26.11.2013 00:09
O`zbekiston-Turkmaniston qator hujjatlar imzoladi
Turkmaniston rahbari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan 25 noyabr kuni etib keldi.
O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining bu galgi Toshkent uchrashuvi oliy darajadagi samarador va faol muloqotlarning mantiqiy davomi bo`ldi.
Oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan keyin Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedovning yakkama-yakka suhbatida O`zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga doir keng ko`lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Suhbat chog`ida mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, Turkmaniston rahbarining ushbu tashrifi o`zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik, yaxshi qo`shnichilik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur`at baxsh
etishi ta`kidlandi.
O`zbekiston va Turkmaniston BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida izchil hamkorlik qilib kelayotgani, mamlakatlarimizning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolarga yondashuvlari, qarashlari o`xshash va yaqin ekani qayd etildi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalarni ham muhokama etdilar.
Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlik strategiyasi hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan o`zaro kelishilgan pozisiya ishlab chiqish maqsadida oliy darajadagi uchrashuvlarni muntazam davom ettirishga kelishib oldilar.
Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokarani O`zbekiston va Turkmaniston rasmiy delegasiyalari a`zolari ishtirokida davom ettirdilar.
Ikki mamlakat o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratadi.
Keyingi besh yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobardan ziyodroq o`sib, 2012 yil yakunlariga ko`ra 450 million AQSh dollaridan ko`proqnitashkil etdi. O`zbekistonning Turkmanistonga eksporti mineral o`g`itlar, qurilish materiallari, poliz mahsulotlari, elektrik va mexanik uskunalar, transport vositalari, qora va rangli metallardan ishlangan buyumlar va turli sohadagi xizmat ko`rsatishdan iborat.
Turkmanistondan yurtimizga neft mahsulotlari, propilen polimerlari, sulfat kislota kabi tovarlar keltiriladi.
O`zbekiston tomoni 2012 yilda imzolangan O`zaro etkazib berish to`g`risidagi hukumatlararo bitim hamda 2013-2017 yillarga mo`ljallangan Iqtisodiy hamkorlik to`g`risidagi shartnomaga muvofiq ikki tomonlama savdo hajmini yanada oshirish va uni diversifikasiya qilish maqsadga muvofiq ekanini ta`kidladi.
O`zbekiston va Turkmaniston iqtisodiy hamkorligida transport kommunikasiyalari ustuvor jihat sanaladi. Ikki mamlakatning avtomobil va temir yo`llari yaxshi integrasiyalashgan tizim bo`lib, nafaqat O`zbekiston va Turkmaniston, balki uchinchi davlatlar uchun ham qulay tranzit majmui vazifasini o`tamoqda. 2013 yilning yanvar-sentyabr oylarida O`zbekiston hududidan Turkmanistonga tegishli 304,9 ming tonna yuk tashib o`tilgan bo`lsa, ushbu davlat hududidan yurtimizga qarashli 283,8 ming tonna yuk olib o`tildi. Transport kommunikasiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va o`zaro kelishilgan tarif siyosati yuritish ikki tomon salohiyatini to`liq yuzaga chiqaribgina qolmay, O`zbekiston va Turkmanistonning uchinchi davlatlar uchun jozibadorligini ham oshiradi.
O`zbekiston tomonining fikricha, Eronning Bandar Abbos va Turkiyaning Mersin bandargohlari yo`nalishi bo`yicha Turkmaniston kommunikasiyalarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish uchun tariflarni optimallashtirish, qulay preferensiyalar joriy etish maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, mamlakatlarimizning Fors ko`rfazi portlariga chiqishini ta`minlash uchun O`zbekiston-Turkmaniston-Eron-O`mon-Qatar xalqaro transport va tranzit yo`lagini barpo etish to`g`risidagi bitimni izchil va tizimli ravishda amalga oshirish zarur.
Mamlakatlarimiz xalqaro miqyosdagi yirik loyihalarni amalga oshirish borasida katta tajribaga ega.
2009 yilning dekabr oyida ishga tushgan Turkmaniston-O`zbekiston-Qozog`iston-Xitoy gaz quvuri buning yorqin tasdig`idir.
Muzokarada qo`shma korxonalar, milliy firma va kompaniyalar vakolatxonalarining sonini ko`paytirish masalalari ham muhokama qilindi. Masalan, Ashxobod shahrida O`zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotish va ularga xizmat ko`rsatish bo`yicha Turkmaniston-O`zbekiston qo`shma korxonasi faoliyat ko`rsatmoqda. Xo`jalik sub`ektlari o`rtasidagi to`g`ridan-to`g`ri hamkorlikni rivojlantirish yo`lidagi amaliy qadam bo`lgan mazkur korxona ikki mamlakat bu borada talay imkoniyatlarga ega ekanini namoyon etadi.
Turkmaniston tomoni “Navoiy”, “Jizzax”, “Angren” iqtisodiy zonalari bilan tanishtirildi.
Muzokarada agrosanoat majmui sohasidagi hamkorlik to`g`risidagi hukumatlararo bitimni to`liq amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Bu bitim qishloq xo`jaligi texnikasi etkazib berish, paxtachilik va g`allachilik, o`simliklarni kimyoviy va biologik himoyalash, seleksiya, kadrlar tayyorlash bo`yicha hamkorlikni yanada kengaytirishni nazarda tutadi.
Muzokarada sayyohlik sohasida mamlakatlarimiz ulkan imkoniyatlarga ega ekani ta`kidlandi. “Buyuk ipak yo`li” sayyohlik loyihasi doirasida kombinasiyalashgan sayohatlar tashkil qilish orqali bu sohadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo`shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari o`rtasida Madaniy-gumanitar sohada 2014-2016 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi, Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik to`g`risidagi bitim, Jinoiy yo`l bilan orttirilgan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida hamkorlik to`g`risidagi bitim imzolandi.
Shuningdek, ikki mamlakatning kimyo sanoati va turizm kompaniyalari, axborot agentliklari, tovar-xomashyo birjalari o`rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar ochiq, o`zaro ishonch va hurmat ruhida, ishchan kayfiyatda o`tganini, erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta`kidladilar. O`zaro munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash borasida manfaatlar va qarashlarning mushtarakligi, shuningdek, muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan pozisiya va yondashuvlar o`xshash va yaqinligi yana bir karra o`z tasdig`ini topgani qayd etildi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O`zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.