AsosiyShou-biznes

Kumush RAZZOQOVA: Avtohalokatdan so`ng oyoqqa turishim qiyin kechyapti

Har bir avlod o`z davrining porlab chiqqan xonandalari qo`shiqlarini tinglab ulg`ayadi.U xonishlar yoshlik davrlarimizdagi shirin onlarni xotirlashga yordam beradi. Bu jarayon yanada tugal manzara kasb etishi uchun “Retro” loyihasini taqdim etishga ahd qildik. Sahifa qahramonining xotiralari bilan tanishish barobarida, bugungi kunda nimalar bilan band ekanini bilishga ham muvaffaq bo`lasiz!..    

“Odamlarni alday olmasdim”

Bolaligim Toshkent shahrining Chuqursoy dahasida o`tgan. Otam o`zbek, onam esa rus millatiga
mansub edi. Oilada uchta qizmiz, jiyanlarim bor. Juda og`ir-bosiq qiz bo`lganim sabab, onam mendan sira xavotir olmagan ekan. Chunki, qachon qarama nimalarnidir xayol surib o`tirardim-da (kuladi)! Opalarim esa, judasho`x bo`lishgan. Ko`chaga chiqib, kimnidir boshi yorilgani yo qo`li singaniga guvox bo`lardim. O`sha vaqtlari tungi ikkigacha dars tayyorlasam ham menga qo`riqchi kerak bo`lmagan. Chunki, doim mas`uliyatni his qilardim. Odamlarni alday olmasdim, hatto o`z foydam uchun ham!    

“Oddiy e`lon ham inson hayotinio`zgartirib yuborishi mumkin!”

Buni o`z hayotim misolida aytishim mumkin. Aslida bolalikdan kimyo faniga juda qiziqardim. Shuning uchun ham maktabni tamomlagach, kimyo fakultetiga hujjat topshirish uchun borganman. U erda  asosiy fanlardan biri fizika ekanligini ko`rib, to`g`risi qo`rqqanman.  Imtihondano`ta olishimga ko`zim etmagani sabab, izimga qaytganman. Yo`lda bir e`longa ko`zim tushib qolgan.  Bir qarashda juda oddiy, ko`rimsiz e`lon: “O`zbekkonsert havaskorlarni tanlovga taklif etadi!” Musiqaga ham qiziqishim baland bo`lgani uchun hind qo`shiqlarini yoddan bilardim. Hatto maktabda tanaffus vaqti qizlarni yig`ib olib, bilganlarimni kuylab berardim. Qizlar ham “Falon filmdagi qo`shiqni kuylab ber”, deyishardi (kuladi). Qisqasi, qo`shiq joni-dilimedi!  Bilasizmi, televizorda ko`rgan xonandalarimning bari hoyna-hoy uch marotalab konservatoriyani bitirgan, deb o`ylardim negadir. Shu bois, bolalikdagi xonanda bo`lish orzuim go`yo amalga oshmaydigandek tuyulardi.
E`londagi diqqatimni tortgan narsa bu — tanlovda musiqiy bilimga ega bo`lish shart emasdi.
Tanlovga borganimda Botir Zokirov va qator mashhur  bastakorlar, rejissyorlar o`tirishgandi. O`sha manzara hali-hanuz ko`z o`ngimda — kichkina sahnada bitta mikrofon va fortepiano turardi. Nazarimda ularga ham rus, ham o`zbek tilida erkin qo`shiq kuylay olishim yoqqan. “Ishqdagi ishq” filmidan saundtrek hamda “Yalla” guruhining sobiq a`zosi Nargiz Boyxonova repurtuaridan o`rin olgan “Sen bo`lmasang yonimda” qo`shiqlarini ijro etganman.
Hakamlar hay`ati kelishib, qizlardan iborat ansambl tuzishga kelishishgan. Chunki, u vaqtlar qizlardan tashkil topgan guruhlar urfga kirgan edi. “Yalla” va “Navo” guruhlari so`zim isboti. Ammo, ikkisi ham asosan yigitlar guruhi edi. Qisqasi, tanlovda
to`rta qizni saralab olishdi. Ikkitasi rus millatiga mansub — Alla, Natasha, Navoiydan kelgan grek millatiga mansub Mila va men.  Avvaliga “Sado” guruhi bo`lib faoliyat boshladik. Xalq yo`lida ijro etiladigan qo`shiq va laparlarni kuylardik. 1981 yil Yaltada o`tkazilgan xalqaro musiqiy tanlovda birinchilikni qo`lga kiritganmiz. Mazkur dasturda yakkaxon ijrolar ham konsert repertuaridan o`rin olgandi. Lekin, negadir men yakkaxon ijrodan qo`rqardim, o`z ovozimga ishonmasdim. Sababini tushunmayman...
Ammo, 1983 yili “Vodillik kelin” filmiga qo`shiqlarni ijro etishga taklif etishgan. Uch-to`rtta qo`shiqlar orasida “Unutma meni” qo`shig`i ham bor edi. Ushbu qo`shiqning ilk o`zbekcha talqinini men kuylaganman 

“Men seni hech kimgabermayman!”

1990 yilda “Sado” guruxi tarqalib, “Navo” guruhi tarkibida ijodni davom ettirdik. Hasan-Husan Jo`raevlar bilan birgalikda qo`shiqlar yaratganmiz. Asosan xalq yo`lidagi qo`shiqlarni
ijro etardik. Lekin, o`sha paytlarda ham yakka tarzda kuylagan qo`shiqlarim bor edi.

Afrika davlatlariga uyushtirilgan gastrol safarlari yakkaxon faoliyatimni boshlab bergan. Shundan so`ng o`zim ijod qila boshlaganman. Har bir qo`shig`im yurakdan chiqqan, desam yanglishmayman.

Ko`pchilik “Eng sevgan qo`shig`ingiz qaysi?” deb so`rashadi. Bilasizmi, ba`zan sizning shaxsiy
fikringiz bilan tomoshabin fikri farq qiladi. Chunki, ko`p hollarda e`tibor qilmagan
qo`shig`im muxlislar tomonidan iliq kutib olingan.  Masalan, “Men seni hech kimga bermayman”. Musiqiy rahbarim “Shu qo`shiq haqiqiy anshlag bo`ladi”, deganida fikrini rad etganman. Chunki, menga engil-elpi qo`shiqdek tuyulgan. “Yomg`ir yog`di” nomli qo`shiqni yozamiz, deb oyoq tirab turib olganman. Qisqasi, ko`p tortishganmiz. Vaqt o`tgach, “Men seni hech kimga bermayman” qo`shig`i mashhurroq bo`lganini angladim.

“Eng katta orzuim  - tezroq oyoqqa turish!”

Men uchun so`nggi unutilmas voqea bu — avtohalokatga uchraganim bo`ldi. O`sha mudhish voqeaning ma`lum soniyalari tez-tez ko`z oldimdan o`tadi.  Oyoqqa turish jarayoni ham qiyin kechdi. Chunki, ikki oy yurolmay qoldim. Bu ham jismoniy, ham ruhiy azob berardi. Ayol kishiman, axir! Hozir ancha yaxshiman. Mustaqil qadam tashlay olyapman. Lekin, hali ham baland poshnali oyoq kiyim kiya olmayapman. Ayol kishi uchun bu yoqimsiz vaziyat!
Yozda-ku u qadar bilinmaydi, ammo, sovuq kunlarda... Shuning uchun ko`chaga kam chiqyapman. Ayni kunlardagi eng katta orzuim tezroq oyoqqa turish! San`atkor ayol hamisha go`zal va ko`zni quvnatadigan bo`lishi lozim.  
 
“O`z-o`zimni takrorlashni istamayman!”

“Nega ijod qolishdan to`xtadingiz?” degan savolga ko`p duch kelaman. Ijodimda yangi qo`shiqlar bisyor. Hali tomoshabinlarga taqdim etishga ham ulgurmaganman. Lekin, qaerga bormay, eski qo`shiqlarimni so`rashadi.
“Yalla” guruhi yakkaxoni Farrux Zokirovning hazilomuz gapi bor: “Agar doim eski qo`shig`ingni
so`rashsa, yangi qo`shiq yozishdan nima naf? Yangi qo`shiqni eski qo`shig`i yo`qlar yozishsin!” Bu avvalgi ijodim bilan faoliyatimni davom ettiraman, degani emas. Axir ijod — yaratmoq, degani. Yangi qo`shiqsiz san`atkor, suvsiz qolgan baliqdek gap!
Ijodkor izlanishdan to`xtamasligi kerak. Bilasizmi, balki, yangi qo`shiqlarimning darajasi
avvalgilarinikidek bo`lmagani uchun ham ularni taqdim etmayotgandirman. Ijodimdagi
tanaffusga yana bir sabab, mavzu tanlashda qiynalaman. O`z-o`zimni takrorlashni istamayman!
 
“Xotiralarim men uchun qadrli!”

Hayotning har bir pallasi unutilmas bo`lishi kerak! Hayotimda bunday onlar ko`p. Sahnaga chiqqan ilk paytlarimni ko`p eslayman.  Bolaligimda televizorda chiroyli kiyingan san`atkorlarni ko`rib, ularga havas qilardim. O`shanda qachondir men ham sahnada o`z ijodimni taqdim etishim, sehrli olamga tushib qolishim va u mening hayotim mazmuniga aylanishi etti uxlab tushimga kirmagan. Agar ortga qarasam, hayotimni to`ldirib turgan ko`plab uchqunlarni ko`rishim mumkin.  To`g`ri, hammasi ham shirin xotiralarni tuhfa etmas, ammo, baribir ular men uchun qadrli! Aynan o`sha voqealar sabab, ulg`aydim, o`z ustimda ishladim va xalq orasida Kumush Razzoqova, degan nom bilan tanildim.

“Mashhur qo`shiqlarimda hamkamchiliklar bor”

O`zimga nisbatan o`ta talabchan va tanqidchiman! Birinchi navbatda ijodimni tarozi pallasiga qo`yib ko`raman. Do`stlarim “Biroz erkinroq bo`l, u qadar sinchkovlik yaramaydi”, deb tanbeh berishadi. Lekin, bu fikrga doim ham qo`shilmayman. Ko`p o`yga cho`maman, siqilaman...

Boshqalarni tanqid qilgim kelmaydi. Chunki, har kimning o`z didi va dunyoqarashi bor. Shuning
uchun o`zlari so`rashmasa, fikrimni bildirmayman. Shu choqqacha birorta  qo`shig`imdan yuz foiz qoniqmaganman. O`sha mashhur qo`shiqlarimdan ham bir qancha kamchiliklarni topib bera olaman.  Orzuim mana shu kamchiliklarni tuzatish va yaxshi qo`shiqlarni muxlislarga taqdim etishda davom etish!

Hadiya ABDULAEVA tayyorladi       
 
               

    Boshqa yangiliklar