Ish kuningiz yakunida ertaga hammasi boshqatdan boshlanishi o`ylab yuragingiz orqaga tortib ketayaptimi? Qachonlardir sizga bir olam quvonch baxsh etgan kasbingizdan zerikib ham ulgurgandirsiz balki? Bekorchi o`ylar bilan o`zingizni qiynamang, oldingi ishtiyoqingizni uyg`otishning chorasi bor!
- O`zingizni «juda uddaburonman-da», degan gap bilan tez-tez siylab turing. Arzigulik biror ish qilganingizda moddiy mukofotlashni ham unutmang! Ayollar psixikasi shunday tuzilganki, biz maqtovga erkaklarga nisbatan ko`proq muhtojmiz. Shuning uchun diqqatingizni kamchiliklaringizga emas, erishayotgan muvaffaqqiyatlaringizga yo`naltiring. Har bir erishilgan yutuq uchun o`zingizni taqdirlab turishni odat qilib oling. Xoh u yangi ko`ylak bo`lsin, xoh arzon ammo chiroyli bloknot mukofot kayfiyatingizni ko`tarib, ishchanligingizni yanada oshiradi.
- Muomalangiz shirin bo`lsin. Boshliq va hamkasblaringiz sizni yaxshi tomondan bilishsin. Nolimay, norozilik kayfiyatini namoyish qilmay, g`iybatlardan yiroq bo`lib, shunchaki ochiq chehra bilan muomala qiling. Boshqalarni tinglashni o`rganing. Shunda jamoangizda ham birdamlik ruhi paydo bo`lganini his qilasiz.
- Salbiy fikrlarni xayolingizdan yiroqqa quving. Biror yon daftar yoki quticha sotib olib uni «yaxshi taassurotlar to`plami» deb nomlang. Va unga hech bo`lmaganda haftada bir marta ishda erishgan biror bir muvaffaqiyatingizni yozib yoki shu muvaffaqiyat bilan bog`liq biror detalni solib qo`ying. Mana ko`rasiz, ko`p o`tmay o`z mehnatingiz baland baholashni, qadringizni bilishni o`rganib olasiz.
- O`zingiz uchun nimadir qiling. Anchadan beri rejalashtirib yurgan biror loyihangiz bo`lsa, uning ustida ishlashni boshlang yoki hammadan ko`ra yaxshiroq bajara oladigan ishingizga ko`proq vaqt ajrating. Albatta, yutuqqa erishasiz. Bu yutuq boshqalar tomonidan ham e`tirof etilmay qolmaydi va xizmat lavozimingiz ko`tarilish uchun mustahkam pog`onalardan biriga aylanadi.
- Dastlab ishning eng murakkab qismini bajaring. Yoqimsiz ishlardan tushlikkacha qutulib olganingiz ma`qul. Ularni ortga surganingiz bilan baribir kamayib qolmaydi, aksincha kunning ikkinchi yarmida og`ir ishni bajarish yanada og`irroq bo`ladi.
- Oldingizga yangi-yangi maqsadlar qo`ying. Biz ayollarga tabiat g`ayrioddiy bir kuch ato etganki, uning yordamida birvarakayiga bir nechta g`oyani kashf etib, uni amalga tadbiq ham eta olamiz. Bunday imkoniyatdan to`laqonli foydalaning.
- O`zingizni quvontiring! Ish stolingizda turib bahru dilingizni yayratishi uchun uchun sevimli gullaringizdan guldasta buyurtiring, xonangizda xushbo`y hidli sham yoqing yoki o`simliklardan dimoqni qitiqlatuvchi choy damlang. Yasmin, lavanda hidi kuch yig`ishingiz, fikringizni bir joyga jamlashingizga yordam beradi.
- Engil noz karashmadan uyalmang. Har bir ayol uchun atrofdagilar diqqati va qarama qarshi jins vakillarining beozorgina xushomadi xuddi vitamindek zarur. Xushomadlarni tabiiy qabul qiling. Bunga munosibsiz axir!
- Jihozlar o`rini almashtiring. Xonangizdagi qulay o`zgarish ish unumiga va kayfiyatingizga ijobiy ta`sir qiladi. Bahonada yig`ilib qolgan qog`oz uyumini ham tartibga keltirib olasiz.
- Hayotdan zavq oling! Ish deb, shaxsiy hayotni unutib qo`ymang. Dilkash do`st, e`tiborli ota-ona, sevimli yor bo`lishni uddalagan odamgina tengi yo`q, qimmatli xodim bo`la oladi. O`z xobbingiz bo`lsa yana yaxshi, ishdagi boshog`riqlardan chalg`ish uchun juda qo`l keladi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi






