AsosiySUG'DIYONA

KO`KRAKLAR SALOMATLIGI UChUN XAVFLI 6 OMIL

'KO`KRAKLAR SALOMATLIGI UChUN XAVFLI 6 OMIL'ning rasmi

Quyosh nuri ta`siri

Tanamizning boshqa a`zolaridan farqli ravishda ko`krakning sut bezi to`qimasi teri osti kletchatkasi bilan qoplanmagan. Shu bois quyosh nurining ta`siriga uchrashi mumkin. Yoz mavsumida cho`milish havzalarida cho`milish kiyimidan foydalanamiz. Mutaxassislar, bu vaqtda sut bezlariga ziyon bo`lmasligi uchun ko`krak terisiga quyoshdan himoyalovchi krem surtishni tavsiya etishadi. Shu bilan birga, quyoshda ko`p toblanish ham mumkin emas.

Gormonal o`zgarishlar

Organizmda progesteron gormoni kamayib ketsa, endokrin tizim faoliyatida ham o`zgarish bo`ladi. Bu esa ko`kraklarda og`riqni keltirib chiqarashi mumkin. Odatda bu turdagi og`riq hayz oldi holati, mastopatiya, homiladorlikdan saqlanish uchun ichiladigan dori preparatlarini qabul qilish yoki menapauza davrlarida sodir bo`lishi mumkin. Ko`krakdagi og`riq tez-tez takrorlansa, albatta, mutaxassisga murojaat qiling.

Qahva, shokolad, gazlangan ichimliklar

Evropa saratonga qarshi kurashish tashkilotining ma`lumotiga ko`ra muntazam kofeinga boy mahsulotlarni iste`mol qilish, ya`ni bular, qahva, shokolad, ayrim turdagi gazlangan ichimliklar ko`krak sohasida turli o`zgarishlarga olib kelishi mumkin. Ushbu mahsulotlar tarkibida metilksantinlar bo`lib, to`qimalarda suyuqlik yig`ilib qolishiga olib kelishi mumkin. Bu esa hayz oldi ko`kraklarda og`riq paydo qiladi.

Yod miqdorining kamligi

Bu modda qalqonsimon bez faoliyati uchun g`oyat muhim. Qalqonsimon bezning esa ko`krak bezlari bilan bog`liqligi borligini yaxshi bilasiz. Yod taqchilligi yuzaga kelmasligi uchun yodlangan osh tuzidan foydalanish kerak. Dengiz suv o`tlari hamda mahsulotlaridan ham tez-tez iste`mol qilib turing.

Korreksiyalovchi ichki kiyimlar

Puch-up turiga mansub siynabandlar ko`krak hajmini kattalashtirish uchun foydalanilsa-da, uzoq muddat ishlatilganida sut bezlari faoliyatiga ta`sir qiladi. Ya`ni maxsus «yostiqchalar» sut bezlari, limfa tugunlarini siqib qo`yadi. Bu esa og`riqni keltirib chiqaradi. Zaruriyat yuzasidan bu turdagi siynabandlarga murojaat qilish mumkin. Biroq muntazam foydalanish tavsiya etilmaydi.

Asab zo`riqishi...

Evropalik olimlarning olib borgan tadqiqotlariga ko`ra asab zo`riqishlari, stress, shaxsiy hayotidan qoniqmaslik hayz oldi holatidagi bezovtaliklarga, keyinchalik esa mastopatiyaga olib kelishi mumkin. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida tinchlantiruvchi dorivor o`simliklardan tayyorlangan damlamalar tavsiya etiladi.

Manba: « Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar