23.11.2013 10:48
IIV akademiyasining navbatdagi serjantlari xizmatga yo`l oldilar
Bugungi kunda serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslarida ichki ishlar idoralarining patrul-post, yo`l harakati xavfsizligi, xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish, qo`riqlash, huquqbuzarlikning oldini olish, jazoni ijro etish, yong`in xavfsizligi va boshqa yo`nalishlar bo`yicha kursantlar tahsil oladi. Hozirga qadar mazkur dargohda 17 ta yig`in o`tkazilgan bo`lib, jami 9 mingdan ortiq mutaxassis serjantlar tayyorlandi.
Toshkent shahar hokimiyati rasmiy saytida xabar berilishicha, tantanali tadbir munosabati bilan IIV akademiyasi saf maydoniga vazirlik rahbariyati, soha xodimlari, kursantlar, bitiruvchilarning ota-onalari va yaqinlari tashrif buyurdi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslari davlatimiz rahbarining 2004 yil iyul oyidagi «ichki ishlar idoralarining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining «O`zbekiston Respublikasi IIV akademiyasida ichki ishlar idoralari mutaxassislarini tayyorlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan.