Qahvaning nima ekanligi barchaga yaxshi ma`lum. Ko`pchilik uni sevadi, ayrimlar esa bu ichimliksiz, umuman bir kunini ham tasavvur qila olmaydi. Ammo qahva nafaqat xush ifor taratuvchi, odamning kayfiyatini ko`tarib, tetiklashtiruvchi ichimlik, balki bekalarga ro`zg`orda yaxshigina asqotadigan vosita hamdir.
- Yoqimsiz hidlarni yo`qotadi. Bo`z xaltacha (bir necha qavat buklangan doka)ga avvaldan yaxshilab quritib olingan qahva quyqasini solib, noxush hidlar yuzaga kelishi ehtimoli bo`lgan joylarga osib qo`ying. Masalan, javon yoki omborxonaga. Oyda bir marta xaltachani va uning ichidagi quritilgan kaxva quyqasini yangilab tursangiz, kifoya. Badbo`y is haqida, umuman unutasiz. Bordiyu haftada bir marta quritilgan qahva quyqasini muzlatgichning tokchalariga sepib qo`ysangiz, faqatgina yomon hidlar yo`qolmay, balki masalliqlarning hidi xam bir-biriga utib qolmaydi. Agar qahvaning quyqasini bir necha qavat dokaga o`rab, choyshablar orasiga qo`ysangiz, ular beqiyos iforga ega bo`ladi va uyqu oldidan sizga ajoyib hislar chulgab oladi. Mabodo baliq tozalagan bo`lsangiz, qahvaning quyqasi bilan qo`llaringizni yaxshilab ishqalang. Noxush hiddan asar ham qolmaydi.
- Idishlarni tozalaydi. Buvilarimiz tog`ora, samovar, choynak-piyolalarni qum bilan tozalashgan. Ammo qahvaning quyqasi ham ushbu vazifani a`lo darajada bajara oladi. Agar u bilan kuldonni tozalasangiz, tamakining hidi ham yo`qoladi. Buning uchun bir choy qoshiq qahva kukuniga ozgina suv qo`shib, bo`tqa hosil qilasiz va kuldonni u bilan ishqalaysiz. Ikki daqiqadan so`ng yuvib tashlaysiz. Kuldon yangidek bo`ladi-qoladi.
- Hasharotlardan himoya qiladi. Zararkunandalar qahvaning isini o`lgudek yomon ko`rishadi. Shuning uchun yaxshilab quritilgan qahvaning quyqasini hasharotlar ko`p uchraydigan joylarga sepib qo`yish lozim. Shunda oradan bir kun o`tmasdan, ular o`zlariga boshqa «tinchroq» boshpana izlab, uyingizni tark etishadi. Masalan, oshxonadagi chumolilardan shu usul bilan qutulish mumkin.
- Tanamiz va sochlarimizni parvarishlaydi. Qahva quyqasini badanimizga va sochlarimizning ildizlariga surtamiz. 3-4 daqiqadan so`ng yuvib tashlaymiz. Qahva quyqasi do`kondan sotib olingan skrab yoki shampundek natija beradi. Ya`ni terini tozalaydi, quruq va nozik sochlarni namlantirib, ildizini mustahkam qiladi.
- O`simliklarni oziqlantiradi. Tomorqangiz bo`lsa, qahvaning quyqasidan ekinlar uchun o`g`it sifatida foydalanishingiz mumkin. Ayniqsa, rediska va sabzi etishtirayotganda qahvaning quyqasi juda yaxshi samara beradi. Qahva bilan oziqlangan o`simlik tez hosilga kiradi. Matolarni bo`yaydi. Shuningdek, qog`ozni ham. Buning uchun qahvaning quyqasini bir necha qavat dokaga o`rab, qaynoq suvga solib qaynatasiz. Keyin o`sha idishga bo`yalishi lozim bo`lgan narsani 15-20 daqiqaga solib qo`yasiz.
- Teridan ishlangan kiyimlarni yaltiratadi. Agar toza teridan ishlangan qora yoki jigar rang sumkangiz va yo plashingiz o`zining ohorini yo`qotgan bo`lsa, qahvaning quyqasi ularni «davolaydi». U tabiiy (hatto sun`iy) terining cho`ziluvchanligini a`lo darajada tiklaydi. Nam qahvaning quyqasini bir necha qavat dokaga urab, teridan ishlangan buyumingizni arting. Undan yana bir mavsum davomida bemalol foydalanishingiz mumkin.
- Jihozlarning sirtini yangilaydi. Mayda tuyilgan qahvaning ustiga oz miqdorda qaynoq suv quyib, bo`tqa holiga keltiring. Aralashmani yog`och mebelning qirilgan joylariga ehtiyotkorlik bilan surting. Qirilgan joylar yangidek yaltiraydi.
- Davolaydi. Qahva ko`pgina dorilarning o`rnini bosadi xam. Ayniksa, shamollashlarda. Qahvali ingalyasiyalar har qanday doridan tezroq ta`sir qiladi. Buning uchun bir idishda qaynab turgan suvga 3 osh qoshiq qahvaning kukunini solib aralashtiring. Keyin boshingizni katta sochiq bilan yopib idishga karab engashing. 15 daqiqa davomida ko`tarilayotgan hovurdan nafas olishingiz shart. Qahvaning bug`i burun va tomoqdagi shishlarni qaytaradi, uning tarkibidagi efir moylari esa, sizga tetiklik baxsh etadi. Siz uning foydasini ilk ingalyasiyadayoq xis etasiz. Ammo muolajani kamida 5-7 kun davom ettirish kerak.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi






