“TALABAMAN, BOLAM UChUN NAFAQA OLMOQChIMAN”
Oliy o`quv yurtida kontrakt asosida o`qiydigan talaba bola 2 yoshga to`lgunga qadar uni parvarishlash uchun har oylik nafaqa olmoqchi. Talaba mazkur turdagi nafaqa olish uchun qaerga murojaat qilishi va qanday hujjatlarni taqdim etishi kerak?
Jamila U., Samarqand viloyati.
Farruxjon Fayziev, huquqshunos:
— Byudjetdan tashqari korxonalarda ishlovchi onalarga bola 2 yoshga to`lgunga qadar uni parvarishlash uchun har oylik nafaqa ish joyidan tayinlanadi va to`lanadi.
Agar ona ishlamasa (sizning holatdagidek) yoki byudjetdan moliyalanadigan tashkilotda ishlasa, nafaqa fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi (mahalla) tomonidan tayinlanadi va to`lanadi. Agar oila nafaqaga muhtoj bo`lsa, mahalla uni tayinlaydi. Ehtiyojmandlik mezonlari va nafaqa olishda ustunlik huquqiga ega bo`lgan shaxslar Nizom bilan belgilangan. Har bir oila a`zosiga o`rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo`lmagan oila ehtiyojmand deb hisoblanadi.
Nafaqa olish uchun fuqarolar yig`ini raisi nomiga tegishli ariza berish va unga quyidagi hujjatlarni ilova qilish zarur:
- belgilangan shakldagi oilaning tarkibi va daromadlari to`g`risidagi ma`lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
- bolaning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasi nusxasi.
Arizani oila ushbu nafaqani olish istagi bo`lgan oydan oldingi oyning 15-sanasidan kechiktirmay berish lozim.
Ariza mahallaning maxsus komissiyasi tomonidan ko`rib chiqiladi. Agar oila a`zolarining o`rtacha oylik jami daromad miqdori nafaqa tayinlanishini taqozo etsa, komissiya oilaning moddiy va mulkiy holatini tekshiradi. Shundan keyin nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to`g`risida qaror chiqariladi.






