AsosiySUG'DIYONA

QADDINGIZNI TIK TUTIB YuRIShINGIZ UChUN 9 TAVSIYa !

'QADDINGIZNI TIK TUTIB YuRIShINGIZ UChUN 9 TAVSIYa !'ning rasmi

«O`smir yoshidagi qizimda balog`at davriga xos o`zgarishlar kuzatilayapti. Ahamiyat bersam, qaddini bukchaytirib yuribdi. Tik yurishga o`rgatolmayapman. Nima maslahat berasiz?»

Muslima, Xorazm viloyati

Muammoning echimi haqida oliy toifali shifokor ortoped Baxtiyor AZIMJONOV tavsiyalari bilan tanishamiz.

ENG ODDIY QOIDA

Umurtqa to`g`ri bo`lishi uchun gavdani tik tutishgaodatlanish shart. To`g`ri, oson bo`lmaydi, kuraklaringiz og`rishi, yurganda, o`tirganda noqulaylik tug`ilishi mumkin. Biroq osteoxondroz yoki skolioz orttirib olgandan ko`ra shunisi ma`qul.

O`TIRGAN HOLATDA

Kursi tagligi yumshoq bo`lmasligi lozim. Balandligi esa gavdani tik tutishga mos kelishi kerak. Agar kursi suyanchig`i bo`lsa, umurtqaning o`rta qismiga kichik yostiqcha joylab, so`ng suyanib o`tirish mumkin. O`tirgan holatda oyoqlarni bir-biriga muntazam chalishtirish tavsiya etilmaydi. Bu holat tos suyagi faoliyatiga ta`sir etadi. Oyoqlarni elka kengligiga mos ravishda, to`g`ri joylatirish zarur.

XIROM AYLAB YuRAMIZ...

Qadam tashlaganda elkalar oldinga, kurak xiyol egilgan, qorin tashqariga chiqqan ko`rinishda bo`lmasligi uchun to`g`ri harakatlanish texnikasini o`rganing. Buning uchun oyoqlarni o`rtacha kattalikda ochib, qadam tashlash maromi bir tekisda bo`lishi kerak. Oyoq kengligining juda katta bo`lishi yoki mayda qadam tashlab harakatlanish noto`g`ri. Yurganda oyoqni ko`tarib bosish ham muhim.

RAQSMI YoKI SPORT?

Qomat rasoligi uchun raqs mashg`ulotlari bilan shug`ullanish mumkin. Eng ma`quli esa suzish, konkida uchish, aerobika va akvaaerobika sport turlaridir. To`g`ri, mashg`ulotlarni bolalikdan boshlagan ma`qul. Biroq o`zingiz istasangiz, albatta, buning erta-kechi bo`lmaydi.

ORTOPEDIK TO`ShAK

Hamyoningizga og`irlik qilmasa, maxsus ortopedik to`shak (matras) xarid qilishingiz mumkin. Hozirda bu turdagi to`shaklarning xilma-xil ko`rinishlari bor. To`shak qattiq va tekis bo`lgani durust. Yostiq biroz qattiq, o`rtacha balandlikda bo`lsa, ayni muddao. Yumshoq ko`rinishdagilari esa tavsiya etilmaydi.

QORIN ChIQIB KETADIMI?

Ma`lumotlarga ko`ra, umurtqa bukchaygan holatga moslashib qolsa, qorin mushaklari sustlashib ketadi. Zero, elka tekis tutilganida qorin mushaklari o`z-o`zidan ichga tortiladi. Agar gavdangizni tik tutmasangiz, qorinni yo`qotish uchun parhez ushlashdan foyda yo`q.

POYABZALGA BOG`LIQMI?

Baland poshnali poyabzalda qomatni tik tutish osonroq. Chunki muvozanatni ushlash uchun istaysizmi-yo`qmi, gavdangiz to`g`ri va tekis bo`lishi kerak. Umurtqaga og`irlik tushmasligi uchun poyabzal balandligi 4 sm.dan oshmasligi kerak. Ana shunda qadam tashlaganda gavda oldingan bukchayib ketmaydi. Organizmda qon aylanishini ham muvozanatda bo`ladi.

HAR KUNGI MAShQLAR

Uyqudan uyg`ongach, engil jismoniy mashqlarni bajarib, umurtqa suyaklarini harakatga keltiring. Turnikda tortilish, tik turgancha elkalarni harakatlantirish hamda qo`llarni birlashtirib, gavdani xiyol ortga tashlash mashqlari maqsadga muvofiqdir.

UDDALAYSIZ!

Har kuni 1-2 soat gavdani tik tutib yurishni mashq qiling. Mashq orasida 30-35 daqiqalik tanaffus qilish mumkin. Ammo juda bo`shashib ketmang. Kurakda og`riq yuzaga kelmasligi uchun elkaga zo`riqish bermaslikka harakat qiling. Mashqni avval 1-2 soat davomida bajaring, so`ng yarim soatdan qo`shib borishingiz mumkin.

MARJONA tayyorladi.
Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Boshqa yangiliklar