AsosiySUG'DIYONA

DOG`, SO`GAL VA AJINLARDAN KUZDA XALOS BO`LIShNING 5 USULI!

'DOG`, SO`GAL VA AJINLARDAN KUZDA XALOS BO`LIShNING 5 USULI! 'ning rasmi

Kuzda amalga oshiriladigan 5 muolaja

Quyoshli kunlar ortda qolgan zahoti ayollar kosmetolog izlashga tushishadi. Chunki bu fasl tashqi ko`rinishni tartibga keltirish uchun eng qulay vaqt sanaladi. Aynan kuzda bajariladigan kosmetologik muolajalar haqida kosmetolog Mahbuba Mamanova ma`lumot beradi.

1-muolaja: piling

Bu kuzning eng asosiy kosmetologik muolajasi hisoblanib, u yoz davomida quruqlashib, oftobda toblangan terining ma`lum qatlamidan xalos qilib, uning yanada sog`lom ko`rinishiga yordam beradi. Quyosh nurlari kuchsiz nur sochgan palla muolajani amalga oshirish uchun eng qulay fursatdir. Hozirgi kunda mutaxassislar pilingning mexanik, lazerli va kimyoviy turlarini taklif qilishmoqda. Muammoning turiga qarab, kosmetologning o`zi piling muolajasining turini tanlashga yordam beradi. Muhimi, amaliyotdan so`ng quyosh nurlaridan ehtiyot bo`lish darkor.

2-muolaja: plazmalifting

Zamonaviy kosmetologiyaning yangi yo`nalishlaridan bo`lgan bu usul ayolni 5-6 yoshga yoshartirish, tashqi ko`rinishini yanada jozibador ko`rinishga keltirishga ko`maklashadi. Bunda ayolning ma`lum miqdordagi qoni olinib, maxsus uskunada qonning qizil tanachalari va boshqa kompanentlaridan tozalanib, faqat plazmasi saqlab qolinadi. Ishlov berilgan plazma muolajaga muhtoj teri hududlarga yuboriladi. Plazmalifting tufayli ayollarda jarroh tig`i ostiga yotmay, yanada yosharish imkoniyati bor.

3-muolaja: gidrodermiya

Mimik hamda keksalik ajinlarini bartaraf etishda qo`l keladigan bu muolaja taxminan ikki soat davom etib, kichik pilingdan boshlanadi. Maxsus rolikli elektrod moslama yordamida suyuqlik va gel terining chuqur qatlamlariga singdiriladi. Kichik chastotadagi tok suyuqlik tarkibidagi moddalarni mayda molekulalarga parchalab, teri ostiga chuqur singishini ta`minlaydi va moddalar almashinuviga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Mutaxassis muammoning turiga qarab oqartiruvchi, yumshatuvchi, ajinlarga qarshi, ko`z atrofi uchun mo`ljallangan gellardan foydalanadi. Bir qancha gellarni aralashtirib qo`llash usuli ham mavjud.

4-muolaja: xol va so`galdan xalos bo`lish

Kuz mavsumi yuz va ko`zga tashlanuvchi a`zolarda turli kattalikdagi xol, so`gal va toshmalardan xalos bo`lish uchun ham ayni muddao. Bunda lazerli, krio yoki elektrokaugulyant usullardan foydalanish imkoniyati mavjud. Biroq bu muolajani amalga oshirishga kirishishdan avval shifokor ko`rigidan o`tishni tavsiya qilamiz.

5-muolaja: termaj

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, bu usulda yuqori chastotali energiya to`lqinlarining teriga ta`sir ko`rsatadi. O`z navbatida bu to`lqinlar ta`sirida terini taranglashtirish oson va samarali kechadi. Hamda kallogen ishlab chiqarilishini rag`batlantiradi. Bu esa erishilgan natijani uzoq muddat davomida saqlanib turishini ta`minlaydi. Muolajaning afzalligi shundaki, uni bir bor qo`llab 3-5 yil bu go`zallikdan bahramand bo`lishingiz mumkin.

KAMOLA tayyorladi.

Manba: "SUG‘DIYONA" gazetasi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar