1

​ULUG`BEK QODIROVNING OILASI, RO`ZG`ORI VA OZISh SIRLARI HAQIDA ONASI FARIDA QODIROVA SO`ZLAB BERADI(EKSKLYuZIV)

Shou-biznes 28.08.2017, 16:47
​ULUG`BEK QODIROVNING OILASI, RO`ZG`ORI VA OZISh SIRLARI HAQIDA ONASI FARIDA QODIROVA SO`ZLAB BERADI(EKSKLYuZIV)

Bugungi o`zbek kinosida mahoratli aktyor Ulug`bek Qodirovning o`ziga xos o`rni bor, desak yanglishmaymiz.U bosh qahramonlar rolini ijro etgan filmlar tomoshabinlar orasida muhabbat qozonib, e`tibor topdi. "So`g`diyona" gazetasi aktyorning onasi Farida Qodirovani suhbatga tortdi.

— Farida opa, bolang o`nta bo`lsa o`rni, qirqta bo`lsa, qilig`i bo`lak, deyishgan. Ulug`bek kenja farzand sifatida ancha erka bo`lganmi?

— (kulimsirab) Hatto, hozir ham o`ziga yarasha erkaligi bor. Ba`zan o`zini yosh boladek tutadi, unga quloq solishimizni, aytganini qilishimizni istaydi. Aytganlarini bajarmasak, «Oilamizda men eng kichkinaman-ku», deya xafa bo`lib qoladi.

— Biroq uning ko`z qarashlaridan qat`iyatliligi, jiddiyligi sezilib turadi. Farzandlaringizning hammasi dadil, bir ishni boshlasa, oxiriga etkazadigan insonlar ekan. Farzand tarbiyasida nimaga ko`proq ahamiyat bergansizlar?

— Bilmasam... Rahmatli turmush o`rtog`im Nosir aka bilan ertalabdan kechgacha davlat ishida band bo`lganmiz. Bolalarimga mana bu ishlarni qilib qo`yinglar, deb har kuni topshiriq berib ketardim. Ishdan qaytganimda, albatta, topshiriqlarimni qay darajada bajarganlarini so`rab-surishtirardim. «Saodat», «Krestyanka» kabi nashrlarni kerakli sahifasini ochiq qoldirardim. O`sha maqolalarni o`qib-o`rganishardi. Allohga shukr, uch qizim ham borgan joyida hech narsadan qoqilmay, oilalariga singib ketishdi. Bolalar tarbiyasida o`ta yumshoq tabiatli bo`lish ham noto`g`ri, shuning uchun kerakli paytda jazolaganmiz.

— Bu jazo usuli nimadan iborat?

— Aytilgan ishlarni ko`nglimdagidek bajarishmasa, ular bilan gaplashmay qo`yardim. Ochig`ini aytsam, shu odatim hozir ham bor. Indamay qo`ysam, farzandlarim bilishadiki, men nimadandir xafaman. Shunaqa paytda darrov yonimga kelib, «Opa, nimadan norozisiz, qaerda xato qildik?» deb darrov uzr so`rashadi.

— Oilaviy qarorlar chiqarishda ko`proq kimning fikriga tayanasiz?

— Ulug`bek bilan ko`proq maslahatlashaman. Albatta, o`z fikrimni bildiraman. Ikkalamiznikini birlashtirib, oxirgi qarorga kelamiz. Ayni damda unaqa katta muammolar yo`q, shuning uchun muhim qarorlar chiqarishga ham to`g`ri kelmayapti. Kichik ishlar o`z-o`zidan echimini topib ketyapti.

— Qachon oxirgi marta Ulug`bek bilan bahslashgansiz?

— Hech qachon jiddiy bahslashmaganmiz. Ulug`bek juda kamgap, unga yoqmaydigan biror gap aytsam, indamay qo`ya qoladi. «Siz noto`g`ri gapiryapsiz, men haqman» deb o`tirmaydi. Ko`nglimni og`ritmaslik uchun o`sha paytda «Xo`p» deydi, lekin oradan vaqt o`tganidan keyin shu ishni bajarmaganini eshitib qolishim mumkin. Juda jahli chiqsa, ko`chaga chiqib bir aylanib keladi.

— O`g`lingiz ishtirok etgan barcha filmlarning taqdimotiga borganmisiz?

— Birorta taqdimotni qoldirmaganman. Kino, bu — nafaqat yorqin manzara, unda rejissyorning buyruqlari, kadr ortidagilarning tinimsiz mehnati yotadi. Shuningdek, u aktyor va aktrisalarning mahorati orqali yaratilgan hayot haqidagi go`zal hikoya. Kino — yana mish-mishlar olami. Chunki ba`zan haqiqatga to`g`ri kelmaydigan so`zlarni ham eshitib qolaman. O`g`limning ilk debyuti «Akademiya» filmi, oxirgisi esa «Arslon izidan» kartinasi bo`ldi.

— Darvoqe, «Arslon izidan» filmida nima sizni ta`sirlantirdi?

— Aziz Rametovning qahramoni uchun ancha tashvishlandim. Nazarimda, bunaqa film o`zbek kinosida avval yaratilmagan. Ulug`bekka rol taklif etishgandayoq ikkinchi plandagi rol ekanini aytishgan. U Aziz Rametov bilan do`stligi uchun bu filmda suratga tushishga rozilik bildirdi.

— Bugungi kunda Ulug`bek eng qimmat gonorar to`lanadigan aktyorlar sirasidan. Kino san`ati uning uchun nima: mashhurlikmi yoki daromad manbai?

— Har ikkisi ham emas. Daromad qilaman deb, san`atga kirmagan. Aktyorlik — uning vijdoni amri. Bolalik chog`laridan san`atkor bo`laman, deya niyat qilardi. Biz qarshilik ko`rsatganimizda ham o`z yo`lidan chekinmadi. Ayni kunda esa uning erishgan muvaffaqiyatlaridan faqat quvonaman va Yaratgandan doim el mehriga sazovor bo`lishini, yanada yaxshiroq rollar ijro etishini, mahorati charxlanishini so`rayman.

— Boshqalarga o`xshamaydigan qaysi jihatlarini sanab o`ta olasiz?

— U biror narsa to`g`risida fikr bildirishni so`rashsa, darrov hukm chiqarmaydi, etti o`lchab, bir kesadi. Opalarini juda hurmatlaydi, bayramlarda tabriklashni kanda qilmaydi. Yozda oilaviy hordiq chiqarishimiz uchun shart-sharoit yaratib beradi. Hayotidagi eng yaxshi kun tug`ilgan kuni deb biladi va shu kuni yaqinlari kelishini kutadi. To`g`ri, buni bildirmaslikka harakat qiladi-yu, ammo ertalab turganida «Bugun qizlar kelishadimi?» deb so`rab qo`yadi. Kuni kecha oila davrasida 34 yoshini nishonladik.

— San`atkorlar tashqi ko`rinishlariga ham ancha e`tiborli bo`lishi kerak. U nimalar qiladi?

— Sport zaliga borishni kanda qilmaydi. Qo`l jangi bilan jiddiy shug`ullanadi. Gavdasi barvasta bo`lgani uchun semirib ketmaslikka intiladi. U bu jihatdan qaynonamlarga, ya`ni buvisiga o`xshagan. Ayni damda non tanovul qilmayapti. Hamma osh eb o`tirsa, u salat eydi. «Baron» filmi suratga olinayotganda rejissyor Rustam Sa`diev semirmaslikni so`rasa, Abduvohid G`aniev «Aka»dagi obrazi uchun biroz semirishni tayinlardi. Ikkala kartina bir paytda olingani sabab ancha qiynalgani yodimda.

— Ijodkor kimdandir maqtov, kimdandir tanqid eshitadi. Ulug`bek haqida eshitgan maqtov va tanqidlaringiz sizni ta`sirlantiradimi?

— Albatta, ta`sirlantiradi. Lekin shu paytgacha biror joyga borib, «Ulug`bek Qodirovninng onasiman», demaganman. Kimdir tanib qolsa ham, faqat maqtashganiga, rollari haqida yaxshi so`zlar aytishganiga, falon obrazi yaxshi chiqibdi, deyishganiga guvoh bo`lganman. O`ynagan rollaridan o`ziga yaqini «Panoh» va «Jazo»dagi qahramonlari deb bilaman. Ulardagi bosiqlik, opasiga achinib qarashi, ya`ni mehribonligi asliga juda o`xshaydi.

— Sizdagi qaysi fazilatlar o`g`lingizning fe`lida ko`zga tashlanadi?

— Kamgapligi. Odamlarga juda tez qo`shilib ketishi esa otasidan o`tgan. Qo`shnilarimizning to`y va turli tadbirlarida darrov xizmatga shay bo`lib, og`irlarini engil qilishga intiladi.

— Bir paytlar do`sti Farrux Soipov bilan tadbirkor sifatida ish olib bormoqchi bo`lgandi...

— Tadbirkorlik men uchun emas, dedi.

— Ayni kunda u dublyajda ham faoliyat yurityapti. Tomoshabinlar uning ovozi barcha filmlardagi qahramonlarga ham tushmayotgani haqida gapirishganini eshitdim.

— Ulug`bek dublyajga mahorati charxlanishi uchun, o`rganish uchun boryapti. Barcha san`atkorlarning ovozi hammaga birdek yoqavermasligi tabiiy. Darvoqe, hamma qo`shiqchilarning ovozini ham shirali demaymiz-ku, to`g`rimi? Dublyaj ham shunga o`xshash. Shu kunlarda «Muhabbat mangu» serialiga Raul, Pedro, Boteylo obrazlariga ovoz bergan. Bu obrazlarga uning ovozi tushgan degan fikrdaman. Serialni Ulug`bek ovoz bergani uchun emas, balki syujeti qiziqarliligi, tomoshabopligi uchun biror qismini ham qoldirmasdan ko`rib boryapman va juda ko`pchilikdan iliq fikrlarni eshityapman. Aytgancha, shu filmda ovoz bergan Gavhar Zokirovaning mahoratiga qoyil qolaman. Ulug`bek o`zbek seriali «Saodat»da ham bosh qahramonlardan biri tergovchi obrazini gavdalantirdi... Nazarimda, biroz bo`shroq, qattiqqo`l tergovchi emas. Balki bu rejissyorlarning talabidir.

— Ushbu serialda meni Zarina Nizomiddinovani o`qituvchi qiyofasida qabul qilolmadim. Shohida Uzoqova ham o`ta tushkunlikka tushgan ayol obrazini juda bo`rttirib yuborganlar. Albatta, bular oddiy tomoshabin sifatidagi mulohazalarim. Tinimsiz s`yomkalar, dublyaj, turli tadbirlarda ishtirok etish... Oilasiga qanday vaqt ajratyapti?

— Albatta, vaqt topadi. Chunki kechqurunlari deyarli har doim uyda. Kechki taomni oila davrasida barchamiz jam bo`lgan holda tanovul qilishni yoqtiradi. Hozir yoz, kunlar issiq bo`lgani uchun kechki payt istirohat bog`lariga chiqib aylanib kelishyapti. Oila farovonligi, tinchligi uchun nima zarur bo`lsa, erkak kishi sifatida barchasini qiladi. Ro`zg`orning kamchiliklarini to`ldirish erkak kishining vazifasi deb bilgani uchun bozor-o`charni to`liq o`z zimmasiga olgan. Menga va rafiqasiga og`ir narsa ko`tarishga ruxsat bermaydi.

— Keliningizga qaynonalik qilib, ishlaridan kamchilik topib turasizmi?

— (kulimsirab) Yoshingiz ulg`aygani sari keliningizga qaynonalik qilgingiz ham kelmay qolarkan. Qaynona va kelin bir-biriga kerakligini tushunib etsa, bir-birini avaylay boshlaydi. Aqlli qaynona yoshlarga ko`prik bo`ladi. Kamchilik topganingiz sari o`zingiz ham qiynalasiz. Shuning uchun, yaxshisi, shu kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish yo`llarini izlash kerak. Kelin ham o`zga xonadonning erka farzandi, uyimizga o`rganib ketgunicha qo`llashimiz kerak degan fikrda bo`lganman. Kelinim Azizaxon ko`pchilikning oldida «Shunday yaxshi oilaga turmushga chiqaman, oyijonimday mehribon qaynonam bo`ladi deb hech o`ylamagandim», dedi. Kelinlarim meni ko`nglimdagidek ish qilishga intilishadi. Shu kungacha talashib tortishmadik, hamma ishni o`zlari bemalol uddalayapti. Azizaxonning qo`li shirin, pazanda, uylarni sarishta tutadi, ozoda, bolalariga mehribon. Nimadandir jahli chiqsa ham bildirmaydi. Hech qachon qovog`ini solib yurmagan.

— Keliningiz ham xonanda edi. Hozir u ijodda tanaffus qilyaptimi?

— Qizi Iymona uch yarim yashar, o`g`li Amirbek endigina birga kirdi. San`atga qaytishi to`g`risida biror so`z aytolmayman. Nazarimda, oila qurishayotganida san`atni tark etaman degan bo`lsa kerak. Farzandi biroz ulg`aysa, o`qishini davom ettiradi. Hozir Toshkent davlat pedagogika universitetidan akademik ta`tilga chiqqan.

— Ulug`bekning aktyorlik mahoratini nechaga baholaysiz?

— Haqiqiy bahoni mutaxassislar va tomoshabinlar qo`yishadi. Men ona sifatida o`z fikrimni bildiraman, xolos. Menga har bir roli yoqadi, ekranda chiqishini poylab yuraman. Faqat «Telba»dagi rolini unchalik xushlamayman, juda bechorahol insonni gavdalantirgan. Shu film taqdimotidan keyin «Kiyimlarini qaerdan olgansizlar?» deya so`rovchilar ham bo`lgan. «Jodugar»da yaxshi o`ynagan. «Jazo» yoqadi. «O`yin»ni ming bir hadik bilan tomosha qilganman. Rejissyor uyimizga bir necha marta kelgan, negadir Ulug`bekning shu filmda qatnashgisi yo`q edi. «Shu rolda faqat sizni ko`ryapman» deganidan keyingina rozi bo`lgan.

— Oxirgi paytlarda Ulug`bekda qanday o`zgarishlar kuzatildi?

— Ko`p kitob o`qiy boshladi. Tohir Malikning asarlarini mutolaa qildi. Ayni kunda Navoiy asarlarining 20 tomligini topib bering, deyapti. Rus maktabini bitirgani uchun avvallari rus adabiyotidan o`qirdi. Yaqin-yaqindan o`zbek yozuvchilarining kitoblarini mutolaa qilib, keyin menga «Opa, juda qiziqarli kitob ekan, bir o`qib ko`ring», deb beryapti. To`g`risi, birinchi marta Tohir Malikning «Odamiylik saboqlari» kitobini ko`tarib kelganida rosa ajablangandim.

— Erkaklar bajaradigan yumushlar...

— Avvallari shunaqa ishlarni biroz eplolmasdi. Hozir esa hammasini uddalayapti. Ba`zan o`zim ham hayron qolyapman. «Ulug`bek, rostdan ham o`zing dazmolni tuzatdingmi?» deb so`raganman. Ammo kiyim dazmollashni yoqtirmaydi. Ertalab turib har kuni oshxonada qahva damlab olishi mumkin.

— Suhbatimizni qanday so`zlar bilan yakunlashni istaysiz?

— Har bir ona kabi men ham o`g`limni baxtli-saodatli ko`rishni, el nazaridan qolmasligini, ko`pchilikning sevimli aktyori bo`lishini, yodda qoladigan obrazlar yaratishini, xonadonimizning quvonchi bo`lib yurishini istayman.

Jamshid BEK suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1