Yonginamizda, ko`zlarimiz o`ngida bir inson tug`ilib, voyaga etyapti. Ha demay O`z fe`l-ro`yi, dunyoqarashi, nuqtai nazariga ega to`laqonli shaxsga aylanadi. Har bir ota-ona farzandining nafaqat jismoniy, balki ruhan salomat bo`lishini istaydi. Bugun biz ota-onalarni bezovta qilayotgan va bolalar ruhshunosiga eng ko`p beriladigan savollarni tanlab, mutaxassisga murojaat qildik.
«OTASI KELMASLIGINI AYTOLMAYaPMAN...»
–«Erim bilan ajrashayapmiz. Hozir 7 yashar qizim bilan onamnikida yashayapman. Unga ahvolni qanday tushuntirishni bilmay halakman. Ruhiy zarba olmasa edi. Buni qanday amalga oshirsam ekan?
Dilnavoz, 27 yosh
–Ota-onasining ajrashuvi bolaga qattiq zarba bo`lishi tayin, chunki uning uchun otasi ham, onasi ham birdek muhim. Asosiysi, bola bu ajrashuvda o`zining aybi yo`qligini bilsin, otasi va onasi boshqa-boshqa yashashsa ham uni avvalgidek yaxshi ko`rishlariga ishonsin. Buning uchun sizdan bolaga nisbatan ehtiyotkor munosabat, e`tibor va hamdardlik, otasidan esa qizi bilan avvalgidek yaqin munosabatlarni ushlab turish talab qilinadi.
«JUDA BO`Sh...»
«O`g`lim 6 yoshda. Ochiqqina, harakatchan, ammo o`zini o`zi himoya qilolmaydi. O`rtoqlari uni itarishi, urishi, tepishi mumkin, ammo u munosib javob qaytarmaydi. Odam o`zini himoya qilishi kerak, deb, dadasi bilan necha marta unga uqtirdik. Ammo befoyda. Bu yil maktabga chiqamiz, u erda o`g`lim o`rtoqlari orasida o`z o`rniga ega bo`lmay, turtkilanib chetga chiqib qolishidan qo`rqyapman. Nima qilish mumkin?»
Gulnoza, 32 yosh
–O`g`lingiz ochiqko`ngil, hozirjavob, harakatchan bola ekan, qanaqasiga o`rtoqlaridan chetga chiqib qolishi mumkin? Shu paytgacha o`rtoqlardan kamchiligi bo`lmasa, demak, bundan keyin ham hammasi joyida bo`ladi. Menimcha, sizlar aytgan muammoni o`g`lingiz muammo deb hisoblamayapti, shuning uchun u bilan kurashmayapti. Yoki psixologik jihatdan bir muammosi bor (masalan, o`rtoqlari bilan arazlashib, yolg`izlanib qolishdan qo`rqadi). Agar shunday bo`lsa, ruhshunos qabuliga yoziling, mutaxassis bola nega o`zini bunday tutayotganini anqlab beradi va bir nechta seansda o`g`lingizdagi bu muammoni bartaraf etadi.
«GAP QAYTARAYaPTI...»
«O`smir yoshdagi o`g`lim bilan hech murosamiz kelishmaydi. Doim jiqillashamiz. Na tashqi ko`rinishi, na o`qishi va na eshitayotgan musiqasi haqida biron fikr bildira olaman. Bosiqlik bilan tushuntirishga harakat qilaman, ammo ba`zida haddidan oshib ketadi. Tushunaman, o`smirlik, o`tish davri, lekin o`z o`g`limning menga ovoz ko`tarib gapirishini hech hazm qilolmayapman....»
Sanobar, 42 yosh
–Aytayotganlaringiz haqiqatan ham o`smirlik davriga xos «otalar (onalar) va bolalar ziddiyati»dir. Avvalo, o`g`lingizga shu paytgacha qanday tarbiya berganingizni o`rganib chiqish va sababni shundan izlash kerak. U o`n ikki yoshga to`lgani zaµoti birdan agressiv bo`lib qolgan emas. Hammasi bolalikka borib taqaladi. Shuningdek, o`g`il bola tarbiyasida otaning roli katta. Otasining aytganlariga bo`ysinadimi? Agar shunday bo`lsa, otasini tarbiya jarayoniga faolroq aralashtirish kerak. Baqir-chaqirni esa umuman unuting. Ahvolni battar og`irlashtirasiz. Kiyim, musiqa borasida bahslashmang, baribir, o`zining bilganidan qolmaydi. Ammo bir umr shunday qolib ketmaydi, esi kiradi bir kun, albatta.
«JUDA SEKIN QIMIRLAYDI...»
«Endigina sakkizga qadam qo`ygan qizim meni tashvishga solayapti. O`tgan yili maktabga bordi. Boshida o`qishga juda qiziqardi. Ammo vaqt o`tishi bilan dars qilishdan bo`yin tovlay boshladi. Mening ham aybim bor bunda. Biron narsani juda sekin bajarsa, asabiylashib urisha boshlayman. Chunki vaqtim juda kam, ikkita kichkina bolalarim bor (2,5 va 1 yoshlik). Aksiga olib, qizim juda sekin dars tayyorlaydi. Tushunaman, uni shoshirishga haqqim yo`q. Aybimni qanday yuvsam bo`ladi? Hademay yana maktab boshlanadi...»
Zarina, 28 yosh
–Qizingizni dars qilishdan bezdirgansiz va o`ziga nisbatan ishonchini so`ndirgansiz. Endi bu ishonchni tiklash uchun uy vazifalarini qay darajada bajarishidan qat`i nazar, intilishlari va mehnatini ko`rib turganingizni, bundan xursandligingizni bildiring. Asabiylashishning keragi yo`q. Aksincha, bolani maqtab, ko`proq dars qilishga rag`bat uyg`oting. Bordi-yu, biron xato qilsa, urishmang. Nega shunday bo`lganini so`rang va qayta bunga yo`l qo`ymaslik uchun nima qilish kerakligini tushuntiring. Asosiysi, bola qo`llab-quvvatlashingizni his qilsin.
«URUShQOQ BO`LIB QOLGAN»
«Etti yoshli o`g`limni otasiz o`stiryapman, erim vafot etgan. Buvisi va menga aytganini qildiradi, faqat bobosidan qo`rqadi. Oxirgi paytlar o`g`limda kutilmaganda jahl va agressiya xuruji kuzatilyapti. Agar biron aytgani amalga oshmasa, qo`lidagi narsalarni atrofga uloqtirib, duch kelgan narsani urib-tepib ketadi. Ko`chada bolalar bilan ko`p urishadi. Dildan gaplashmoqchi bo`ldim, ammo nimaga bunaqa qilayotganini tushuntirib berolmadi, faqat yig`ladi. »
Omina, 30 yosh
–Buvisi ikkingiz bolani haddan ortiq taltaytirib yuborgan ko`rinasiz. Haddan ortiq erkalash va aytganini qilaverish bolada biron inkorni qabul qilmaslik odatini keltirib chiqaradi. U butun dunyo men uchun yaralgan va doimo aytganim muhayyo bo`ladi, deb o`ylaydi. Shunday vaziyatda biron niyati amalga oshmay qolsa, keskin jahli chiqib ketadi. Shuning uchun bolani oz miqdorda inkor va mahrumlikka ham o`rgatib borish kerak. Lekin bu bir nuqtai nazar. Bolangizdagi agressiyaga boshqa omillar ham sabab bo`layotgan bo`lishi mumkin (otasining yo`qligi, bobosidan qattiq qo`rqishi va h.k.). Bularning barini bevosita ruhshunos bilan muloqotda aniqlash mumkin.
«DIQQATINI JAMLOLMAYDI...»
«Iltimos, bolaning diqqatini bir joyga jamlash uchun nima qilish kerakligini ayting. 2-sinfni bitirgan o`g`lim umuman diqqatini jamlolmaydi, parishonxotir. O`qituvchisi yozgi ta`tilda kuz mavzusida insho yozib kelishni tayinlagan bo`lsa, u “Va nihoyat, bahor keldi!” deb gap tuzadi. Yoki dzyudo bo`yicha murabbiyi falon shifokordan ma`lumotnoma keltirishni so`rasa, u tamoman boshqa shifokorni aytib keladi. Xullas, nima qilishga hayronman. »
Nigina, 35 yosh
–Avvalo, bolaning diqqatini tekshirib ko`rish kerak: uni bir joyga jamlay oladimi, olgan axborotini qay darajada hazm qiladi – shularni bilish kerak. Shuningdek, xotirasini ham tekshirib ko`rish lozim. Ikkinchidan esa, bolaning emosional holatini ham e`tiborga oling. Xotira susayishi, parishonlik ko`pincha haddan ortiq charchash oqibati bo`ladi. Shiddat bilan ishlayvergan miya bir kun charchab, “o`chib qoladi” va hech bir axborotni qabul qilmay qo`yadi. Unday bo`lsa, bolaning kun tartibini qayta ko`rib chiqib, ortiqcha mashg`ulotlarni chiqarib turish lozim. Uchinchidan, bolaga atrofda bo`layotgan voqealarning umuman qizig`i yo`q, ya`ni hayotga ishtiyoqi (motivasiyasi) so`ngan bo`lishi ham ehtimoldan xoli emas.
«FARZANDIM MENDAN UZOQLAShIB KETAYaPTI...»
«Qizim 8 oylik bo`lganda qaynonamga tashlab ishga chiqib ketdim. Hozir u 1,5 yosh. Avval kuni bo`yi buvisi bilan yurardi, keyin esa kechalari ham u bilan uxlaydigan bo`lib qoldi. Hech bo`lmasa kechasi bolamni bag`rimga olib yotay desam, kichkintoyim unamaydi. Yarim kechasi yoki ertalab uyg`onib yonida meni ko`rsa, yig`lashni boshlaydi. Tushunaman, bolamga etarlicha e`tibor berolmadim. Lekin ishlamasam bo`lmasdi. Ammo qizim mendan bezib qolayotganini tushunolmayapman. »
Gulhida, 27 yosh
–Bolangizni juda kichkinaligida buvisiga qoldiribsiz. Ustiga ustak buni bosqichma-bosqich emas, birdaniga amalga oshirgan ko`rinasiz. Endi u o`zi o`rganib qolgan insonni yo`qotib qo`yishdan qo`rqyapti. Farzandingiz bilan ko`proq birga bo`ling, har xil o`yinlar o`ynang, sayrlarga olib chiqing. Lekin bolani birdaniga buvisidan ayirib, yana bir bora stressga solmang. Asosiysi, uni tushunishga harakat qiling. Uch yoshga to`lgunicha, baribir, bola kim bilan ko`p vaqtini o`tkazsa, o`sha odam uning uchun asosiy inson bo`lib qolaveradi. Keyinchalik esi kirgach, ahvol o`zgarishi mumkin.
Ruhshunos Shahnoza Xalilova
tavsiyalari asosida Shahnoza To`raxo`jaeva tayyorladi.