Gavayi orollarida majburiy qo`nishni amalga oshirgan quyosh energiyasi bilan ishlaydigan “Solar Impulse 2” samolyoti Oaxu orolidagi aerodromdan havoga ko`tarilib, er yuzi bo`ylab parvozini davom ettirdi.
Bertran Pikkard (Bertrand Piccard) boshqaruvidagi bu samolyot ayni paytda Shimoliy Amerika qit`asi bo`ylab parvozini davom ettirmoqda. Mazkur hisob bo`yicha 9-parvoz 62 soat davom etishi kutilmoqda. Bu dunyo bo`ylab safarga otlangan quyosh samolyotining shu paytgacha amalga oshirgan parvozlari ichida eng uzog`i emas.
“Solar Impulse 2”ning eng olis safari 117 soatni tashkil etgan. Shu vaqt ichida quyosh nuri bilan ishlaydigan ushbu samolyot Yaponiyadan Gavayigacha uchib kelgandi. Mazkur parvoz o`tgan yilning iyul oyida amalga oshirilgan. Unda uchoqni Bertran Pikkardning sherigi Andre Boshberg boshqargan.
Mazkur parvoz paytida samolyot motorlari haddan tashqari qizib ketgan va u Gavayi hududiga qo`nishga majbur bo`lgan. Bu erda samolyotning ishdan chiqqan batareyalari almashtirilgach, u yana o`nlab marotaba sinov parvozlarini amalga oshirgan.






