Dunyoga mashxur izquvarlar Erkyul Puaro va miss Marpl obrazlarini yaratgan detektivlar qirolichasining 68 ta romani, yuzdan ortiq hikoyalari, 17 ta pesasi chop etilgan bo`lib, ular 107 tilga o`girilgan.
Tortinchoq qizaloq
Agata Meri Klarissa Mallouen Miller Angliyaning janubiy sohilida joylashgan Torki shahrida 1890 yilning 15 sentyabrida dunyoga keldi. Viktorian davrining eng so`nggi davriga hos, tartibli oilaning kenjatoyi Agata akasi va opasidan tortinchog`ligi, uyatchanligi, kamgapligi bilan ajralib turardi. Agataning g`am-tashvishlardan xoli bolaligi Eshfilddagi uylarida o`tdi. Qizaloq o`sha paytdagi barcha qizlar singari uyda ta`lim olgandi. U o`z davrasidagi barcha qizlar kabi kashta tikish, xusnixat, mandolina va pianino chalish kabi ilmu hunarlarni mukammal egalladi. Eng yoqtirgan ishi – kitob o`qishiga ham hech kim to`sqinlik qilmasdi. “Eshfilddagi osuda hayotimiz – baxtli bolalagim timsolidir” deb xotirlardi Agata Kristi ko`p yillardan so`ng.
Eshik orqasidagi hayot
1901 yilning noyabr oyida otasi Fred Miller o`pkasi shamollab, kutilmaganda vafot etadi. O`n bir yoshli Agata “eshik orqasida boshqa, unchalik ham yoqimli bo`lmagan hayot” borligini angladi. Onasi hech kim bilan gaplashishini istamay haftalab xonasidan chiqmas, opasi turmushga chiqqan, otasining erkatoyi bo`lib yurgan akasi alm ustida ko`ngillilar safiga yozilib, Hindistonga otlandi. Bu ham etmagandek, otasi vafotidan keyin ularning moliyaviy ahvollari aunchalik ham yaxshi emasligi aniqlandi va qarindosh-urug`ning yordami bilangina mol-mulklari sharmandalarcha sotilib ketishidan asrab qolindi. Aynan shu kezlari Agata haqiqiy ledilardek o`zini tutishni o`rgandi. “Osmon boshingga qulasa ham tabassum qilishni unutma” deb takrorlardi u o`ziga o`zi. O`sha paytda u haqiqiy aslzoda bo`lish bu – chiroyli ko`ylaklar kiyish degani emas, balki taqdir zarbalarini hotirjam va viqor bilan qabul qilish, qadrdonlarni sevish va chidashga kuchi qolmaganida ham nolimaslik ekanini tushungandi.
Birinchi va ikkinchi muhabbat
Tez orada oilaviy kengash Agatani ta`lim va tarbiya olishi uchun pansionatga jo`natishga qaror qildi. Parijdagi miss Drayden pansionatida o`tgan ikki yil qizni butkul o`zgartirdi. U endi malla soch, moviy ko`z sohibjamolga aylangandi.
Ona shahriga qaytgach, bo`lajak yozuvchimiz davralarning haqiqiy malikasiga aylandi. Agataning qo`lini so`ragan yigitlarning son-sanog`i yo`q edi. Qiz ham uzoq o`ylanib o`tirmadi. Yoshgina harbiy yigit Redjenald Luisning taklifini qabul qildi, biroq kuyov bo`lmish masalaga jiddiy yondoshib, darrov uylanishni istamadi, yaxshilik tayyorgarlik ko`rib, to`yni ikki yildan keyin o`tkazishlarini aytdi. Bu uning hayotidagi eng katta xato bo`lgan bo`lsa ajab emas. Negaki, bir necha oy o`tib-o`tmas, Agata Archibald Kristi ismli ofiserni sevib qoldi va Reji bilan unashtiruvini bekor qildi. “Mendan yuz o`girganingizga emas, mendan ham battar Sizga tayanch bo`lolmaydigan insonga turmushga chiqayotganingiz men uchun katta zarba bo`ldi” deb yozgandi Redjenald xatida. Haqiqatan ham Archibld Kristi bilan baxtli bo`lishi uchun to`y qilishga pul topilmayotgandi xolos. Biroq Birinchi Jahon urushi boshlanib qolib, yoshlarning hashamatli to`y haqidagi rejasi o`zgardi. Kuyov nikohni rasmiylashtiirish uchun atigi sakkiz funtgina qarz berib turadigan oshnasini topishi zahoti sevishganlar kichkinagina cherkovda nikohdan o`tishdi-qo`yishdi.
Urush, ayriliq, gospital va zaharlar
Erini urushga kuzatgan Agata Torkidagi goaspitalda ishlarkan, har kuni o`lim va yaradrlarning azoblarini ko`rib ezilar, o`zini ovuntirish, yolg`iz kechalarini to`ldirish uchun Agata detektiv yozishga kirishdi. U bu ishini opasi Medjga taqlidan boshlagan degan gaplar ham yuradi. Axir o`sha paytda opasining bir-ikki hikoyasi davriy nashralarda chop etilgan edi-da. Urush payti Angliyada Evropaning boshqa davlatlaridan kelgan harbiylar ko`p edi. Shu bois Kristining hikoyalarida mashhur belgiyalik izquvar Erkyul Puaro paydo bo`ldi.
Gospital dorixonasiga ishga o`tkazilgach zaharlarning tarkibi va xususiyatlari to`g`risidagi bilimlarga ega buldi. “Staylzdagi sirli jinoyat” detektiv asarining qo`lyozmasini bir nechta nashriyotlarga yuboradi. Ettita nashriyotdan bittasigina uni chop qilishga rozi bo`ldi. Biroq urush tugadi va Agata hech ikkilanmay, yozuv-chizuvlarini yig`ishtirib, nihoyat o`zi orzu qilganidek sokin oila davrasiga qaytdi. 1919 yili Agata farzand ko`rdi. Qizalog`ining ismini Rozalinda deb qo`yishdi. Ular namunali oilalardan biri bo`lib umrguzaronlik qila boshlashdi.
Erkyul Puaro uning oilasini barbod qildi?!
1920 yili 2000 ming nusxada chop etilgan kitobiga gonarar sifatida atigi 25 funt olgan bo`lsa-da, kitobi o`quvchilarini topdi. 1922 yili esa Buyuk Britaniyaning koloniyalari nazorati bo`yicha maxsus missiyasiga maslahatchi qilib tayinlangan eri bilan “dunyoning nargi chekkasiga” otlandi. Gavay orollari, Yangi Zelandiya... Dunyo bo`ylab sayohatga Erkyul Puarosini olib ketgan Agata tinmay ijod qilardi. O`zining aytishicha, kashta tikayotganida yangi syujetlar miyasiga kelar, idish yuvayotganida esa qotillik sahnalarini o`ylab topardi. Ilhom parilari qurshovida qolgan Agata oila jar yoqasiga kelganini bilmasdi. Golf ishqibozi Archi kunu tun o`yin bilan ovora bo`lib, xotining dunyoga mashxur yozuvchi bo`lib ketganini sezmaganidek, Agata erining unga munosababti qanchalar o`zgarganini payqamay qoldi...
Agata Kristining sirli yo`qolishi
1926 yil Agataning hayotini ag`dar-to`ntar qilib yubordi. Onasi vafot etdi, akasi haqida giyovand degan gap chiqdi, noshirlar yozuvchini klassik detektiv qonunlarini buzganlikda (asarni qotil nomidan yozishda) ayblashdi, eri esa golf o`yinidagi sherigi, boshlig`ining kotibi Nensi Nilni sevib qolganiga iqror bo`ldi.
Bu mudxish voqealar girdobida esankirab qolgan Agata Kristi yo`qolib qoladi. O`n kun davomida polisiya mashxur yozuvchini qidiradi, ammo topolmaydi. Jurnalistlar detektiv qirolichasining sirli g`oyib bo`lgani haqida olamga jar solishadi. Keyin bilishsa, u Tereza Nil nomi bilan mehmonxonalardan biriga joylashadi, mehmonxonadagi go`zallik saloniga borib, o`ziga oro beradi, kutubxonaga kirib mutolaa qiladi, pianino chaladi, xullas o`zini xafa qilmaydi. Bu paytda esa erini polisiyachilar qotillikda gumon qilib, so`roqqa tutishadi. O`n birinchi kuni u o`z uyiga, avvalgidek, xotirjam va kuch-g`ayratga to`lib kirib keladi. Jurnalistlar bir ovozdan bu uning yangi “Rojer Ekroydning qotilligi” asarining o`ziga xos reklamasi bo`lgan deb, shov-shuv ko`tarishadi. O`sha paytlari jurnalistlar Agata Kristining joniga shunchalar tegib ketishgandiki, u umri davomida biror marta boshqa intervyu bermadi.
Agata bir yilcha oilasini saqlab qolish uchun kurashadi. Erining hiyonatida o`zini ayblaydi, hatto. Axir tuzuk e`tibor bermagandirki, u boshqa ayolga qaragan bo`lsa, buning ustiga jajji Rozalindani ham otasiz qoldirish yaramaydi. Biroq darz ketgan munosabatlarni butlashning imkoni bo`lmadi, ikki yildan so`ng ular rasman ajrashdilar.
Va nihoyat, baxt!
Shundan so`ng Agata “Sharq ekspressi” poezdiga o`tirdi-yu, “hayu huyt” degancha Yaqin Sharq matalakatlariga sayohatga otlandi. Mashxur yozuvchini hamma yoqda hurmat-ehtirom bilan kutib olishardi va qadimgi eron obidalarini tomosha qilishni ixtiyor etganida unga shu sohaning eng etuk bilimdoni Maks Mellounni yo`l ko`rsatuvchi qilib berishadi. 1930 yili Agata o`zidan 14 yosh kichik zukko tarixchi olimga turmushga chiqadi. Biroq ularning yoshlaridagi farq ularning baxtli oila qurishlariga to`sqinlik qilmaydi. Bu haqda gapirarkan, hazil qilardi: “Maks – arxeolog. Arxeologlar qadimgi narsalarni yaxshi ko`rishadi. Men qariganim sari u menga shunchalik ko`p qiziqaveradi”. Agata Kristi deyarli o`ttiz yil davomida arxeologik ekspedisiyalarda turmush o`rtog`iga hmrohlik qildi.
Bu nikoh uning ijodiga ijobiy ta`sir qiladi. Nihoyat, Agata barcha orzu qilgan narsalariga erishadi – mustahkam oila, sahyoatlar, unga shuhrat keltirgan kitoblar. Keyingi yillarda u bir yilda bitta, ba`zan ikkita kitob chiqarardi. Bundan tashqari, ko`plab radio- va telepostanovkalar, kinofilmlar ssenariylari, pesalar yozardi.
Agata Kristi hayotining oxirgacha g`ayratini yo`qotmay, yangi-yangi g`oyalar bilan to`lib toshib yashadi. 1958 yili u detektiv janrida qalam tebratuvchi yozuvchilar klubining raisi etib tayinlanadi va bu lavOzimda umrining so`ngigacha ishladi.
Nazokat ABDUQUNDUZOVA tayyorladi.






