Ko`pincha ayollar erlarining e`tiborsizligidan noliydilar. «Bu uyda men hech kimman, erimning bor-yo`qligim bilan ishi ham yo`q, bolalariga ham qaramaydi», degan nolishlarni eshitamiz. Nega ular bee`tibor? Yo hozirgi ayollar ortiqcha e`tibortalabmi? Bunday vaziyatda qanday yo`l tutish kerak?
Shu ham muammomi?
Zamonamiz ayollari juda injiq bo`lib ketishgan. Bularga erlarining kun bo`yi ishlab, pul topib kelishi (axir, kim uchun ishlayapti?), uyim-joyim deyishi, birovga ko`z tikmay, faqat xotinim, bolam-chaqam, deb kuyib-yonishi kam. Yo`q, endi ayollarimiz erlaridan e`tiborning o`zini emas, uning izhorini, atributlarini kutadigan bo`lib qolishgan. Sevadimi, aytsin. E`tiborlimi, sovg`alar bersin, kunda o`n martadan qo`ng`iroq qilsin, shundaymi? Qachondan beri muhabbat so`zlar bilan, e`tibor sovg`a bilan o`lchanadigan bo`lib qoldi? Oshirib yubormayapsizmi? Noshukurlik qilmayapsizmi? Balki eringizning kechqurun boshqa ayolning yoniga emas, sizning oldingizga kelayotgani, sochingizni kesishingizga yoki onangiznikida yotib qolishga ruxsat bermayotgani muhabbatdir? Dasturxoningiz to`kis, ustingiz but bo`lishi uchun kuyib-pishayotgani e`tibor emasmi? Muammo uni bor deb tan olsangiz, muammoga aylanadi. Boshqalarning hayoti bilan o`zingiznikini solishtiraversangiz, tabiiyki, turmush o`rtog`ingiz mehr-muhabbatsiz, e`tiborsiz tuyulaveradi. Shukr qilib, yaxshi gapirib yuraversangiz-chi? Hammasi yaxshi bo`ladi, ishoning.
E`tibor so`ralmaydi, qozoniladi
Ha, aynan shunday. Agar chindan ham erim menga o`ta e`tiborsiz, deb vaziyatni o`zgartirishni istasangiz, taftishni o`zingizdan boshlang. Siz juftingiz uchun ahamiyatli bo`lsangizgina, u sizga e`tibor beradi. Buning uchun «ber, ber» deb turmush o`rtog`ingizdan e`tibor tilanib o`tirmay, o`z ustingizda ishlang. Eshitishlarini istayapsizmi, gapiring. Faqat qanday gapirishni biling. Qiziq suhbatdosh bo`lish ham bir san`at. Buning uchun muntazam ma`naviy o`sishda bo`lishingiz kerak. Kitob o`qing, qiziq film ko`ring, kurslarga qatnang. Xullas, e`tibor kutishdan boshqa mashg`ulotlar toping o`zingizga. Siz qiziq bo`ling, nega e`tibor bermas ekan? Shundog`am mahliyo bo`lib, dilbar, shirinsuxan, bilimdon xotinidan ko`zini uzolmay qolsinki...
Dardingizni ichingizga yutmang
Ko`pincha erkaklar o`zlarining bee`tiborliklarini sezmaydilar ham. Men risoladagidek muomala qilayapman, deb yuraveradilar. Umuman, munosabatlar ustida bosh qotirishga ularda vaqt ham, xohish ham yo`q. Bu ayollarga xos xususiyat. Demak, tashabbusni qo`lingizga oling. Eringizdan nima istayotganingizni chiroyli qilib unga ayting. Bu alamingizni ichingizga yutib, zahar bosib, atrofdagilarning hayotini ham zaharlagandan ming marta yaxshi. Biror sanani yodda tutmaydimi? Bu uning e`tiborsizligi emas, shunchaki bir xususiyati. Yaxshi ham, yomon ham emas, shunchaki bir xususiyat. Ko`p erakaklar shunaqa. Demak, o`sha kutilgan kun haqida o`zingiz gap boshlang. Masalan, tug`ilgan kuningiz yaqinlashayotganda «rossa issiq (sovuq, seryog`in...) kunda tug`ilganman-da o`ziyam» deb bir ishora qiling. Ba`zi ishorani ham tushunmaydigan erlarga ochiqdan-ochiq «Tug`ilgan kunim yaqinlashyapti, dadasi, harakatingiz bormi?» deb so`rasangiz ham bo`ladi. Haqqingiz bor, uning uchun ko`p narsalardan voz kechayotgan jufti halolisiz. Har holda, keyin tug`ilgan kunimni eslamadi, deb nolib yurgandan shunisi tuzukroq.
Xullas, turmush o`rtog`ingiz bu hayotda faqat sizni o`ylash uchun yashab yurgani yo`q. E`tibori kerakmi? E`tiborga sazovor bo`ling. Axir ayolsiz, qo`lingizda qancha qurolu imkoniyatingiz bor. O`zingizni yaxshi ko`rsangiz, o`zingizga to`g`ri baho bersangiz, eringizning e`tiboridan qat`i nazar, siz eng yaxshi ayol, eng go`zal yor, eng ibratli uy bekasi ekaningizni bilsangiz kifoya. E`tibor o`z-o`zidan yog`ilaveradi.
ShAHINA