi o`qishga kirishingiz kerakligini aniq bilsangiz, didingizga, kuchingizga ishonsangizgina, atrofdagilarni ham bunga ishontira olasiz.

UNUTMANG, qirq-ellikdan oshib qolgan ayol bilan 18-25 yoshdagi qizning qarashlarida, didida osmon bilan ercha farq bor. Demak, kiyinish va kasb tanlash kabilarda tortishuv bo`lishi tabiiy.

EShITING, xo`sh nega onangiz sizga yoqmagan libosni egningizga majburan ildirmoqchi? Siz bu kiyimni yoqtirmayotganingizdek, uning ham o`z fikrlari bor. Shuning uchun birinchi onangizni eshiting, keyin nima istayotganingizni tushuntiring, tanlovingizga qiziqtiring.

DARROV TASLIM BO`LMANG, ya`ni «Kerakmas» yoki «Menga baribir» deb to`ningizni teskari kiyib olmang. Fikringizda sobit turishingiz (qaysarlikmas, bosiqlik bilan) onangizda ishonch uyg`otadi: tanlovingiz to`g`riligi, didingiz pand bermasligi va xohishingiz kuchliligiga.

«Aytaymi yo sir saqlay???»

Qiz bolaning tuyg`ularini onasiga oshkor qilishi juda nozik masala. Bu ona-bolaning fe`l-atvori, yoshidan kelib chiqib, hal qilinadi. Ammo ko`za singach, attanglar ichida qolmaslik uchun nimani qachon aytishni bilish lozim.

SEVIB QOLDINGIZ, buni bilgan onangiz chegaralarni yanada kuchaytirdi. Telefoningizni tortib oldi, o`qishga jo`natmayman deb, po`pisa qildi. Nima uchun? Bu «katta» sirni begonalardan yoki tasodifan bilib qolgani uchun. Demak, doim undan yashirincha nimalardir qilib yurgansiz va sizga ishonib bo`lmaydi. Onangiz xuddi shunday o`ylagani tufayli ham tahlikaga tushib qolgan.

UYaLMANG, QO`RQMANG, volidangiz sizga eng ko`p yaxshilik sog`inadigan inson. Agar tanlaganingiz bilan ahdu-paymonlashgan bo`lsangiz, yuragingizni onangizga oching. To`g`ri, bu yangilikni u eshitgani zamon xushxabardek qabul qilmasligi mumkin. Savollarga tutishi tabiiy. Ularni bosiqlik bilan eshitib, o`rinli javob qaytarsangiz, bir-ikki kunda hovuridan tushib qolsa, ajabmas. Shungacha dunyo ko`zingizga tor ko`rinib, onangiz bilan munosabatlarda qo`rslik qilmang.

JAVOB BERING, sevgan yigitingiz bilan baxtli bo`lishingizga ko`zingiz etadimi? Nima uchun u bilan oila qurmoqchisiz? Sizga ma`qul kelgan tomonlari qanaqa? Shu kabi so`roqlarga avvalo o`zingiz javob topsangiz, onangiz bilan suhbatda kalavaning uchini yo`qotib qo`ymaysiz.

QARShILIK QILMANG, IShONING! Urinishlaringiz zoe ketib, onangiz sizni majburlab uzatmoqchimi? Xo`sh, endi ne qilasiz? Janjal ko`tarish befoyda, «Baxtsiz bo`lsam, siz aybdorsiz», deya o`zingizdan qurbon yasash xato. Haqiqatda norozi bo`lsangiz va o`zingizga, tanlovingiz to`g`riligiga ishonsangiz, hech kim sizga kelinlik libosini majburan kiydirib, to`yxonaga sudramaydi. «Rozi emasman», deya fikringizni bayon qiling. Har xil shartlar, ta`nalar, qo`rqituvlaringizlaringiz esa onangizni yanada «ilhomlantiradi».

TUShUNING!

Onalarimiz uchun misoli ko`zgumiz. Adashsak kechirishadi, ammo bizning xatolarimiz uchun o`zlarini zimdan ayblab yashashadi. Shuning uchun doim ehtiyotimizni qilishga urinishadi. Ularni tushunishga harakat qiling. O`shanda volidangiz boshlayotgan yo`lni ko`ra olasiz...

DUGONANGIZ

    Boshqa yangiliklar