25.11.2013 16:30
Diqqat markazda o`zbek kinosi masalalari
Unda deputatlar, kino arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari, san`at yo`nalishidagi oliy o`quv yurtlari talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi raisi A.Mamatov, «O`zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori J.Qosimovlar ishtirok etishdi.
Bugun sohaga qaratilayotgan doimiy e`tibor samarasida davlat va nodavlat studiyalari, kinoteatrlar, yangi tashkiliy tuzilmalar faoliyati keng yo`lga qo`yildi. Bu istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, milliy an`ana va qadriyatlarimiz, boy ma`naviy merosimiz, buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti aks ettirilgan asarlarni tomoshabinlarga taqdim etishda muhim omil bo`lmoqda.
Tadbirda xalqimiz, ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi aholiga ommaviy kino namoyish etishni keng yo`lga qo`yish masalasida o`z echimini kutayotgan dolzarb masalalarga e`tibor qaratildi. Jumladan, hozirgi kunda mulkchilik shakli turlicha bo`lgan 240 dan ortiq kinoteatrdan 112 tasida kino namoyishi muntazam yo`lga qo`yilgan.
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning tafakkuri, ma`naviyatini yuksaltirishda kino san`atining o`rni va ahamiyati beqiyos. Ammo, ayrim xususiy kinostudiyalarda yaratilayotgan ba`zi filmlarda mayda maishiy mavzularning ustuvorligi, adabiy til me`yorlariga rioya etmaslik, mazmunan sayozlik kabi kamchiliklar uchraydi.
Davra suhbatida sohadagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.